Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomonga qisqa masofali bir necha ballistik raketa uchirgan. Bu haqda “Ryonxap” agentligi Janubiy Koreya harbiylaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi. KXDR bir necha kun avval ham ballistik raketa uchirgan edi.
Janubiy Koreya shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi mahalliy vaqt bo‘yicha ertalabki soat 7:30 larda Shimoliy Xvanxe viloyatining Sarivon degan joyidan raketalar uchirilganini aniqlaganini bildirdi. Ayni paytda qo‘mita uchirilgan raketalar soniga aniqlik kiritgan emas.
NHK telekanali Yaponiya Mudofaa vazirligidan olingan ma’lumotlarga tayangan holda kamida yettita raketa uchirilgani haqida xabar qildi. Raketalar dengizga borib tushishdan avval 400 kilometr masofani uchib o‘tgan. Bu AQSHda prezidentlik saylovi boshlangan kuni sodir bo‘ldi.
Bu orada Shimoliy Koreya liderining singlisi Kim Yo Chjon KXDR yarimorolda harbiy kuchlar tengligining buzilishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi, deya xabar qildi davlatga qarashli KMTA agentligi.
“Bugungi kunda Koreya yarimorolida va mintaqada dushmanlarimiz va bizning o‘rtamizda kuchlar tengligining buzilishi urushni anglatadi – bu inkor etib bo‘lmas obyektiv voqelikdir”, deya bildirgan Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim mudirining o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Kim Yo Chjon.
AQSHda prezidentlik sayloviga bir necha kun qolgan 31-oktyabrda KXDR Yapon dengizi tarafga qit’alararo ballistik raketa uchirgan. O‘shanda Kim Chen In raketaning uchirilishini “dushmanlarga javob” deb atagan edi.
Raketa uchirilishiga javoban Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya o‘tgan haftada Qo‘shma Shtatlarning B-1B bombardimonchi uchog‘i ishtirokida qo‘shma havo mashqlarini o‘tkazishgan.
BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalari Shimoliy Koreyaga raketa sinovlari o‘tkazishni taqiqlaydi. Ayni paytda Moskva Ukrainaga 2022-yildagi bosqindan so‘ng Pxenyanga qarshi sanksiya tartibini buzayotganlikda mutnazam ravishda ayblanib keladi. Moskva bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
O‘tgan yil sentyabrida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva va Pekin KXDRga qarshi sanksiyalardan bosh tormoqchi ekani, chunki bu sanksiyalar “mutlaqo boshqa geosiyosiy vaziyatda” qabul qilinganini bildirgan edi.