Линклар

Шошилинч хабар
25 июл 2021, Тошкент вақти: 01:54

SpaceX shirkati avval ishlatilgan raketada to‘rt fazogirni Xalqaro fazo stansiyasiga uchirdi


O‘tgan hafta yakunida AQShning SpaceX shirkati uchinchi ekipajini Xalqaro fazo stansiyasiga yubordi. Shirkat ilk marotaba avval uchirilgan raketa va kosmik kemalarni qayta ishlatdi.

Crew-2 missiyasi Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazidan uchdi. Raketa bortidan NASA astronavtlari Sheyn Kimbro va Megan Makartur, Yevropa fazo agentligi fazogiri Tomas Peske hamda Yaponiyaning JAXA agentligi fazogiri Akihiko Hoshide uchdi. Ular 6 oy davomida ko‘plab ilmiy tajribalarni o‘tkazadilar.

Endeavour deb nomlangan Crew Dragon kapsulasi 24 - aprel kuni Xalqaro fazo stansiyasiga yetib olib, unga tutashdi.

NASA agentligi fazo kemalarini qayta ishlatish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun SpaceX xususiy shirkati bilan hamkorlik qilib keladi.

Parvozdan oldin Peske Twitterda hamkasblari bilan Florida shtatidagi plyajda dam olayotgani aks etgan fotosuratni ulashdi.

SpaceX NASA bilan imzolangan ko‘p milliardlik shartnoma doirasida uchinchi marta fazogirlarni Xalqaro fazo stansiyasiga jo‘natdi.

Birinchi missiya o‘tgan yilning may oyida amalga oshirilgan edi. Bu esa AQShning Space Shuttle dasturi tugagandan so‘ng Xalqaro fazo stansiyaga parvozlar uchun uchun rus raketalariga bo‘lgan qaramligini tugatdi.

Parvoz ortidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida kutilmaganda ko‘rinish bergan SpaceX asoschisi Ilon Mask: «Menimcha, biz kosmik tadqiqotlar yangi davrining boshlanish bosqichida turibmiz», dedi.

Ushbu parvoz Yevropa uchun muhim hodisadir. Yevropa mazkur missiyaga Alfa Sentavr yulduz turkumi nomidan ilhomlanib «Alfa» nomini berdi.

Yevropa fazo agentligining Xalqaro fazo stansiyasi dasturlari rahbari Frank De Vinne AFP agentligiga bergan intervyusida: «Bu haqiqatan ham biz uchun Xalqaro kosmik stansiyadan foydalanishning oltin davri», dedi.

Germaniyalik fazogir Mattias Maurer kuzda, italiyalik fazogir Samanta Kristoforetti keyingi bahorda SpaceX shirkatining navbatdagi missiyalari bilan Xalqaro fazo stansiyasiga uchadi.

Xalqaro fazo stansiyasining Rossiya tomonidan qurilgan navbatdagi moduli stansiyaga iyul oyida yetib borishi kutilmoqda. Modul Yevropa fazo agentligi tomonidan ishlab chiqarilgan robotlashtirilgan qo‘lni o‘z ichiga oladi.

Yevropa fazo agentligi, shuningdek, AQShning Oyga qayta fazogir uchirishni ko‘zlovchi Artemis dasturi bo‘yicha hamkoridir. Xususan, agentlik Orion kosmik kemasi uchun quvvat va harakatlantiruvchi komponentni hamda Gateway deb nomlangan Oy orbital stansiyasining muhim elementlarini hozirlab beradi.

XS
SM
MD
LG