Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 17:14

Shoygu O‘zbekistonda: Rossiya AQShning Afg‘onistondan ketishi manzarasida faollashmoqda


Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

O‘zbekistonga rasmiy safar bilan kelgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 28 - aprel kuni o‘zbekistonlik hamkasbi Bahodir Qurbonov bilan 2021-2025 - yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlikka doir ikki tomonlama dasturni imzolagan. Kreml O‘zbekistonni KXShT doirasidagi tadbirlarga jalb etmoqchi ekanini ham aytmoqda.

Vaziyatni kuzatib borayotgan harbiy ekspertlar Rossiya Mudofaa vaziri tashrifi AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilayotgani fonida amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekistonga rasmiy safar bilan kelgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 28 - aprel kuni o‘zbekistonlik hamkasbi Bahodir Qurbonov bilan muzokara o‘tkazdi.

Ikki vazir uchrashuvi Buxoro shahrida o‘tkazdi.

Mudofaa vazirlari 2021-2025 - yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlik to‘g‘risida ikki taraflama dasturga imzo qo‘ydi. Dasturda, jumladan terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi amallar belgilab berildi.

Mudofaa vazirlari mazkur uchrashuvda, TASS axborot agentligi ">xabariga ko‘ra, xalqaro va mintaqa xavfsizligiga oid muammolarni, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Bahodir Qurbonovlar mintaqaviy hamkorlik masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qilindi.

"Harbiy muassasalar rahbarlari Buxoroda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, ikki taraflama harbiy va harbiy-texnik hamkorlikka oid dolzarb masalalarni muhokama qilishadi," deyiladi Rossiya harbiy vazirligi rasmiy bayonotida.

Sergey Shoygu O‘zbekistonga Tojikistondan qaytish yo‘lida kirgan. Rossiya mudofaa vaziri 27 - aprel kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan KXShTga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari kengashi majlisida ishtirok etib, Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borgan edi.

Sergey Shoyguning Tojikistonga bo‘lgan safari davomida Rossiya va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarini birlashtirishga va davlat chegara xavfsizligini oshirishga kelishib oldi.

Afg‘onistondan chiqib ketayotgan Qo‘shma Shtatlar ayni paytda mintaqadagi ishtirokini saqlab qolishni istaydi
Afg‘onistondan chiqib ketayotgan Qo‘shma Shtatlar ayni paytda mintaqadagi ishtirokini saqlab qolishni istaydi

Shoyguning O‘zbekistonga safari g‘arb nashrlarida AQSh rasmiylari qozoq, o‘zbek va tojik rasmiylari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida harbiy bazalardan foydalanish borasida muzokara olib borayotganiga oid xabarlar tarqalayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Rus harbiy idora rahbarining O‘zbekistonga tashrifining asl maqsadi nima? Bu tashrif Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarining olib chiqilayotgani bilan bog‘liqmi?

Harbiy tahlilchi va “Yejednevniy jurnal” onlayn portali bosh muharriri Aleksandr Golsning fikricha, Rossiya Mudofaa vazirining Markaziy Osiyoga tashrifi eng avvalo AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishiga bog‘liq.

- Bu tashrif borasida ma’lumot kamligi tufayli men o‘z taxminlarimnigina aytishim mumkin. Rossiya rahbariyati o‘rnida men ham amerikaliklarning afg‘ondan qo‘shin olib chiqayotganidan chuqur xavotirga tushgan bo‘lardim. Bunday bo‘shliq vaziyatida hokimiyat tez orada toliblar qo‘liga o‘tishini taxmin qilish mumkin. Bu mamlakatdagi radikal jangarilar 1-2 yilda avtoritar rejimlar sanalgan Markaziy Osiyo davlatlariga jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap. Aholi qashshoqligi, adolatsizlik, iqtisodiy qoloqlikda qolayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat Rossiyani xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Biz yaxshi bilamizki, Moskva o‘zining strategik manfaatlariga zid ravishda uzoq vaqtdan beri amerikaliklarni Markaziy Osiyodan siqib chiqarish siyosatiga katta kuch sarflab keldi. Esimda, yuqori lavozimli diplomatlardan biri “Agarda amerikaliklarning Markaziy Osiyoda mavjudligi hisobiga mintaqada tinchlik o‘rnatilsa, Rossiya bu tinchlikni qabul qilmaydi!”, degan edi. Shu sababli, mintaqa davlatlari Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan harbiy-siyosiy hamkorlik haqida uy-hayolga borishsa, Rossiya bilan munosabatlar yomonlashishi mumkinligini ham hisobga olib qo‘yishlari lozim, dedi harbiy ekspert Aleksandr Gols.

Siyosiy sharhlovchi Arkadiy Dubnov AQSh Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonni harbiy-strategik platsdarmga aylantirish rejasiga qaytayotganini ta’kidladi. Tahlilchi fikricha, Rossiyaning mintaqadagi faolligi eng avvalo AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi bilan bog‘liq:

- Menimcha, bu faollik AQShning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib, Markaziy Osiyoni platsdarmga aylantirishi bilan bevosita bog‘liq. Ammo O‘zbekistonda 2005 - yilgacha bo‘lgan “Xonobod-Qarshi” kabi yirik harbiy bazalar tiklanadi, degan fikrdan uzoqman. Amerikaliklar, masalan, Afg‘oniston fazosini nazorat qiluvchi pilotsiz boshqariladigan uchqichlardan foydalanishga imkon yaratuvchi kichik, mobil va yengil harbiy strukturalarni yaratishga manfaatdor bo‘ladi. Chunki Qatardagi bazadan dron uchirish juda qimmatga tushadi.

AQSh nafaqat O‘zbekiston - Tojikistonda ham bunday mobil bazalarni yaratishga intilishi mumkin. Biroq, Shoygu tashrifidan keyin Tojikistonda zamonaviy S-300, S-400 kabi Havo hujumidan mudofaa apparatlarini o‘rnatadi degan taxminlar mavjud. Buning hammasi, so‘zsiz, AQSh-Rossiyaning Markaziy Osiyodagi joylashuvi uchun raqobat fonida davom etib boradi. Vaholanki, hamma tushunib turibdiki, amerikaliklar mintaqada islomiy radikallarning keng yoyilishiga qarshi kurashayotganidan birinchi navbatda Rossiya manfaatdor bo‘lishi kerak! Amerikaliklar esa ruslar bilan muzokaralarda “Biz sizlarga yordam beryapmiz!” degan asoslarni keltiradi.

Bu vaziyatda “Toshkentning KXShTga a’zo bo‘lishi” to‘g‘risidagi fikrlarga ham qo‘shilmayman, chunki O‘zbekiston hozircha AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muvazanatni saqlab qolishi va bu raqobatdan ko‘proq foyda olishiga ishonaman. Aslini olib qarasak, O‘zbekistonning KXShTga qo‘shilish uchun mintaqada birorta jiddiy kuch borligiga ishonmayman. Hatto Afg‘ogistondagi jangarilar ham, deya xulosa qildi tahlilchi Arkadiy Dubnov.

Oxirgi yillarda Rossiya harbiy mahsulotlari eksportini oshirib, uni 12,8 milliard dollarga yetkazdi. O‘zbekiston esa Rossiyaning qurol-aslaha sotib olayotgan eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu hamkorlik ayniqsa hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan keyin kuchaygani ko‘plab kuzatuvchilar tomonidan ta’kidlab kelinmoqda.

Rossiya O‘zbekistonga harbiy texnika va qurol-yarog‘ni ichki narxlar asosida yetkazib bermoqda. Bu imtiyoz KXShTdan tashqari birorta davlatga berilmagan.

O‘zbekiston harbiy jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasining eng qudratli davlati bo‘lib qolmoqda. 50 minglik mobil harbiy qo‘shinga ega O‘zbekiston Belarus, Qozog‘iston va Ozarbayjon kabi kuchli davlatlardan uzib jahon harbiy salohiyat reytingida 52 o‘rinni egallab kelmoqda. Global Firepower ma’lumoticha, o‘zbek armiyasi bugunda 185ta harbiy uchoq (shu jumladan 90-ta qiruvchi uchoq va vertolyot), 420-ta tank va 1210-dan ziyod boshqa zirxli texnika, 98-ta raketa kompleksi va 137-ta o‘ziyurar artilleriya moslamasi bilan jihozlangan.

Strategic Defense Intelligence konsalting tashkiloti hisobotida 2020 -yil davomida O‘zbekiston harbiy harajatlari 3,4 milliard AQSh dollarini tashkil etgani ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG