Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:31

Surishtiruv: Tojikistondagi rus harbiylari “4 oyga Ukrainaga ketib, shu bilan qaytmagan”


Ozodlikning qirg‘iz va tojik xizmatlari Ukrainadagi urush Rossiyaning Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalariga ahvoliga qanday ta’sir qilganini aniqlash maqsadida hamkorlikda kichik surishtiruv o‘tkazdi. Birinchi maqolada Tojikistondagi 201-baza, ikkinchisida esa Qirg‘izistondagi “Kant” bazasi haqida so‘z boradi.

Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasidan Ukrainadagi urushga ko‘p miqdorda askar jo‘natgan. Ozodlik tojik xizmati manbalari bergan ma’lumotga ko‘ra, urushga yo‘llanganlarning aksarini 201-diviziyaning Dushanbe va Boxtar shaharlariga joylashtirilgan harbiy xizmatchilari tashkil qiladi.

Olti yarim oydan beri davom etayotgan urushga ushbu diviziyadan anchagina harbiy jo‘natilgan. Mazkur ma’lumotni harbiy bazaning o‘zidagi va tashqaridagi kamida to‘rt manba tasdiqladi.

Rossiyaga qarashli 201-diviziya axborot bo‘limi boshlig‘i Vasiliy Maxovoy Ozodlikning 28-avgustdagi so‘roviga javoban ushbu baza harbiy xizmatchilari Ukraina urushiga yo‘llanganiga doir ma’lumotni tasdiqlamadi, ayni chog‘da inkor etgani ham yo‘q. Ushbu mavzuda suhbatlashish uchun u Ozodlik radiosidan rasmiy xat so‘ragan edi. Holbuki Ozodlik Ukrainadagi urush mazkur bazaning Tojikiston xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash imkoniyatlariga qanchalik ta’sir etgani yuzasidan izoh so‘rab 5-avgust kuni yo‘llagan rasmiy maktubiga ham hanuz javob olgan emas.

Ozodlik ixtiyoridagi audioyozuvlarga ko‘ra xulosa qilinadigan bo‘lsa, Rossiyaning 201-diviziyasidan 1000 nafardan 1500 nafargacha askar va ofitser Ukrainaga tashlangan. Ushbu bazada xizmat qiluvchi askarlardan biri 27-avgust kuni ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka “yaqin kunlarda yana 600 kishi Ukrainaga jo‘natiladi”, deb aytdi. Baza harbiy xizmatchilaridan boshqa biri ma’lumotni tasdiqlar ekan, urushga avvalroq ham 600 kishilik guruh jo‘natilganini, unda ko‘plab xizmatdoshlari bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Baza rasmiylari Tojikistondan Ukrainaga tashlangan harbiylar mavzusida ochiqcha so‘zlashishdan o‘zlarini tiyishdi. Ulardan Ozodlik suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan bir necha kishi esa “Ukrainaga ko‘p odam jo‘natilgan”ini tasdiqlash bilangina cheklandi, ammo aniq bir sanani keltirishmadi, balki buni o‘zlari ham bilishmas.

Dushanbedagi Jabbor Rasulov ko‘chasida 201-diviziyaning oziq-ovqat va ayrim yaroqsiz jihozlar saqlanadigan ombori bor. Ombor binosi katta yo‘l tomondan ko‘zga tashlanmaydi. Bino devorlariga, darvozaga “Xavfli hudud” degan ogohlantirishdan o‘zga biron peshlavha osilmagan.

Ombor. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra¸ bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari va rus harbiy bazasiga kerak bo‘lmaydigan ashyolar saqlangan.
Ombor. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra¸ bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari va rus harbiy bazasiga kerak bo‘lmaydigan ashyolar saqlangan.

Ushbu ombor xodimlaridan biri Ozodlikka Rossiya shirkatlari diviziya qo‘mondonligi farmoyishiga muvofiq omborga ayrim mollarni yetkazib berayotganini bildirdi. Yana uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush tufayli Dushanbedagi 201-diviziya harbiy xizmatchilari soni kamayib ketgan va shu munosabat bilan oziq-ovqat ta’minoti sezilarli darajada qisqargan.

“2012-yilgacha bu yer ulkan ombor edi. Keyin mahsulotlarni saqlash uchastkasi deb atala boshlandi, ijaraga olingan ayrim omborlarda harbiylarga mo‘ljallangan mollar va oziq-ovqat saqlanadi, lekin ularning miqdori ko‘p emas”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ozodlik suhbatdoshi harbiy emasligini, ammo mahsulotlarni saqlash sohasida ko‘p yillardan beri ishlashini va Ukrainaga jo‘natilgan harbiylar xususida ba’zi ma’lumotlardan voqifligini ta’kidladi.

“Ushbu bazadan mingdan ziyod, to‘g‘rirog‘i, bir yarim mingga yaqin harbiy urushga olib ketildi. Ehtimol yana jo‘natilgandir, xabarim yo‘q. Bilishimcha, harbiylar to‘rt oy Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etishi va so‘ngra qaytib kelishi kerak edi. Lekin shu choqqacha qaytishmadi. Aytishlaricha, to‘rt oydan so‘ng ularga ta’til berilgan emish”, deydi u o‘ziga ma’lum tafsilotlarni o‘rtoqlashar ekan.

Dushanbe shahridagi Rossiya harbiy bazasi joylashgan joy “harbiy shaharcha” nomi bilan mashhur. Savdo-sotiq va kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi turg‘unlar Ozodlikka bazada xizmat qiluvchi mijozlari ancha kamayib ketganini aytishdi.

“Ilgari ular ko‘p kelishardi, atrofda aylanib yurishganini tez-tez ko‘rardik. Lekin hozir kamnamo bo‘lib qolishgan. So‘nggi oylarda ul-bul xarid qilgani chiqadigan rossiyalik askarlar juda siyrak, mijozlarimizning bir qismini Ukrainaga urushga olib ketishgan”, deydi ismini ochiqlashni istamagan shu yerlik bir yoymachi savdogar.

Rossiya harbiy bazasi joylashgan Dushanbedagi hudud.
Rossiya harbiy bazasi joylashgan Dushanbedagi hudud.

Dushanbedagi harbiy baza darvozasi yaqinida savdogarlardan tashqari mijoz kutib turgan kirakashlar ham bo‘ladi. Ancha yildan beri taksichilik qiladigan bir haydovchi Ozodlik bilan suhbatda ushbu harbiy bazadan Ukrainaga 500-600 nafardan uch marta askar jo‘natilganini aytdi: “Bu gapni o‘zim yaxshi taniydigan harbiy mijozlarimdan eshitganman. Harbiylar orasida doimiy mijozlarim ko‘p edi, hozir ancha siyraklashib qolishdi. Xizmatdoshlaridan so‘rasam “Ularni Ukrainaga tashlashdi, erta-indin biz ham ketamiz”, deyishadi. Xullas, kun sayin mijozlarning barakasi qochyapti”.

“Baza tevaragidan uy va kvartiralarni ijara olgan rossiyalik harbiylar oz emasdi. Ular yaxshi haq to‘lashardi”, deydi Rossiya ofitserlariga kvartirasini ijaraga beradigan Abdurahim Solihov va ikki oydan beri yangi ijarachi topa olmaganidan shikoyat qiladi. “Ilgari nafaqat ofitserlar, balki shartnoma asosida xizmat qiladigan harbiylar ham ko‘p kelishardi. Hozir bo‘lsa hech kim kelmay qo‘ydi”, qo‘shimcha qiladi u.

Mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bosqin qilganidan so‘ng nafaqat Dushanbeda, balki Boxtar shahrida ham rossiyalik harbiylar kamnamo bo‘lib qolishgan.

Rossiyaning Boxtardagi harbiy bazasi atrofida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi Avazali “ilgari Rossiya harbiylarini dam olish kunlari bozorga, restoranlarga, cho‘milish havzalariga olib borardim. Hozir esa bir nechta rus xotin va ularning bolalaridan boshqa hech kimni uchratmayapman”, deydi.

Rossiyalik harbiylarning sevimli makonlaridan biri bo‘lgan “Ehson” restorani ofitsianti Namozali bazadan Ukrainaga 200 kishini jo‘natishgani haqida eshitganini aytdi.

Boxtardagi boshqa restoranda ofitsiantlik qiluvchi Sasha esa 28-iyul kuni Ozodlik bilan so‘zlashganida “ikki kun burun Rossiya harbiy bazasida ishlaydigan mijozlarim Ukrainaga ketishayotganini aytib men bilan xayrlashishdi”, dedi.

Boxtar shahrining Ayniy ko‘chasidagi tijorat do‘koni egasi Ruxsora Ganjiyeva shunday dedi: “Rossiya harbiylari, ayniqsa askarlar nega kamayib ketganidan xabarim yo‘q, ular rostdan ham do‘konimga kam kiradigan bo‘lib qolishdi, shu sababdan tushum anchagina kamaydi. Ular odatda turli yaxna ichimliklar va pivo sotib olishardi”.

Ukrainada urush boshlanganiga yarim yildan oshgan bo‘lsa, shu vaqt ichida Tojikistonda Rossiya qo‘shinlari bilan biron marta qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazilgani yo‘q. Holbuki 2021-yilda Rossiya va uning KXShTdagi ittifoqchilari Tojikistonda bir necha marta harbiy mashqlar tashkil qilishgan edi.

Tojik-afg‘on chegarasidagi rus tanklari. 20-iyul 2021-yil.
Tojik-afg‘on chegarasidagi rus tanklari. 20-iyul 2021-yil.

Dushanbe rasmiylari yaqin oylarda harbiy mashqlar bo‘ladimi yoki yo‘qmi degan savolga javob berishni xohlashmayapti, ammo Dushanbedagi 201-harbiy baza vakili oktabrda Tojikistonda Rossiya qurolli kuchlari ishtirokida mashqlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.

“Oktabrda Harbmaydonda mashqlar bo‘lishi kutilyapti. Mashqlar Qozog‘istonda boshlanib, Qirg‘izistonda davom etadi va oktabrning o‘rtalarida Tojikistonga ko‘chadi”, deya qo‘shimcha qildi u. Suhbatdoshimiz boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Shunaqa harbiy mashqlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu Rossiyaning Ukraina bilan urush boshlanganidan beri Tojikistonda o‘tkazgan ilk harbiy mashqlari bo‘ladi.

201-bazaga yaqin manba Tojikistonda Rossiya bilan hamkorlikda mashqlar o‘tkazilmayotgani Ukraina urushi bilan bog‘liqligini aytdi.

Baza vakillari mavzu bo‘yicha rasmiy izoh berishdan bosh tortayotgan bo‘lishsa-da, Ozodlik suhbatdoshlari Ukrainadagi vaziyat Rossiyaning nafaqat Tojikistondagi, balki boshqa mamlakatlardagi bazalari faoliyatiga jiddiy ta’sir etganini ta’kidlashmoqda.

201-diviziya Rossiyaning chet eldagi eng yirik quruqlik qo‘shinlari bazasi hisoblanadi. Uning bo‘linmalari Dushanbe va Boxtar shaharlariga joylashtirilgan, 2012-yilda esa ikki mamlakat bazaning Tojikistonda bo‘lishi muddatini 2042-yilgacha uzaytirish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. 2015-yilda diviziya Ko‘lob tumanidan Ro‘dakiy tumaniga ko‘chirilgan. Oldinroq 201-diviziya harbiylari soni 6-7 ming kishi deb ko‘rsatilardi, biroq bazada askarlar va harbiy texnika soni muntazam o‘zgarib turadi.

XS
SM
MD
LG