Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:33

Surishtiruv: Putinga oidligi aytilayotgan superyaxta ekipaji FQX xodimlaridan tuzilgan


140 metrlik Scheherazade yaxtasi Toskanadagi Marina-di-Karrara portida langar tashlagan.
140 metrlik Scheherazade yaxtasi Toskanadagi Marina-di-Karrara portida langar tashlagan.

Ozodlik radiosi o‘tkazgan surishtiruv Kreml muxoliflari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga tegishli deb da’vo qilib kelayotgan superyaxta haqida yangi tafsilotlarni oshkor qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Putinniki ekani aytiladigan Scheherazade (“Shahrizoda”) yaxtasini boshqargan menejer va unda ishlagan yevropalik ishchilar G‘arb hukumatlari musodara qilgan yoki sanksiya kiritgan rossiyalik magnatlarga tegishli bir nechta boshqa yaxtada ham ishlagan.

Ozodlik radiosi, shuningdek, qiymati 700 million dollarga baholanayotgan Scheherazade yaxtasi ekipajining yuqori martabali rossiyalik a’zosi ilgari Kreml xavfsizlik xizmati bilan millionlab dollar qiymatga ega shartnomalarni imzolagan rus yaxta shirkatida ishlaganini aniqladi.

Surishtiruv 21-mart kuni qamoqdagi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy jamoasi tomonidan e’lon qilingan Scheherazade ekipaji ro‘yxatiga tayanadi. Ayni damda Italiya rasmiylari yaxta kimga tegishli ekanini aniqlash uchun tergov o‘tkazmoqda.

Italiyada tergov boshlanishi ortidan Toskanadagi Marina-di-Karrara portida langar tashlagan 140 metrlik kema kimga tegishli ekanligiga qiziqish kuchaymoqda. Rossiya o‘tgan oy Ukrainaga bostirib kirgani uchun G‘arb davlatlari Rossiyaga hamda rossiyalik oligarxlarga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalarni joriy qilmoqda.

Navalniy jamoasi bir nechta ekipaj a’zosi Putin xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya Federal qo‘riqlash xizmati (FQX) zobitlari ekanini aniqlangan. Bu esa kema Rossiya prezidentiga aloqador ekani haqidagi taxminlar uchun qo‘shimcha asos bo‘ldi.

Scheherazade bortida ishlagan manba Ozodlikka kema ekipaj uchun ham sir bo‘lib qolganini aytdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan manbaning aytishicha, yaxtaning nomi va registratsiya qilingan porti bo‘lmagan va “juda g‘ayrioddiy” holatdir. Ekipaj a’zolari kema haqida gapirganda uning nomini emas, balki raqamli kod ishlatgan.

“Bu juda katta sir edi”, – dedi manba.

Oligarxlarning yaxtalari

Scheherazade kemasini 2020-yilda Germaniyaning Lurssen kompaniyasi qurib bitkazgan. Kema qurilishiga Monakoda joylashgan Imperial Yachts kompaniyasi bosh-qosh bo‘lib turgan. Ayni shirkat Putinning yaqini, Rossiya davlat neft giganti “Rosneft” rahbari Igor Sechin hamda Oq uy “Putinning yaqin ittifoqchisi” deb ta’riflaydigan, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga aloqador hashamatli kemalar qurilishini boshqargan.

Mart oyi boshlarida Fransiya hukumati Sechinga tegishli ekani gumon qilinayotgan Amore Vero kemasini qo‘lga oldi. AQSh esa Usmonovga tegishli Dilbar yaxtasiga qarshi sanksiya kiritdi.

Scheherazade ekipaji ro‘yxatida tilga olingan kamida ikki kishi Imperial Yachts kompaniyasida ishlagan. Ularning biri Yangi Zelandiyada tug‘ilgan duradgor Nikolas Snuks bo‘lib, u Usmonovning yaxtasida ham ishlagan. Snuks ham, ekipajning ikkinchi a’zosi – Imperial Yachts bilan aloqador britaniyalik ayol Esme Leyland ham Navalniy jamoasi tomonidan e’lon qilingan ekipaj ro‘yxatida “qo‘shimcha ishchilar” o‘laroq tilga olingan.

Ozodlik radiosining kema ekipaji a’zolari bilan bog‘lanish urinishlari samara bermadi.

Imperial Yachts vakili Ozodlikka kompaniya Scheherazade kemasini 2020-yilning iyun oyida yetkazib berganidan keyin o‘z ishini tugatganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yaxta egasi kimligidan xabardor, biroq “sanoatda odatga aylanganidek, mijozning ismini sir saqlash juda muhim sanaladi”.

Kotib kompaniya “matbuotdagi so‘nggi mish-mishlaridan” xabardor ekanini, ammo yaxtaning “[Putinga] aloqasi borligi haqida hech qanday ma’lumoti yo‘qligini” ta’kidladi.

Kemaning britaniyalik kapitani Gay Bennett-Pirs joriy oyda The New York Times gazetasiga bergan intervyusida Putin hech qachon Scheherazadega egalik qilmagani yoki unga qadam qo‘ymaganini aytdi. Kapitan italiyalik tergovchilar kema hujjatlarini tekshirayotganini qo‘shimcha qildi.

Scheherazade kemasining birinchi kapitani – Aleksandr Shcherbakov ismli AQSh fuqarosi Putin hamkorlariga aloqador ekani aytilayotgan hamda G‘arb sanksiyalariga yo‘liqqan boshqa yaxtalarda ham ishlagan. Shcherbakovning LinkedIn tarmog‘idagi profiliga ko‘ra, u Scheherazade qurib bitirilganidan keyin kemani ikki oy davomida boshqargan.

Profilda qayd etilishicha, 2017–19-yillarda Shcherbakov 65 metrli Rahil superyaxtasida kapitan bo‘lib xizmat qilgan. Yaxta esa Putinning azaliy do‘sti, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyaga uchragan Arkadiy Rotenbergning biznes hamkori Grigoriy Bayevskiyga tegishli bo‘lgan.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) tomonidan 2016-yilda o‘tkazilgan surishtiruv shuni ko‘rsatdiki, Putinning qizi Yekaterina Tixonova o‘zining rasmiy qarorgohi o‘laroq Moskva tashqarisida joylashgan va Bayevskiyga tegishli kvartirani ko‘rsatgan.

Sherbakovning LinkedIn profiliga ko‘ra, u 2014-yilning yozida Kremlga aloqador magnat Yevgeniy Prigojinga tegishli St. Vitamin yaxtasida ishlagan. 2019-yilda AQSh St. Vitamin va Prigojinga tegishli boshqa aktivlarga qarshi sanksiya joriy qilgan.

Yaxta g‘aznachisi

Navalniy jamoasi e’lon qilgan ekipaj ro‘yxatida FQX bilan millionlab dollarlik davlat shartnomalarini imzolagan taniqli rus yaxtasozlik kompaniyasi ham tilga olingan. Navalniy jamoasiga ko‘ra, Scheherazade ekipaji a’zolari orasida FQXning amaldagi xodimlari bor.

Viktoriya Kulikova Scheherazade kemasining g‘aznachisi o‘laroq ko‘rsatilgan. Kema g‘aznachisi kema faoliyatining turli jihatlari, jumladan, moliyaviy operatsiyalari uchun mas’ul shaxsdir. Ayni ismli va yoshdagi ayol nomiga Facebook tarmog‘ida ochilgan hisobda profil egasi Burevestnik Group xoldingida ishlashi ko‘rsatilgan. 2017-yilda Kulikova Burevestnik kompaniyasining savdo menejeri sifatida ro‘yxatga olingan.

Burevestnik kompaniyasiga 2003-yilda taniqli rossiyalik tadbirkor Andrey Boyko asos solgan bo‘lib, Burevestnik Rossiya yaxtachilik sanoatida eng taniqli kompaniya hisoblanadi. Boyko 2009-yilda kontrabanda ayblovi bilan hibsga olingan ammo pirovardida oqlangan. O‘shandan beri uning kompaniyasi mo‘may daromad olib keladigan davlat loyihalarida ishtirok etib keladi.

2018-yilda Rossiyaning “Sovcomflot” davlat kemasozlik kompaniyasi Burevestnikka Rossiya janubidagi Sochi kurort shahrida 2014-yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlari uchun qurilgan Sochi Grand Marina yaxta gavanini boshqarish huquqini bergan.

Ozodlik radiosi rus xizmati davlat tenderlarini ko‘rib chiqib, 2008–12-yillar oralig‘ida Boykoning Burevestnik Group savdo belgisiga egalik qiluvchi AG Marin kompaniyasi FQXga umumiy qiymati 507,6 million rublga (o‘sha davrdagi o‘rtacha kurs bo‘yicha 17,2 million dollar) teng bo‘lgan patrul qayiqlari va tegishli materiallarni yetkazib berish bo‘yicha jami 38 ta shartnomani qo‘lga kiritganini aniqladi.

Kulikova Scheherazade uchun ishlagani haqidagi savollarga javob bermadi. Burevestnik Group xoldingida go‘shakni ko‘targan shaxs Kulikova boshqa u yerda ishlamasligini aytdi.

Na Burevestnik, na FQX Scheherazade bilan aloqasi bor yoki yo‘qligi haqidagi so‘rovlarga javob bermadi.

22-mart kuni Britaniyaning The Sun gazetasida Scheherazade kemasining ichida olingani aytilayotgan suratlar chop etildi. Ularda yaxtaning chayqalishiga qarab, avtomatik tarzda sathi tekislanuvchi billiard stoli, palubada joylashgan jakuzi hamda ramkaga solingan dzyudo formasi tasvirlarini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, dzyudo Putinning sevimli sportidir.

Navalniy jamoasi e’lon qilgan hujjatlarga ko‘ra, yaxta qog‘ozda Marshall orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Bielor Asset Ltd. anonim kompaniyasiga tegishlidir.

Imperial Yachts matbuot kotibi Ozodlikka shirkatning na Bielor, na FQX bilan hech qanday biznes aloqasi yo‘qligini aytdi.

XS
SM
MD
LG