Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 21:40

Suriyada yil boshidan buyon 92 ta qotillik hodisasi qayd etildi


Suriyada joriy yil boshidan beri mamlakat sobiq prezidenti Bashar Asad rejimi tarafdorlaridan o‘ch olish kampaniyasi doirasida 91 ta qotillik hodisasi qayd etilgan. Bu haqda qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari kengashi (SOHR) ma’lumot tarqatdi.

Huquqbonlarga ko‘ra, Asad rejimi qulaganidan keyin uning jami 190 nafar tarafdori o‘ldirilgan, ularning besh nafari ayollardir. Asad tarafdorlari eng ko‘p Xoms, Xama va Latakiya viloyatlarida o‘ldirilgan.

SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilarning ayrimlari Asad rejimini qulatgan Harbiy amaliyotlar boshqarmasiga aloqadorligini aytishgan. Jinoyatlar siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra sodir etilmoqda, bu esa xavfsizlik talablari o‘ta buzilayotganidan darak beradi. Shuningdek, SOHR vakillari mazkur qotilliklar “suriyaliklar o‘rtasidagi ixtiloflarni kuchaytirayotgani” va aybdorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi zarurligini ko‘rsatayotgani urg‘ulashgan.

AFP agentligining aniqlik kiritishicha, o‘ldirilganlarning aksariyati Asad hukumatining sobiq mulozimlaridir.

Suriyada fuqarolar urushi 2011-yildan buyon davom etib kelmoqda. Prezident Asadga muxolif bo‘lgan guruhlarning kutilmagan hujumi 2024-yil noyabrida boshlangan. Orasida radikal islomchilar ham, mo‘tadil musulmonlar ham bo‘lgan bu guruhlar Halab, Xama va Xomsni qariyb jangsiz egallashgan.

Sakkizinchi dekabrga o‘tar kechasi Suriya muxolifati vakillari Damashqqa kirib, Asad rejimi qulatilganini e’lon qilishgan. Asadning o‘zi hozir Moskvada – Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga va oilasiga boshpana bergan.

XS
SM
MD
LG