Shimoliy Koreya Yapon dengizi tarafga o‘rta manzilli ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Yonhap agentligi Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Raketa parvozi mahalliy vaqt bilan taqriban soat 12 larda Pxenyan yaqinidan amalga oshirilgan, deya ma’lum qilishgan harbiylar. Bu KXDR tomonidan yangi yilda uchirilgan ilk raketadir. Qayd etilishicha, raketa AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Janubiy Koreyaga safari manzarasida uchirilgan.
Shimoliy Koreya tomonidan so‘nggi ballistik raketa 5-noyabr kuni − AQSHdagi prezident saylovi arafasida uchirilgan edi.
O‘tgan yilning 31-oktyabrida ham KXDR Yapon dengizi tomoniga qarata qit’alararo ballistik raketa otgan. Kim Chen In raketa sinovini “dushmanlarga javob” deb atagan.
BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari Shimoliy Koreyaga raketa sinovlari o‘tkazishni taqiqlaydi. Ayni paytda Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bosqin ortidan Pxenyanga qarshi sanksiya tartibini muntazam ravishda buzayotganlikda ayblab kelinadi. Moskva bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.