Линклар

Шошилинч хабар
28 июл 2021, Тошкент вақти: 10:02

Siyosatshunos Igor Ilyash: Belarus KGBsi Protasevichdan oladiganini oldi


NEXTA telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevich hamda uning qiz o‘rtog‘i, rossiyalik Sofiya Sapega Belarusda uy qamog‘iga o‘tkazildi. Ularga boshqalar bilan erkin muloqotda bo‘lish hamon taqiqlangan, ayblov ham olib tashlangani yo‘q. Belarus Tergov qo‘mitasi Protasevich va Sapega tergov bilan sudgacha kelishuv imzolaganini ma’lum qildi.

Sapega oilasi bilan uchrashgan. Uning o‘gay otasi ehtiyot chorasi o‘zgartirilgach, Sofiyaning ishi ijobiy hal bo‘lishiga umid qilayotganini “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga aytgan edi.

Telekanal belaruslik jurnalist, siyosatshunos Igor Ilyashga yuzlanib, bu ikki siyosiy mahbus bilan bog‘liq so‘nggi voqealar va Lukashenko hukumatining mazkur qarori yuzasidan izoh so‘radi.

– Protasevich va Sapega uy qamog‘iga olinganiga qanday qaraysiz? Rostdan ham bu YeI sanksiyalari ta’sirida bo‘lyaptimi?

– Shubhasiz, bu yerda G‘arb mamlakatlari tomonidan bo‘layotgan bosim omili borligini rad etib bo‘lmaydi. So‘nggi bir oy ichida Roman Protasevich bilan Sofya Sapega dunyo miyosidagi eng mashhur belaruslik siyosiy tutqunlarga aylanishdi, g‘arblik siyosatchilarning har bir bayonotida ularning ismlari tilga olinmoqda. Shu bois ham mazkur masalani kun tartibidan olib tashlashga urinish rasmiy Minsk uchun juda muhim. Shu bilan birga, aynan Protasevich va Sapega keysi, ya’ni ularning uy qamog‘iga o‘tkazilishi faqat Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bilan bog‘liq, deb o‘ylamayman.

Shuni tushunish kerakki, maxsus xizmatlar Roman Protasevichdan o‘zlari xohlagan hamma narsani olib bo‘lishdi: uni hamkorlik qilishga ko‘ndirishdi, jumladan, propaganda medialoyihalariga jalb qilib, intervyu va matbuot anjumanlarida muxolifatni yomonlashiga va Lukashenkoni ko‘klarga ko‘tarishiga erishdilar. To‘g‘ri, bloger bularni tazyiq ostida qilayotgani ko‘rinib turibdi, lekin ular Romanning o‘zlari xohlagan gaplarni aytishiga erishishdi, shu jihatdan, jurnalist KGB nuqtai nazaridan muhim funksiyani bajaryapti. Ya’ni, muxolifatning ruhini tushirib, o‘zgacha fikrlovchilar saflarini sarosimaga solmoqda. Bundan keyin ham undan shu tarzda foydalanish rejalari borligi ehtimoldan xoli emas.

Sizga yana bir siyosiy mahbus – Yuriy Voskresenskiy taqdirini eslatib qo‘ymoqchiman: u ham dastavval KGB avaxtasidan shunaqa soxta intervyular bergan, ozod qilinganidan so‘ng hatto Lukashenko tarafdorlari forumi – Umumbelarus xalq yig‘inida ishtirok etib, gunohlariga tavba qilgan soxta muxolifatchi rolini o‘ynab bergan edi. Maxsus xizmatlar Roman Protasevich xususida ham shunaqa rejalar tuzib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Ammo Roman bunga rozi bo‘larmikan yoki u qaysi bosqichda hamkorlikni davom ettirishdan bosh tortadi, masala shunda.

– Majburligidanmi, yo‘qmi, har holda ular bilan hamkorlik qilayotganiga qaramay, nega Sofiya Sapeganing ota-onasiga qizlarini ko‘rishga ruxsat beriladi‑yu, Roman Protasevich ota-onasi bilan hatto telefonda gaplasha olmaydi, buni qanday tushunasiz?

– Qaydam. Ehtimol, Roman Protasevichga hali unchalik ishonishmas. Qolaversa, uning ota-onasi bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan OAV orqali anchagina keskin va izchil munosabat bildirib kelishayotganini hisobga olish kerak. Ular Lukashenko rejimini, hukumatni qattiq tanqid qilishyapti. Shuning uchun, balki Romanning ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lishi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashgandir. Yana, yuqorida aytganimdek, Romanning KGB chizgan chiziqdan chiqmasligiga to‘la-to‘kis ishonishmayapti va maxsus xizmatlar manfaatlariga nomuvofiq xatti-harakat sodir etishidan cho‘chishyapti.

– 100 nafargacha siyosiy mahbusni uy qamog‘iga o‘tkazish to‘g‘risidagi gap-so‘zlar rost bo‘lsa, nega hanuz bu ishni qilishmayapti?

– Siyosiy mahbuslar shartli ozod qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni kengroq kontekstda ko‘rish kerak. Chunki may oyi oxirlarida, “Ryanair” uchog‘i bilan yuz bergan mojarodan keyinoq prokurorlar qamoqxonalarni kezib, siyosiy mahbuslarga afv so‘rab ariza yozishni taklif qilganlar. Belarusda mavjud amaliyotga ko‘ra, bu siyosiy mahbuslarni ozod qilishning ehtimoliy mexanizmlaridan biridir. Bu to‘g‘rida yetarlicha ma’lumot va dalillar e’lon qilingani sababli, siyosiy mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha ommaviy aksiyaga hozirlik rostdan ham bo‘lgan, deb xulosa yasash mumkin.

Bu voqealar rivojining yagona varianti siftida ko‘rilgan, deb o‘ylamayman. Biroq, har holda bu siyosiy mahbuslarning kattagina qismini ozod qilish, ozod qilganda ham uy qamog‘iga chiqarish emas, shunchaki qo‘yib yuborish ssenariylaridan biri o‘laroq tayyorlangan.

Mish-mishlarga qaraganda, mazkur aksiya, ya’ni siyosiy amnistiya 3 - iyulga, ya’ni Belarusning rasmiy Davlat mustaqilligi kuniga belgilangan emish. Bu sana joriy haftaga to‘g‘ri keladi. Lukashenko aynan shu stsenariyga – siyosiy mahbuslarning bir qismini kechirish stsenariysiga umid bog‘laganmi yoki G‘arb bilan keskin ziddiyatni davom ettiradimi, o‘shanda bilib olamiz.

XS
SM
MD
LG