Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 03:37

Senatda oziq-ovqat xavfsizligiga oid qonun ma’qullandi


Senat majlislaridan biri (illyustrativ surat)
Senat majlislaridan biri (illyustrativ surat)

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi yalpi majlisida senatorlar “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishgan.

Yuqori palata matbuot xizmati qaydicha, qonundan maqsad mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

“Qonun normalari aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi”, deyilgan xabarnomada.

Hujjat bilan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Shuningdek, qonunda davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishi qayd etilgan.

Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakolatli davlat organi sifatida belgilangan.

Vazirlikka respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi vakolatlar beriladi.

Qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.

Muhokama ortidan senatorlar mazkur qonunni ma’qullashgan.

Oziq-ovqat xavfsizligiga oid qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonda kartoshka narxi keskin oshib borayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Tahlilchilar kartoshka narxi ko‘tarilishini Qozog‘istonning O‘zbekistonga kartoshka eksportini olti oyga to‘xtatishga oid qarori bilan bog‘lashmoqda. Bu haqda Ozodlik 23-yanvar kuni tahliliy maqola chop qilgan edi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston import qilgan kartoshkaning deyarli 75 foizi Qozog‘istondan olib kelingan.

XS
SM
MD
LG