Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga oid ish joriy yilning 15-avgustidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rila boshlaydi. Bu haqda qator mahalliy nashrlar O‘zbekiston Oliy sudidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishdi.
Qayd etilishicha, sobiq vazirga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining to‘rtta moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari), hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda 2-qismi “a” bandi), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (206-modda 2-qismining “a” bandi) hamda mansab soxtakorligi (209-modda 2-qismining “a” bandi) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Aziz Voitov o‘tgan yil dekabrida hibsga olingan edi. U hibsga olinishidan ikki oy oldin (2023-yil oktyabrida) qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgan. Voitovning ishdan bo‘shatilishi sababi o‘sha paytda rasman ochiqlangan emas.
44 yoshli Aziz Voitov Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon hukumatning korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan eng yuqori martabali mulozimidir.
Voitov 2020-yilning martidan 2022-yil avgustigacha o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari, investitsiya, sanoat va savdo vaziri Sardor Umurzoqovning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2022-yil avgustidan 2023-yil oktyabrigacha qishloq xo‘jalik vaziri bo‘lgan.
Sardor Umurzoqov prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etilganidan so‘ng Voitov ham ishdan olingandi.