Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2021, Тошкент вақти: 12:21

"Sputnik V" faqat rossiyaliklar uchun". Migrantlar "Sputnik Layt" bilan emlanmoqda


12 - iyul holatiga Rossiyada 70 mingga yaqin mehnat muhojiri emlangan.

Shu yilning 10 - iyulidan xorijliklarning Rossiyaga kirishi tartib-qoidalari yana o‘zgartirildi. Endilikda Rossiyaga kirib kelayotgan har bir shaxsning koronavirusga qilingan test natijalari “Puteshestvuyu bez COVID-19” (“COVID-19siz sayohat qilaman”) dasturiga kiritilishi lozim.

Rossiyaga millionlab mehnat muhojiri yetkazib beruvchi Tojikiston hukumati hozircha bu talablarni to‘liq bajara olmasligini bildirdi.

Ayni damda Moskvadagi mehnat muhojirlari 1300 rubldan “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlanmoqda.

Epidemiologlarga ko‘ra, “Sputnik Layt”ning samaradorlik darajasi pastroq va u bilan emlanganlar koronavirusni qaytadan yuqtirish ehtimoli yuqori.

Sankt-Peterburg gigiyena va epidemiologiya markazi epidemiologi Yuliy Sottayevning 12 - iyul kuni onlayn tarzida o‘tgan konferensiyada ma’lum qilishicha, “Sputnik Layt” koronavirusdan davolanganlar uchun ko‘proq mos keladi.

Tojikiston yangi koronavirus cheklovlariga tayyor emas

Rossiya bosh davlat sanitariya vrachi imzolagan 17-sonli qaroriga ko‘ra, xorij vatandoshlarining Rossiya hududiga kirish tartibi o‘zgardi.

- Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari va Tojikiston uchun - 10 - iyuldan, Ozarbayjon, Moldova, O‘zbekiston, Turkmaniston vatandoshlari uchun esa 1 - sentabrdan Rossiya Federatsiyasi chegarasini kesib o‘tish uchun COVID-19 ga PZR usuli yordamida kamida 3 kun oldin laboratoriya testining manfiy natijasi olingani “Puteshestvuyu bez COVID-19” mobil dasturi orqali tasdiqlanishi lozim, deya xabar qildi Rossiya Transport va kommunikatsiya vazirligi matbuot xizmati.

Dastur mualliflari uning asosiy maqsadi xorijliklarning “koronavirus pandemiyasi paytida erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash” ekaniga urg‘u bermoqda. Rospotrebnadzor tomonidan foydalanish majburiy qilingan bu dasturni Play Market yoki App Store-dan ko‘chirib olish mumkin.

Biroq Tojikiston hukumati Rossiyaning bu talablarini to‘liq bajarishga tayyor emasligini bildirdi.

Ozodlikning Dushanbedagi muxbirlari Tojikistondagi qator laboratoriyalar “Puteshestvuyu bez COVID-19” mobil dasturidan foydalanishga tayyor emasliklarini aniqladi. Tojik rasmiylari eng katta muammo – Rossiyaga yo‘l olayotgan mehnat muhojirlarining yangi tartiblar to‘g‘risida mutlaqo xabarsiz ekanligiga urg‘u bermoqda.

Rasmiy Dushanbe koronavirus cheklovlari joriy etilishini kechiktirishni so‘rab, Kremlga murojaat yo‘llagani aytildi.

Muhojirlar faqat "Sputnik Layt" bilan emlanmoqda

Ayni paytda, 27 - iyundan boshlab Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarni Rossiyada “Sputnik” vaksinasi bilan emlash ishlari boshlab yuborildi.

Rossiya Bosh sanitariya vrachi qaroriga muvofiq, koronavirusga qarshi vaksinalar bilan birinchi navbatda savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat korxonalari ishchilari ta’minlanishi kerak.

Mehnat migrantlari faqat uchta joyda – Saxarovo migratsiya markazi, Lujniki sport majmuasi va “Sadovod” bozorida vaksina olishi mumkin.

Rus hukumati qarori bilan migrantlar hozirda faqat bir komponentli “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlanishi mumkin. Har bir doza xorijliklar uchun 1300 rubl (~17,5 dollar) turishi aytildi.

"Sputnik Layt" bilan emlangan muhojir sertifikati
"Sputnik Layt" bilan emlangan muhojir sertifikati

Moskva hokimi Sergey Sobyanin keyinchalik vaksinatsiyaga mehnat muhojirlarining boshqa toifalari ham jalb qilinishini bildirdi. U nima uchun xorijlik ishchilar samaralikroq hisoblanayotgan “Sputnik V” bilanmas, vaksinaning birinchi varianti bo‘lmish “Sputnik Layt” bilan emlanayotganini bunday tushuntirdi:

- Mumkin bu “Sputnik V”ga nisbatan biroz samarasizroq vaksinadir, har holda u o‘zining ijobiy effektiga ega. Migrantlar chegaralardan, mintaqadan mintaqaga, bir jamoadan ikkinchisiga tez–tez ko‘chib turish xususiyatiga ega va shu bois ularni emlash ning to‘liq sikli bilan ta’minlash juda qiyin. “Sputnik Layt” bir martada samara beruvchi vosita va vaksinatsiya qilish juda tez ko‘chadi, - dedi Sergey Sobyanin.

Sankt-Peterburg gigiyena va epidemiologiya markazi epidemiologi Yuliy Sottayevning 12 - iyul kuni onlayn tarzida o‘tgan konferensiyada ma’lum qilishicha, “Sputnik Layt” koronavirusdan davolanganlar uchun ko‘proq mos keladi.

"Sputnika Layt"ning samaradorligi pastroq, chunki unda vaksinaning faqat bitta komponenti qilinadi. Bu esa emlangan odam virusni qayta yuqtirish ehtimoli yuqori, degani", deya epidemiologning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda fontanka.ru nashri.

Moskvada vaksinatsiyadan o‘tgan mehnat muhojirlari bilan suhbat asnosida emlashdan oldin shifokorlar xorijliklarning migratsiya qaydi va ishga ruxsatnomasi bor-yo‘qligini tekshirayotgani aniqlandi.

Moskvada haydovchilik qilib kelayotgan Rustamjon o‘z hisobidan emlangan migrantlardan biri. Uning Ozodlikka aytishicha, ish o‘rnini yo‘qotishdan qo‘rqayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari birinchilar qatorida borib emlanib kelgan.

- Men birinchilar qatorida “Puteshestvuyu bez COVID-19” dasturini telefonga ko‘chirib oldim. Chunki yaqin orada men O‘zbekistonga borib kelmoqchiman. Hozircha unda O‘zbekistondan kelganlar qayddan o‘tolmaydi, dastur test rejimida ishlayapti. O‘tgan hafta o‘z hisobimdan borib emlanib keldim. “Sputnik V” faqat rossiyaliklar uchun ekan, migrantlarga “Sputnik Layt” uryapti. Biz pulga ham ololmas ekanmiz “Sputnik V”ni. Men vaksina olmasam, 15 - iyuldan ko‘chaga ham chiqarishmaydi! Ishimni yo‘qotgim yo‘q, bolalarimni . Mening tanishlarim ham qo‘lida koronavirusga qarshi vaksina olgani to‘g‘risida hujjati bo‘lmasa, ishga qo‘yilmasligini aytyapti, - deydi Rustamjon.

Suhbatdosh ayrim mehnat muhojirlarida emlanishni qaydga oluvchi dasturni o‘rnatish uchun smartfon yo‘qligi, til bilmaydigan boshqa bir qismi uchun esa qayddan o‘tishning o‘zi qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligini inkor etmadi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi call-markazida Ozodlik so‘roviga Rossiyaga kirib kelishda muhojirlarga hozircha O‘zbekistonda topshirilgan PZR testi natijalari etarli ekanini aytishdi.

Rossiya COVIDga qarshi operativ shtabi 11 - iyulga qadar Moskvada 68 ming migrant “Sputnik Layt” bilan emlanganini xabar qildi.

27 - iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 - iyulga qadar mehnat migrantlarini emlashni tashkil qilish va buning “moliyaviy manbalarini belgilash”ga buyruq bergan edi.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy ma’lumoticha, koronavirus yana avj olayotgan mamlakat bo‘ylab kuniga 25 mingdan ziyod yangi kasallangan aniqlanmoqda.

Rossiya IIVsi 2021 - yilning birinchi yarmida Rossiyada xorijliklarga 540 ming ishga ruxsatnoma – patent berilganini ochiqladi.

XS
SM
MD
LG