Shaxmatchi Afruza Hamdamova yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yana bir tarixiy natijaga erishdi, deya ma’lumot tarqatdi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi.
O‘n besh yoshli Afruza Braziliyada 28-oktyabrdan 10-noyabrga qadar bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi FIDE jahon chempionatining 16 yoshgacha qizlar bahslarida muddatidan oldin chempion bo‘ldi.
U 11 ta partiyadan 10,5 ochko to‘plagan (10 ta g‘alaba va 1 durang).
Bu Samarqand shaxmat maktabi tarbiyalanuvchisi Afruza Hamdamovaning ikkinchi bor shaxmat shohsupasiga ko‘tarilishidir. U 2023-yilda Italiyada o‘tkazilgan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham g‘olib chiqqan va ayollar orasida o‘zbekistonlik birinchi jahon chempioniga aylangan edi.
Unga qadar Gulruhbegim Tohirjonova va Bahora Abdusattorova qo‘lga kiritgan kumush medal mamlakat shaxmatchi ayollari erishgan eng yuqori natija bo‘lgan.