Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 07:17

Siyosatga aralashgan talaba. Sirdaryolik Javohir Omonov ishi qayta tergovga yuborildi


Jahon tillari universiteti talabasi Javohir Omonov prezident Mirziyoyev siyosatidan "ilhomlangani"ni aytadi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudi (Sirdaryo viloyati) 19 yashar talaba ustidan ochilgan ma’muriy ishni ko‘rib, qayta surishtiruv uchun tuman IIBga qaytardi.

Bu ma’lumotni Ozodlik 16 - fevralda Sayxunobod tuman sudidan oldi.

Ishi qayta surishtiruvga jo‘natilgan Javohir Omonovning aytishicha, 16 - fevralda uni o‘zi yashaydigan hudud uchastka noziri yana so‘roqqa chaqirgan.

Omonov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Javohir Omonov ayblarni rad etadi.

Avvalroq u Ozodlikka prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan ilhomlanib, 2020 - yilning bahorida yangi siyosiy partiya tuzishga jazm qilgani va shundan so‘ng kutilmagan muammolar girdobida qolganini aytib bergan edi.

"Ishni sudda ko‘rish uchun yetarli asoslar mavjud emas"

“Javohir Omonov bo‘yicha ish ichki ishlarga qayta surishtiruvga yuborildi. Sudya 9 - fevralda bo‘lib o‘tgan sud majlisida bu ishni sudda ko‘rish uchun yetarli asoslar mavjud emas, ishda kamchiliklar mavjud deb topib, o‘sha kamchiliklarni to‘g‘rilab, sudga qaytadan murojaat qilish tavsiyasi bilan qaytargan”, - dedi Ozodlikka 16 - fevral kuni Sayxunobod tuman sudi devonxonasi xodimi. O‘zini tanishtirishni istamagan bu xodim Ozodlikning boshqa savollariga javob bermadi.

Javohir Omonov ishiga doir sudga taqdim etilgan materiallardan ma’lum bo‘lishicha, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Javohir Omonov aybdor, deb topilgani taqdirda unga bazaviy hisoblash miqdorining (oyiga 238 610 so‘m-tahr.) yigirma baravaridan yuz baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Javohirning "dunyoviy, diniy, siyosiy postlaridan" xafa bo‘lgan arizachi

Sudga taqdim etilgan materiallardan Javohir Omonov ustidan ish qo‘zg‘atilishiga Guliston shahrida yashovchi Zuhra Ahmedova ismli ayolning arizasi sabab bo‘lgani anglashiladi. Ahmedova o‘z arizasida Javohir Omonov o‘zining Feysbuk sahifasida “dunyoviy, diniy va siyosiy” mazmundagi materiallarni joylashtirganidan arz qilib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Javohir Omonov ustidan yozilgan ariza.
Javohir Omonov ustidan yozilgan ariza.

Javohir Omonovning Ozodlikka aytishicha, u Zuhra Ahmedovani tanimaydi. Ozodlikning Ahmedovani topishga urinishlari samara bermadi.

Uydan Redmi 7 olib ketildi, ekspertizaga Samsung A3 berildi

Sudga taqdim etilgan materiallar orasida Javohir Omonovniki deyilgan telefondagi materiallar ustidan o‘tkazilgan maxsus ekspertiza xulosasi mavjud. Hujjatga ko‘ra, telefonda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi materiallar mavjud emas. Ekspertlar xulosasi, so‘nggi bandni istisno qilganda, mutlaqo ijobiy. Xulosaning so‘nggi bandida ba’zi fayllardan O‘zbekistonda taqiqlangani aytilgan ikki imomning ma’ruzalari chiqqani ko‘rsatilgan.

Ekspertiza xulosasidan ekspertlar bir vaqtning o‘zida ikkita - Samsung A3 va Redmi 7 telefonlari tarkibidagi materiallar ustidan tadqiqot o‘tkazgani anglashiladi.

"26 - noyabrda IIB binosida hibsda o‘tirgan paytimda noma’lum kimsalar uyimizga kelib, onamdan aldov yo‘li bilan mening telefonimni olib ketishgan ekan”, - degan edi Javohir Omonov Ozodlikka 1 - fevralda.

Omonovning 16 - fevral kuni Ozodlikka aytishicha, uning telefoni Redmi 7 edi. Ekspertizaga jo‘natilgan Samsung A3 telefoniga uning hech qanday aloqasi yo‘q.

Javohir Omonovga taalluqli deyilgan telefondagi materiallar yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqot xulosasining birinchi beti.
Javohir Omonovga taalluqli deyilgan telefondagi materiallar yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqot xulosasining birinchi beti.

Omonov telefonlar bilan bog‘liq chalkashlik haqida 9 - fevralda Sayxunobod sudida uning ishini ko‘rgan sudyaga ham ko‘rsatma bergan. Sud majlisini YouTube dagi “Ko‘zgu” blogi olib boruvchisi Abduqodir Mo‘minov sudyaning ruxsati ,bilan videoga yozib olgan. Mo‘minov tayyorlagan ko‘rsatuvni mana bu yerda ko‘rish mumkin.

Javohir Omonov o‘zi ustidan arz qilgan Zuhra Ahmedova ham, uning ishini sudga oshirgan IIB vakili ham sudda ishtirok etmaganini, sud majlisi sudya va sudlanuvchi o‘rtasidagi savol-javobdangina iborat bo‘lganini aytdi.

Harakatlaridan tongan IIB xodimlari

Javohir Omonovning Ozodlikka aytishicha, 16 - fevralda unga uchastka noziri Xurshid Toshbekov qo‘ng‘iroq qilib, “ishi bo‘yicha aniqlangan yangi holatlar yuzasidan kelib ketishi lozimligi"ni aytgan.

Xurshid Toshbekov Ozodlikning kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Sirdaryo viloyat IIB bilan Sayxunobod tuman IIB o‘rtasidagi yozishmalarda ham Javohir Omonovga tegishli telefon sifatida Samsung A3 tilga olingan.
Sirdaryo viloyat IIB bilan Sayxunobod tuman IIB o‘rtasidagi yozishmalarda ham Javohir Omonovga tegishli telefon sifatida Samsung A3 tilga olingan.

Abduqodir Mo‘minov 9 - fevral kungi sud majlisidan va undan keyin tayyorlagan ko‘rsatuvida Xurshid Toshbekov va uning bevosita rahbari bilan gaplashgan. Ichki ishlar xodimlari Javohir Omonov bilan bog‘liq ishga o‘zlarining aloqasi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlab aytadi. Bu ishga oid barcha ma’lumotni viloyat IIB matbuot xizmatidan olishni tavsiya qilishadi.

Ko‘rsatuv muallifi Abduqodir Mo‘minov IIBda o‘zi guvoh bo‘lgan holat haqida Ozodlikka gapirib berdi.

"Sud majlisida videotasvir olishga ruxsat bergani uchun sudyaga rahmat. Buni o‘z vaqtida sudyaning o‘ziga ham aytdim. Meni hayratga solgani ichki ishlar bo‘limidagi holat bo‘ldi. Xurshid Omonov yonida Javohir turganiga qaramay, unga qarshi qilgan barcha harakatlaridan tonib turibdi. Axir, oldida tirik guvoh turibdiku?! Men shuni tushunmadim"

Sud bilan tergov orasida koptok bo‘layotgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2003 - yil 19 - dekabrdagi qarorida Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llashda kelib chiqqan har qanday shubha ham uning foydasiga hal etiladi”, deyilgan.

Bu me’yor O‘zbekiston Oliy sudi kashf qilgan yangilik emasligini, bu me’yorga barcha rivojlangan davlatlar sudlari rioya qilib kelishini yuristlar aytib keladi.

"Bu masalaga prezident Mirziyoyev ham 2017 - yili to‘xtalgan edi, - deydi Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov, - Prezident sud-huquq tizimi vakillari bilan uchrashuvda jinoyat ishlarining sud va tergov o‘rtasida koptok qilinishi bilan bog‘liq salbiy illatlarga barham berish to‘g‘risida gapirgan edi. Prezidentga ko‘ra, sudga kelgan shaxs muayyan ish bo‘yicha javobgarlikka tortilishi yoki oqlanishi lozim. Ishlarning qayta tergovga qaytarilishi bu inson huquq va manfaatlarining oyoqosti qilinishidir, degandi prezident. Amaliyotda bir necha yillab sud va tergov o‘rtasida yurgan ishlar mavjud bo‘lib, kishilar o‘zilariga nisatan hukmlarni uzoq yillab kutishgan. Suddan qaytgan delolar uchun javobgarlik bo‘lmagan”.

Javohir Omonovning ishi ham, Abdurahmon Tashanov aytayotgan “sud bilan tergov o‘rtasida koptok bo‘layotgan” ishlardan biriga aylandi.

Siyosatga aralashishga jur’at qilgan talaba

Jahon tillari universitetining 2- kurs talabasi sirdaryolik Javohir Omonov o‘tgan yili, 1- kursda o‘qiyotgan paytda prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan ilhomlanib, 2020 - yilning bahorida yangi siyosiy partiya tuzishga jazm qilgani va shundan so‘ng kutilmagan muammolar girdobida qolganini aytib bergan edi.

Javohirning iddao qilishicha, u 2020 - yil bahorida yangi partiya tuzmoqchi ekanligini aytishi bilanoq o‘sha paytgacha o‘zi a’zosi bo‘lgan Liberal demokratik partiya vakillari tomonidan bosimga uchragan. Oradan bir necha oy o‘tib esa, siyosiy faol talaba huquq-tartibot idoralarining nazariga tushgan.

Joriy yilning 27 - yanvarida o‘tgan yoshlar masalalariga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida prezident Mirziyoyev "yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish" vazifasini Davlat xavfsizlik xizmati zimmasiga yuklagandi.

Yig‘ilishdan yozib olingan va Kun.uz nashri e’lon qilgan videoda prezident Mirziyoyev «Bildirilgan taklif va istaklar asosida tuman va shaharlar kesimida yoshlar dasturlari tasdiqlandi. Ushbu dasturlarning ijrosi hamda yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuklatildi», deb aytgan.

Tahlilchilar yoshlarni nazorat qilishning maxsus xizmatlarga topshirilishini kelayotgan prezident saylovlariga hozirlik jarayonlari bilan bog‘lashadi.

O‘zbekistonda talaba-yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi asosan, davlat tomonidan tashkillashtiriladi - mustaqil yoshlar esa, ko‘pincha "uyushmagan yoshlar" deb ta’riflanadi.

XS
SM
MD
LG