O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytgan. Bu haqda 29-aprel kuni ertalab prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lumot tarqatdi.
Ozodlik avvalroq prezident matbuot xizmati ma’lumotiga tayangan holda Shavkat Mirziyoyev 22-apreldan qisqa muddatli ta’tiliga chiqqani haqida xabar qilgan edi. O‘shanda bu ta’til qancha davom etishiga aniqlik kiritilgan emas.
Mirziyoyev ta’tilda bo‘lgan paytda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘ulistonga safari doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan, biroq uning O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashib-uchrashmagani haqida hech qanaqa rasmiy ma’lumot tarqatilmagan. Ayni paytda Kemeron mintaqaning boshqa mamlakatlarida bo‘lgan chog‘ida davlat rahbarlarining barchasi bilan uchrashgani ma’lum.
Yangi hafta boshidan ishga qaytgan Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni prezident maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglashi bildirilgan.