Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2021, Тошкент вақти: 05:56

5-sinf o‘quvchisiga jinsiy aloqa taklif qilgan o‘qituvchiga 15 sutka berildi; ota-onalar norozi


30 - iyun kuni Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisi Mirzokirov 12 yashar o‘quvchisiga jinsiy aloqa taklif qilgan o‘qituvchi ishi bo‘yicha qaror chiqardi.

O‘zbekiston tumani maktablaridan birida musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan 42 yashar erkakka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi qo‘llanilib¸ unga 15 sutkalik ma’muriy qamoq tayinlandi.

Farg‘ona sud tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ sudya bunday jinoyatga nisbatan Jinoyat kodeksida ko‘zda turilgan moddalarni qo‘llamagani bois¸ o‘z o‘quvchisiga jinsiy aloqa taklif qilgan shaxs bir yildan so‘ng yana ta’lim tizimiga qaytishi mumkin.

Xalq ta’limi vazirligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ bu voqeadan bexabarligi¸ uni o‘rganib chiqib¸ o‘z munosabatini bildirishini ma’lum qildi.

O‘qituvchi 5 -sinf o‘quvchisiga seks taklif qildi

30 - iyun kungi sud qarori¸ bu ishdan bevosita xabardorlarning Ozodlikka bildirishicha¸ o‘quvchi qiz oilasi¸ qolaversa¸ mazkur jinoyatdan xabardor jamoaning keskin noroziligiga uchragan.

Ozodlik ko‘rgan sud hujjatlarida yozilishicha¸ joriy yilning 24 - may kuni O‘zbekiston tuman XTBga qarashli umumta‘lim maktabi o‘qituvchisi 5-sinfda o‘qiydigan o‘z o‘quvchisiga “shilqimlik qilib, uyatli ma‘noda jinsiy aloqani nazarda tutuvchi xat yozgan".

Ozodlikka o‘qituvchi ishlagan maktab raqami¸ sudlanuvchining ism-familiyasi¸ yashash manzili ma’lum. Sud jinoyatchiga doir shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlamagani uchun¸ hozircha uni e’lon qilmayotir.

Qizcha maktabda fe’li shustriy va ishonuvchan bo‘lgan. Musiqa o‘qituvchisi unga uyatli so‘zlar bilan jinsiy aloqa taklif qilgan. U bu xatni ota-onasiga olib borgan va ular IIBga ariza yozishgan. O‘qituvchi o‘sha kuniyoq ishdan haydalgan. Ota-onalar “o‘ldiramiz” deb uni qidirishgandan keyin 42 yashar erkak uyidan qochib ketgan. Kecha¸ 30 - iyun kuni bu shaxsni ushlashdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida sud qilindi. Unga nisbatan MJTKning 183-moddasiga asosan (shilqimlik) 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi”¸ dedi Ozodlik bilan bog‘langan Farg‘ona adliya tizimi mulozimi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning "Mayda bezorilik" deb nomlangan 183-moddasida bunday hatti-harakat "jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik" deb ta’riflangan.

Adliya tizimi mulozimiga ko‘ra¸ qochib ketgan o‘qituvchini IIB inspektori Sardor Odilov ushlab¸ sudga olib kelgan. Ozodlik ixtiyorida¸ o‘z o‘quvchisiga jinsiy shilqimlik qilganlikda ayblangan o‘qituvchining qo‘liga kishan solingan holdagi surati bor.

Ozodlik ish tafsilotlarini o‘rganish uchun O‘zbekiston tuman IIBning katta profilaktika inspektori Sardor Odilov bilan bog‘landi. Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligini aytgan inspektor¸ savollarga javob berishni istamadi.

Ota-onalar noroziligi

30 - iyun kungi sud jarayonidan xabardor mulozimga ko‘ra¸ qaror jabrlanuvchi yaqinlari tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olingan.

Pedofilning maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashi nafaqat bu oila¸ balki tumandagi qolgan ota-onalarni ham qo‘rqitib yubordi. Bunaqa jinoyatni keskin jazolash o‘rniga¸ unga qonunchilikda ko‘zda tutilgan eng yengil jazo qo‘llanishi¸ hammaning jahlini chiqardi. Sud qarori e’lon qilinganidan keyin qizchaning qarindondoshlari rosa baqir-chaqir qildi. Bu odam 15 sutkadan keyin ozodlikka chiqadi. Undan ham yomoni¸ bir yildan keyin yana o‘qituvchilikka qaytishi mumkin¸ sud qarorida bunga monelik qiluvchi biror gap yo‘q”¸ deydi sud ishidan xabardor mahalliy mulozim.

Ozodlik bilan gaplashgan O‘zbekiston tumanida yashovchi onalardan biri¸ sud tizimini jinoyatchiga yon bosish orqali voyaga yetmagan bolalar¸ xususan qizlar xavfsizligiga tahdid solayotganlikda aybladi:

"Bu ertaga chiqib kelib¸ hech narsa ko‘rmagandek yuraversa¸ bir yildan keyin¸ o‘qituvchilikka qaytaman desa¸ uni hech kim to‘xtata olmaydiku! Qizlarimizni maktabga yuborishga ham qo‘rqib qoldik. Bunaqa odamlarning maktabda ishlashi nari tursin¸ bolalar yoniga yaqinlashishini taqiqlashi kerakmasmidi bular? Sud bolalarimizni bunaqa pedofillardan himoya qilmasa¸ kim qiladi? Bundan keyin odamlarning kuni samosudga qolmay¸ nima qilsin!"

Sud potensial pedofilga nega yengil jazo berdi?

Ozodlik bu savolga bevosita ish yuzasidan qaror chiqargan sudya Mirzokirovning o‘zidan javob olishga urindi. Ammo 1 - iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi telefon raqamlariga hech kim javob bermagani bois¸ u bilan bog‘lana olmadi.

Ish tafsilotidan xabardor adliya tizimi xodimi¸ qolaversa¸ sud qarorida yozilishicha¸ sudlanuvchiga yengil jazo berilishiga u “faqat xat yozgan xolos, lekin qizga qo‘li bilan tegmagan, o‘pmagan, quchoqlamagan” degan holat asos sifatida keltirilgan.

Sudga seks taklif qilingan xat ashyoviy dalil sifatida qo‘shilgan. Ammo O‘zbekiston qonunlarida jinsiy aloqa taklif qilish jinoyat emas¸ voyaga yetmaganga shilqimlik qilish esa MJTKning 183-moddasi bilan 15 sutka qamoq bilan jazolanadi¸ deyishdi. Ya’ni o‘qituvchi o‘quvchi qiz bilan jinsiy aloqa qilsagina¸ jinoyat bo‘lardi¸ degan axmoqona asos keltirildi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis.

Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan huquqshunoslardan biri¸ O‘zbekiston tumanidagi bu voqeaning huquqiy jihatdan noto‘g‘ri tasniflanganini bildirdi.

Bu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining kamida uchta moddasini qo‘llash kerak edi. Birinchisi¸ 25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish. Ikkinchisi¸ 121-modda - ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish; xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan ayolni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga majbur etish. Uchinchisi¸ 129-modda - 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish. Bularning hammasi qo‘llanilganda¸ adolat qaror topgan va bu kimsa tegishli tarzda bir necha yillik qamoqqa hukm etilgan bo‘lardi”¸ dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan advokat.

Bu va Ozodlik gaplashgan huquq tizimining ayrim boshqa mutaxassislari O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlarini bekitish¸ ularni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqmaslikka urinish holatlari amalda qolayotgani xususida xavotir bildirdi.

Ozodlik hozircha jabrlanuvchi o‘quvchi qiz yaqinlari bilan bog‘lana olmadi. Shu bois ularning sud hukmi ustidan shikoyat berish-bermaslikka qaror qilganini aniqlay olmadi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining Ozodlik gaplashgan rasmiysi esa O‘zbekiston tumanidagi bu voqeadan xabari yo‘qligini bildirdi.

Holatni o‘rganamiz. Huquqiy-nazorat inspeksiyasimiz yaxshilab o‘rganadi. Lekin hozir aytishimiz mumkin bo‘lgan narsa¸ o‘qituvchi sha’niga noloyiq bunday shaxslarga maktabda o‘rin yo‘q”¸ dedi Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi.

XS
SM
MD
LG