Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:19

Seul noqonuniy o‘zbek muhojirlariga yana muhlat berdi


Janubiy Koreya poytaxti Seud ko‘chalaridan biri (illyustrativ surat)
Janubiy Koreya poytaxti Seud ko‘chalaridan biri (illyustrativ surat)

Janubiy Koreyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar uchun “yashil yo‘lak” orqali mamlakatdan chiqib ketish muddati 2025-yilning 31- yanvarigacha uzaytirildi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

“Yashil yo‘lak” loyihasi muddati 30-noyabr kuni tugashi lozim edi. Migratsiya agentligining Seuldagi vakolatxonasi va Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida mazkur muddatni uzaytirishga kelishilgan.

Koreya qonunchiligiga muvofiq, mamlakatda noqonuniy ishlab, yashab yurgan shaxslar quyidagi miqdorda jarima to‘laydi:

• 1 oydan kam bo‘lsa 1 million von (716 dollar);

• 1 oydan 3 oygacha 1,5 million von (1074 dollar);

• 3 oydan 6 oygacha 2 million von (1432 dollar);

• 6 oydan 1 yilgacha 4 million von (2864 dollar);

• 1 yildan 2 yilgacha 7 million von (5012 dollar);

• 2 yildan 3 yilgacha 10 million von (7160 dollar);

• 3 yildan 5 yilgacha 20 million von (14321 dollar);

• 5 yildan 7 yilgacha 25 million von (17902 dollar);

• 7 yildan ko‘p bo‘lsa 30 million von (21482 dollar).

Migratsiya agentligi qaydicha, ko‘rsatilgan muddat ichida Koreyani ixtiyoriy tark etgan noqonuniy muhojirlar jarimadan ozod etiladi va keyinchalik Koreyaga qayta kirishi yengillashadi.

Belgilangan muddatdan so‘ng Janubiy Koreyada qolganlarga nisbatan esa katta miqdorda jarima (har bir oy uchun 2000 dollar) va mamlakatga qayta kirishga taqiq qo‘llanadi.

Avvalroq migratsiya idorasi Koreya Respublikasida 92 ming nafar o‘zbekistonlik qonuniy, 9000 nafari esa noqonuniy tarzda yashab kelayotganini ma’lum qilgandi.

Seul hukumati muayyan davlat fuqarolarining 10 foizidan ortiq qismi noqonuniy maqomda bo‘lsa, o‘sha davlat fuqarolariga viza cheklovi joriy etadi.

Ozodlik Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning joriy yil iyunida O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida yigirmaga yaqin hujjat, jumladan, Malakali va professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagani, davlat rahbarlari muzokaralarida mehnat migratsiyasiga doir takliflar ko‘rib chiqilgani haqida xabar qilgan edi.

Ozodlik jurnalistlarining Janubiy Koreyada yurgan o‘zbeklar hayoti haqida hikoya qiluvchi filmini quyida tomosha qilishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG