Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:27

"Shumi xalq bilan muloqot?"- vazir o‘rinbosari aldangan fuqarolarni "savodsiz"degani uchun tanqid qilindi


O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov "Korean&Migrations" bandlik agentligidan jabr ko‘rganlar bilan uchrashuv chog‘ida - Toshkent, Mustaqillik maydoni, 28 - sentabr, 2020
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov "Korean&Migrations" bandlik agentligidan jabr ko‘rganlar bilan uchrashuv chog‘ida - Toshkent, Mustaqillik maydoni, 28 - sentabr, 2020

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov "Korean&Migrations" xususiy bandlik agentligiga aldanib qolgan fuqarolar bilan uchrashuvda ularni "chalasavodlar" deb atagani aks etgan video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tanqid va g‘azablariga sabab bo‘ldi.

Umrzoqovning videodagi millionlab pul to‘lab qo‘yib, xorijga ishga ketolmagan 100ga yaqin fuqarolar bilan muloqoti joriy yil sentabrida Mustaqillik maydonidagi norozilik chiqishi chog‘ida bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili 26 - noyabr kuni Ozodlikka tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan bayonot tayyorlanayotganini ma’lum qildi, ammo hozirgacha rasmiy izoh berilgani yo‘q.

Videoda aks etgan voqea, uning ishtirokchilariga ko‘ra, 28 - sentabr kuni Toshkentning Mustaqillik maydonida bo‘lib o‘tgan.

Shu kuni "Korean&Migrations"ning Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish haqidagi va’dalariga uchib, millionlab so‘m to‘lab qo‘ygan, lekin xorijga ishga ketolmagan yuzga yaqin odam pullari qaytarilishini talab qilib Toshkent markazida to‘plangandi.

Norozilar oldiga chiqqan Umrzoqov "yuz foiz qaytarish bo‘lmaydi, davlatni puli yo‘q hozir", - deydi.

Shu payt olomon ichida bo‘lgan erkaklardan biri "bizni aybimizmi?" deb so‘raganida, vazir o‘rinbosari "sizlarni ayblaring, chalasavodliklaring uchun", deb javob qiladi.

Bahodir Umrzoqov "Korean&Migrations" xususiy bandlik agentligiga har bir fuqaro to‘lagan 27 million so‘m inflyatsiya hisobga olingan xolda qaytarilishi, lekin dollarda to‘langan qo‘shimcha 1,5 ming dollarlik mablag‘lar "pora sifatida malakalanishi va bu pullar qaytarilmasligi"ni ta’kidlaydi.

"Pora bergansizlar, sen ham bergansan. Bu pullaring berilmaydi. Sizlar aldangansizlar. Pul berishdan oldin shartnomani o‘qib chiqishlaring kerak edi", - deydi vazir o‘rinbosari.

"Nega to‘rt marta qamalgan odamga litsenziya berdilaring?", degan savolni esa, Bahodir Umrzoqov javobsiz qoldirdi.

Samarqandning Urgut tumanidan bo‘lgan Nodir Jo‘rayevning Ozodlikka aytishicha, Bandlik va Mehnat munosabatlari vaziri muovini bilan sentabr oyi oxirida o‘tgan uchrashuvdan oldin ular ayni masalada prezident qabulxonasiga hamda Vazirlar Mahkamasiga arz qilib borishgan, lekin ularni hech kim eshitmagan.

"Hammasi bir gapni aytadi, o‘zimiz aybdor ekanmiz. Lekin, bu ish bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, biz jabrlanuvchi sifatida o‘tganmiz, ish ochilganiga bir yil to‘lyapti, hali pulimizni qaytarib berishgani yo‘q", - deydi Jo‘rayev.

"Korean&Migration" чув туширганлар пулларини қайтариб олиш учун президентдан ëрдам сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:28 0:00

"O‘lganning ustiga tepgan"

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning hususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlarga qilgan muomalasi internet foydalanuvchilarini hayrat va g‘azabga soldi.

Facebook tarmog‘ida qo‘yilgan video ostida 700dan ortiq izoh qoldirilgan. Ularning aksari tanqidiy:

"O‘lganning ustiga tepganday, bir qo‘li cho‘ntakda, yana do‘q qiladi. Vazir o‘rinbosari emish, osmonku bu. Shumi xalq bilan muloqot? Xalq bilan gaplashganda qo‘lni ko‘ksingga qo‘yib gapir, xalqni ota degin. Egningdagi kostyuming va galstuging shu xalqni nalogidan", - deb izoh qoldirgan Akobir Soriyev ismli foydalanuvchi.

Tarmoqning boshqa foydalanuvchilari esa vazir o‘rinbosarining xalq oldiga niqobsiz chiqqaniga e’tibor qaratishgan.

"Hamma niqobda turibdi, faqat vazir o‘rinbosari niqobsiz. Hammaga taalluqli talab tepadagilarga tegishli emasmi? Yana savodsizlar, deydi. O‘zini aqlliman, deb o‘ylayaptimi. Aslida bu sharmandalik, yana bitta qovun", - deb izoh qoldirgan Dilorom Muhammedjanova ismli foydalanuvchi.

Ozodlik ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video va unga bildirilayotgan tanqidlar yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning vazirlik saytida keltirilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan yordamchisi vazirlik matbuot xizmatidagilar Ozodlikka bog‘lanib, izoh berishlarini va’da qildi, lekin 27 - noyabr ish kuni oxirigacha rasmiylardan javob bo‘lmadi.

Bir kun avval vazirlik mulozimi Ozodlik so‘roviga javoban ayni video yuzasidan bayonot tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi. Ammo rasmiy bayonot hozirgacha e’lon qilinmadi.

Pullar haligacha qaytarilmagan

​O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bo‘lgan arzchilar Ozodlik bilan suhbatda "Korean&Migrations" xususiy bandlik agentligi xorijga ishga yuborish va’dasi bilan ularning har biridan 32 million 400 ming so‘mga qadar haq olgan, ammo shartnomada ko‘rsatilgan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim ishga yuborilmagan.

Samarqandning Urgut tumanidan bo‘lgan Nodir Jo‘rayevning Ozodlikka aytishicha, mablag‘lari shu vaqtgacha qaytarib berilmayapti.

"Biz "Korean&Migrations" agentligiga Mehnat vazirligi litsenziya bergani uchun ishongandik. Litsenziyasi bor, har holda aldamas, deb har birimiz 32 million 400 ming so‘m, o‘sha paytda bu 3 yarim ming AQSh dollariga to‘g‘ri kelgan, shu pulni to‘laganmiz. Qarz olganlar bor. Kvitantsiyalari saqlanib turibdi. Hali bir tiyin qaytarilgani yo‘q. Vazir muovini bizni savodsizga chiqaryapti. Biz savodsiz bo‘lsak, nega vazirlik litsenziya bergan, nega litsenziya bergan agentlik ishini nazorat qilib bormagan? , - deydi Jo‘rayev.

“Korean and Migrations” ishi bo‘yicha jinoyat ishi bir yil oldin ochilgan va shu yilning sentyabr oyida hukm o‘qib bo‘lingan esa-da, hozirgacha jabrlanuvchilarning puli qaytarilmagan.

Shu yilning sentabr oyida Toshkentning jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida agentlik mansabdor shaxslari va vositachilari ustidan hukm o‘qildi.

Agentlik direktori Qahramon Otaqulov va agentlikning Namangan viloyat filiali direktori Odil Kabilov 9 yilga, agentlik ta’sischisi Xushvaqt Turdiyev va agentlikning o‘quv ishlari bo‘limi direktori Musurmon Aliqulov esa 8 yilu 3 oyga qamaldi.

79.1 milliard so‘mni kim qaytaradi?

27 - noyabr kuni xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bog‘liq masalada AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov aldangan fuqarolarning pulini qaytarish bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

Mamatxonov xususiy bandlik agentliklaridan jabr ko‘rgan fuqarolarning pullarini undirish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng hukm ijrosi Majburiy ijro byurosi zimmasiga yuklatilishini aytdi.

"Vakolatli organ — MIB hisoblanadi. MIB tomonidan tegishli bandlik agentligi hisob-raqamidagi mavjud mablag‘lar, mol-mulklari sotuvga qo‘yiladi. Bu pullarni jamlagan holda, mutanosib ravishda jabrlangan har bir fuqaroga pullarini qaytarish choralari ko‘riladi", - dedi Mamatxonov.

Matbuot anjumanida bildirilishicha, O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq fuqaro hususiy bandlik agentliklariga aldangan, ulardan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan mablag‘lar 79 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

So‘nggi uch yil davomida vazirlik reestridan 104ta hususiy agentlik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shulardan 75tasiga xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziya berilgan.

Shu agentliklardan 55tasining litsenziyasi bekor qilinib, hozirgi kunda 20tasi faoliyatini davom ettirmoqda.

11 ta hususiy bandlik agentligining 51 nafar rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

"Korean&Migrations" 2400 odamni chuv tushirgan

"Korean&Migrations" xususiy bandlik agentligi ishi bo‘yicha tergov hujjatlari bilan tanishib chiqqan Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, agentlikdan zarar ko‘rganlar 2400ga yaqin. Jabrlanuvchilar ko‘rgan umumiy zarar miqdori esa qariyb 25 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

- 2400ga yaqin odamdan bandlik agentligi 25 milliard so‘mga yaqin pul olgan, lekin ular ishga ham yuborilmagan, pullar qaytarilmagan. Shirkat rahbarlaridan biri Janubiy Koreya fuqarosi, pullarni chetga chiqarib yuborgan, degan taxmin bor. Agar chetga chiqarib yuborilgani tasdiqlansa, ularni qaytarish ancha yilga cho‘zilishi mumkin", - deydi Tashanov.

Hususiy agentlikning Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish haqidagi va’dalariga ishonib, millionlab so‘m to‘lab qo‘ygan, lekin xorijga ishga ketolmagan 100ga yaqin odam 28 - sentabr kuni Toshkentning Mustaqillik maydoniga to‘plangan edi.

O‘shanda norozilarga kuch qo‘llangani va maydondan haydalgani haqida Ozodlik xabar bergan.

"Korean & Migration" O‘zbekistonda faoliyati yuzasidan jinoyat ishi ochilgan yagona xususiy bandlik agenti emas.

Germaniya, Chexiya, Polsha, Turkiya kabi mamlakatlarga ishga yuborish va’dasi bilan fuqarolardan bir necha o‘n million so‘mdan pul olgan Human, International Job Organization, Trust Vision kabi xususiy bandlik agentliklari ham qalloblik ayblari bilan jinoiy tergov va mahkamaga tortilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ishsizlik va mehnat migratsiyasining hanuz tartibga solinmagani mamlakat ichkarisi va tashqarisida ish izlayotgan minglab fuqarolarni qalloblik qurboniga aylantirmoqda.

XS
SM
MD
LG