Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 03:59

Sherali Jo‘rayev va Sanjay “Karvon” qo‘shig‘i ustidan sudlashadigan bo‘ldi


Sherali Jo‘rayev

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Sanjay (San Jay) taxallusi bilan ijod qiladigan xonanda Sanjar Javberdiyev “Karvon” qo‘shig‘ini mualliflar ruxsatisiz ijro etgani yuzasidan akt tuzib, joriy haftada ishni sudga oshirdi.

Ozodlik bilan suhbatda agentlikning ismi ochiqlanishini istamagan vakili (ismi Ozodlikka ma’lum - tahr) ayni holatda mualliflik huquqi "qo‘pol ravishda buzilgani"ni urg‘uladi.

“Aktni men tuzdim. Hech kimning tarafida emasman, faqat qonun tarafidaman. “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga ko‘ra, qo‘shiq faqat muallifning roziligi bilan ijro qilinadi. Lekin Sanjar Jovberdiyev qo‘shiq ijrochisi Sherali Jo‘rayevdan va qo‘shiq matnini yozgan shoir Usmon Azimdan izn olmay, “Karvon” qo‘shig‘ini ijro qilgan. Mualliflik huquqi jiddiy ravishda buzilgan. Bu yuzadan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy ishlar bo‘yicha qo‘shiqchi yashaydigan Navoiy shahar sudga yuborildi.”

Sanjey agentlikka izoh bermoqda. (Rasmni Intellektual mulk agentligi taqdim qildi)
Sanjey agentlikka izoh bermoqda. (Rasmni Intellektual mulk agentligi taqdim qildi)

Agentlik vakili va ma’muriy ishlar bo‘yicha Navoiy shahar sudi kotibiga ko‘ra¸ O‘zbekiston tarixida ilk bora qo‘shiqning mualliflik huquqi bo‘yicha ish ko‘rib chiqilmoqda.

Pop-rok yo‘nalishida ijro qiladigan Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 43 yoshli Sanjar Javberdiyev (Sanjay) Ozodlik bilan suhbatda “tanlangan adolat”ga nishon bo‘lganini iddao qildi.

“Aslida bu kaver versiya edi. (Kaver-versiya - inglizcha cover version, ustini o‘rash ma’nosida - tahr.) Ammo ular tushunmadi. Mayli, hammasi Ollohning irodasi. Jo‘rayevlar temasi men uchun yopildi. Agar shu bilan ular baxtli bo‘lishsa, men endi “Karvon” qo‘shig‘ini boshqa aytmayman. Aytmayman, deb agentlik binosida tushuntirish xati ham yozib berdim", - dedi Sanjar Javberdiyev.

Qo‘shiqchiga ko‘ra¸ “Karvon” qo‘shig‘ining ilk ijrochisi Sherali Jo‘rayev emas, balki hozirda marhum hofiz Xoliq Xursandovdir.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi vakili Xoliq Xursandovning bu qo‘shiqni Sherali Jo‘rayevdan ancha oldin, 1978 - yilda ijro etgani haqidagi ma’lumot endi chiqqani va bu ma’lumotni sud tekshirishi mumkinligini ta’kidladi.

“Bu holatlarni sud o‘rganib, qaror beradi. Lekin kaver-versiya degan holat O‘zbekiston qonunchiligida aks etmagan. “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunda bu holat malakalanmagan", - dedi agentlikning ismi ochiqlanishini istamagan vakili.

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim

Ozodlik “Karvon ko‘rdim tuyalari bo‘zlab borar” deb boshlanadigan she’r muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan bu janjalli holat borasida suhbatlashdi.

"Gap bunday. Men sudga bermadim. Lekin sudga bersam, men yutaman, Sanjay degan xonanda yutqazadi. Chunki she’r meniki. Men esa Sanjayga bu she’rni qo‘shiq qilib aytishga izn bermadim. U bola menga telefon qildi bu mavzuda. Men unga bu she’r chiroyli qo‘shiq bo‘ldi, o‘zgarmay qolaversin, keling, sizga boshqa she’r yozib beray, desam ham tushunmadi. Gapni qisqasi, marxum do‘stim Xoliq Xursandov va Sherali Jo‘rayevga ruxsat berdim, ammo Sanjayga ruxsat bermadim", - dedi shoir Usmon Azim Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik qo‘shiqchi Sherali Jo‘rayev xonadoni bilan bog‘landi. O‘zini qo‘shiqchining jiyaniman, deb tanishtirgan yigit "Biz sudga bermadik. Hukumatni o‘zi jazolaydi", - deb aytdi.

Sudga kim berdi?

Intellektual mulk agentligining ismi ochiqlanishini istamagan vakiliga ko‘ra, sudga da’vo arizasini Sherali Jo‘rayev yoki oilasi emas, balki agentlikning o‘zi kiritgan.

“To‘g‘ri, Usmon Azim qo‘shiqchini sudga bermadi. Biz akt qilib, sudga yubordik. Undan oldin O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘ratyev va muallif Usmon Azimovning ishonchli vakili sifatida xonanda Javberdiyev Sanjarga “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunni buzganligi uchun chora ko‘rish yuzasidan bizga ariza bilan murojaat qildi. Shu ariza asosida ishni ko‘rib chiqdik”, - dedi agentlik vakili.

Ozodlikda Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati raisi Umar Polvonzoda imzolagan ariza nusxasi mavjud.

Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati raisi Umar Polvonzoda imzolagan ariza
Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati raisi Umar Polvonzoda imzolagan ariza

Arizada "O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘rayev hamda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimovdan rozilik olmasdan va ular bilan shartnoma tuzmasdan qo‘shiq aslini o‘zgartirgan holda ijro etib kelgan Sanjar Javberdiyevga chora ko‘rish" talab qilingan. Arizada¸ “Karvon” qo‘shig‘i bilan bir qatorda, “Gulbadan”, “Atirgulim, atringni soch” qo‘shiqlari ham iznsiz ijro etilgani aytiladi.

Sherali Jo‘rayev
Sherali Jo‘rayev

O‘zbek shou biznes olamidan yaxshi xabardor Rasul Rizayevga ko‘ra¸ bundan oldin Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayev Sanjayning “tanobini tortib qo‘yish” uchun borgan va yaxshigina janjal ko‘tarilgan. Tarmoqda tarqalgan videolardan birida Sanjay “Jo‘rayevlarni duelga chaqiradi". "Istasangiz ringda¸ istasangiz ko‘chada¸ istasangiz, sudda gaplashaman", deydi videorolikda Sanjay.

Ozodlik bilan suhbatda Sanjar Javberdiyev "Jo‘rayevlarni kechirganligi va haqorat qilgani uchun sudga bermasligi"ni aytadi:

“Yo‘q, sudga bermayman. Men ularni kechirdim. Mayli, tinchgina yashab yuraverishsin. Lekin yana menga qarab sakrashsa yoki ortiqcha gap qilishsa, unda erkakcha gaplashib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Erkakcha. Internetda ham emas¸ telefonda ham emas. Shunchaki, oldiga borib, yuziga tik qarab gaplashib qo‘yaman. Umuman, ular haqida gapirgim ham kelmaydi. Umuman, bu yerda ijod qilgim kelmay qoldi. Yaqinda Rossiyaga ketaman. Keyin esa, kaver versiya aytish imkoni bo‘lgan Amerikaga”.

Navoiy viloyatida tug‘ilgan Sanjar Javberdiyev 15 yil davomida Rossiya Federatsiyasi, xususan, Chechenistonda yashagan. Xonanda bundan avvalroq soqolli ekani bois unga “O‘zbekkonsert” rahbariyati litsenziya bermayotgani yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagandi. U shuningdek, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga atab qo‘shiq aytgani hamda Yulduz Usmonova bilan janjallashgani ortidan ham tilga tushgan.

Ramzanni ulug‘lash san’ati

O‘zbekistonda u qadar tanilmagan, hatto ijodini ko‘pchilik musiqa ixlosmandlari yaqingacha bilmagan xonanda o‘z ijodini 2009 - yilda Chechenistonda boshlagan edi.

U Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovni madh etib, qo‘shiq kuylagan.

Qo‘shiqda "otasining yo‘lini davom ettirayotgan, Chechenistonni gullatib, yashnatayotgan prezident Ramzan Qodirov" ulug‘lanadi.

Qo‘shiqdan "Ramzan, sen Checheniston yuragisan, Odamlar ishonchisan, Ramzan, arslon kabi dovyuraksan, Imom kabi adolatlisan, Seni Olloh asrasin” kabi so‘zlar o‘rin olgan.

Nimaga aynan Ramzan Qodirovni bu qadar madh etganini Sanjayning o‘zi Ozodlik bilan 2010 - yilgi suhbatda shunday izohlagan edi:

"Chunki man o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim uning ulug‘ligini. Prezident yosh, 33 yoshda.(2010 - yilda-tahr) Konsertda man aytganda, butun zal turgan¸qarsaklar chalib, hammaga yoqqan¸- degan edi Javberdiyev.

Ramzan Qodirovni maqtagan qo‘shig‘idan tashqari, uning otasi¸ Chechenistonning o‘ldirilgan prezidenti Ahmad Xoji Qodirovga atalgan qo‘shig‘i, shuningdek, Chechenistonga bag‘ishlangan “Nohchi Cho” qo‘shig‘i ham bor (Nohchi - chechen degani - tahr.)

Qo‘shiqchi 2016 - yili Rossiyadan qaytib kelganidan keyin ilk bor O‘zbekiston shou-biznes olamida o‘z ijodini 2018 - yili “Karvon” rok balladasini jamoatchilikka taqdim qilish bilan boshlagan edi.

Ushbu qo‘shiqning yaratilish jarayoni bilan yaxshi tanish bloger Nozim Safarining Ozodlikka aytishicha, “bu qo‘shiqqa Sherali Jo‘rayev egalik qila olmaydi”.

"Chunki ohang boshqacha. Sanjay shoir Usmon Azim so‘zlariga qo‘shiq bastaladi. Bu o‘rinda faqat Usmon Azim haq talashishi mumkin", - deydi Nozim Safari.

Munozaraga sabab bo‘lgan “Karvon” qo‘shig‘i haqida Safari qo‘shiqni “o‘zbek shou-biznesining diqqinafas havosini yangilagan toza epkin”, deb aytgan edi.

"Shaxsan mening fikrim bunday: remeyk kaver faqat va faqat tahsinga loyiq. Bu mukammal ijro. Jo‘rayevlarga esa, faqatgina madaniy-ijtimoiy yuksalish tilab qolaman. Muxlislardan "tuzukkina " did va toqat istayman. Sanjayjonga esa, gazni bos brat, bularga e’tibor qilma, deb qolaman", - deydi bloger Nozim Safari.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG