Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2021, Тошкент вақти: 20:33

“Sharoit yetilgani yo‘q”. Ekspert – Belarusda 1 - noyabrga belgilangan umummilliy ish tashlash haqida


Belarus ishchilar birlashmasi raisi Sergey Dilevskiy 1 - noyabr kuni mamlakatda umummilliy ish tashlash boshlanishini e’lon qilib, aholini ishga chiqmaslikka chaqirdi. Bu – siyosiy mahkumlarni ozod etish, ish haqlarini oshirish va muxolifat kuchlari bilan muzokaraga kirishish kabi talablar Belarus hukumati tomonidan bajarilmayotganiga nisbatan jamoatchilik reaksiyasidir.

Ammo “Rabochi rux” ishchilar harakati asoschilaridan biri bo‘lmish Gleb Sandros yalpi ish tashlash e’lon qilish uchun hali sharoit pishib yetilmagan deb hisoblaydi.

“Hammasi juda oddiy. Odamlar tayyor emas. Ish tashlash uchun ikki omil bo‘lishi mumkin – siyosiy va iqtisodiy. Siyosiy omil ish bermadi, ko‘rdik, iqtisodiy omilga kelsak, Belarus iqtisodiyoti hali “minus”ga kirgani yo‘q: odamlar nisbatan yaxshi ish haqi olishmoqda, shu bois non talab qilib ko‘chaga chiqish fursati yetgani yo‘q, deb hisoblayman”, deydi u.

Sandros Belarus ishchilar birlashmasi rahbarlarining tashabbusini “falstart va paxtavon o‘q otish” deb ataydi va bu qatag‘onlarning yangi to‘lqinini boshlab berishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytadi.

Gleb Sandrosga ko‘ra, “Rabochi rux” birlashmasi ish tashlashga hozirlik ko‘rish, rejalashtirish va umuman, harakat strategiyasi tamoman boshqacha.

“Bizning platformamiz xavfsiz, u odamlarning birlashishiga, so‘zda emas, amalda uyushishiga imkon beradi. Ish tashlashga tayyor yetarlicha odam to‘plashimiz bilan harakatga kirishamiz. Bu raqam hech kimga sir emas – 138 ming yoki iqtisodiyotda band aholining 3.5 foizi. Bu miqdor bir vaqtda boshlanadigan ish tashlash muayyan natija berishi uchun kifoya qiladi”, deydi u.

Sandros mamlakatdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lmish “Belaruskaliy”dagi vaziyat va ishchilarning kayfiyati haqida gapirarkan, ular 1 - noyabr kuni ish tashlamoqchi emasligini bildirgan. Uning aytishicha, ishchilar 8 - dekabr sanasini kutishmoqda – xuddi shu kuni Qo‘shma Shtatlarning Belarusga qarshi iqtisodiy sanksiyalari kuchga kiradi.

“Hozir odamlar maoshlaridan oz-moz orttirib, ishsiz va pulsiz qoladigan kunlarga hozirlik ko‘rishmoqda. Sh bois aytamanki, ish tashlashga qulay fursat kelgani yo‘q. Men korxonadagi ko‘p eski hamkasblarim bilan gaplashdim. Hech biri yaqin kunlarda ish tashlashni o‘ylayotgani yo‘q”, so‘zida davom etadi Sandros.

“Rabochi rux” birlashmasi rahbari Belarus korxonalari qachon inqirozga yuz tutishi va ish tashlash uchun haqiqatda qulay sharoit paydo bo‘lishi xususida o‘z taxminini aytdi.

“Vaziyatni jiddiy tahlil qiladigan bo‘lsak, bu yilni Belarus iqtisodiyoti bir oz “plyus” yoki nol natija bilan yakunlaydi. Ammo kelgusi yil qiyin bo‘lishi aniq. Ana o‘shandagina ish tashlash uchun ta’sirchan iqtisodiy shart-sharoit yuzaga keladi”, xulosa qiladi Sandros.

XS
SM
MD
LG