Sobiq mahalliy kengash deputati va faol Qobul Do‘sov Toshkent shahar, Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24-yanvardagi ajrimiga ko‘ra 11 oy 2 kun muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Unga jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilandi.
Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov Telegram kanalida xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Qobul Do‘sov unga nisbatan avval chiqarilgan sud hukmini buzganligi uchun shunday jazoga tortilgan.
"Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmiga muvofiq K. Dusov (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.
Sud hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan K. Dusovga sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangan", deyiladi xabarda.
Sud Qobul Do‘sovni unga berilgan ozodlikni cheklash jazosi qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgan.
Qonunchilikka ko‘ra, ozodlikni cheklash sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslikni nazarda tutadi.
Shuningdek, Do‘sovga nisbatan har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi ham belgilangan.
Qobul Do‘sov oldinroq Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda hukumat mulozimlarini tanqid qilgan faollarning qamalishini qonunchilikdagi "ikki xil standart" deb atagandi.