Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:27

"SSSR qulaganiga ancha bo‘ldi". Shimoliy qozog‘istonliklar rus siyosatchilarining bayonoti haqida


Dolmatova qishlog‘i yashovchisi Nina Ivanovna - Shimoliy Qozog‘iston, 21 - dekabr, 2020
Dolmatova qishlog‘i yashovchisi Nina Ivanovna - Shimoliy Qozog‘iston, 21 - dekabr, 2020

Dolmatovo Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi eng shimoliy qishloq bo‘lib, qishloq joylashgan hudud haqida Rossiya siyosatchilari aytgan sharhlar qozog‘istonliklar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

10 - dekabr kuni Rossiya Davlat Dumasidagi Ta’lim va fan qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida Qozog‘iston «ilgari mavjud bo‘lmaganini» ta’kidladi.

«Shimoliy Qozog‘istonda umuman aholi yashamagan. [Etnik qozoqlar] mavjud bo‘lgan, ammo ancha janubda yashagan. Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining katta sovg‘asidir», - dedi Nikonov.

Olti yil oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1991 - yilda Sovet Ittifoqi qulashidan oldin «qozoqlar hech qachon davlatga ega bo‘lmagan», deb aytgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Nikonovning bu sharhidan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning «Patriot» harakati a’zosi Qozog‘istonning Moskvadagi elchixonasi yaqinida «Shimoliy Qozog‘iston – Rossiya yeri» degan bannerni joylashtirgan.

Nikonov chiqishidan keyin bir necha kun o‘tgach, Dumaning yana bir a’zosi Yevgeniy Fyodorov Qozog‘iston «o‘z hududini Sovet Ittifoqidan ijaraga olgan» deya ta’kidladi.

Fyodorov hattoki «Ittifoq respublikasining SSSR tarkibidan chiqishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish tartibi to‘g‘risida»gi qonunni nazarda tutgan holda, Rossiya deputatlari «1991 - yildagi noqonuniy qarorlarni» bekor qilish hamda «hududni qaytarish» masalalarini ko‘tarayotganlarini aytdi.

Ushbu izohlar Qozog‘istonga jiddiy e’tirozga uchradi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev qozog‘istonliklar «qo‘shnichilik munosabatlarini buzishga» urinayotgan «ba’zi xorijiy fuqarolarning provokatsion harakatlariga qarshi turishlari» kerakligini ta’kidladi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiya Federatsiyasining muvaqqat vakili Aleksandr Komarovni chaqirib, unga norozilik notasi topshirdi.
Ko‘plab qozog‘istonliklar bu sharhlar o‘z mamlakatlarida separatizmni kuchaytirishga qaratilganini aytib, Rossiya rasmiylaridan uzr so‘rashni talab qildilar.

Rossiya chegarasidan atigi 4 km masofada joylashgan Dolmatovo qishlog‘i turg‘unlari rus deputatlarning sharhlari va ular keltirib chiqargan e’tirozlardan xabardor ekanliklarini aytishadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bir necha keksa qishloq turg‘uni Nikonov va Fyodorov pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamasliklarini aytishdi.

«Bunday bayonotlarni berishlari noto‘g‘ri. Sovet Ittifoqi qulaganiga ancha bo‘ldi, [har bir mamlakatning] hududlari belgilangan, aniqlangan», - dedi 84 yoshli sobiq maktab direktori Ivan Kolomeysev.

Kolomeysev Qozog‘istondan Rossiyaga ko‘chish niyati yo‘qligini aytdi. O‘zini Nina Ivanovna deb tanishtirgan yana bir qishloq turg‘uni ham ayni fikrni izhor qildi.

«Men tom ma’noda Rossiyani o‘z hovlimdan ko‘rib turaman. Hov anavi yerda», - dedi u shimol tomonga ishora qilib. «Deyarli butun hayotimni shu yerda o‘tkazdim va ketish niyatim yo‘q. Aslida, boradigan joyim yo‘q», - dedi u.

Ammo Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi ba’zi shaharlarda yashovchi etnik ruslar, ayniqsa, yoshlar Rossiyaga ko‘chib ketish haqida o‘ylamoqda.

Ozodlikka intervyu bergan aholi vakillari Shimoliy Qozog‘istonni tark etish qarori ortida Rossiyada yaxshiroq yashash orzusi turgani va bunday qarorning siyosat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytishdi.

XS
SM
MD
LG