Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 16:08

Suvsizlik kambag‘alni yanada qashshoqlashtirmoqda; hukumat uchun paxta prioritet


Angor tumanida aholiga kambag‘allikdan chiqish uchun berilgan yerga ekilgan mosh va loviya kabi ekinlar suvsizlikdan qurib qolgan

O‘zbekiston anomal jazirama va qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan ayni kunlarda Ozodlikka suvsizlik muammosi aks etgan xabar va videolar kelishi keskin ko‘paydi.

Xususan¸ janubiy Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan kelayotgan xabarlardan tomorqa va chorvani sug‘orish uchun taqchillashgan suv ustida janjallar chiqayotgani ko‘riladi.

Bu esa¸ o‘n yillardan beri xalqaro va mahalliy tahlilchilarning iqlim issiqlashib borishi bilan suv taqchilligi aholisi oshib borayotgan Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekiston uchun fundamental muammoga aylanishi¸ hatto mintaqada urush chiqishigacha olib borishi haqidagi bashoratlarini yana kun tartibiga qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligining Ozodlik gaplashgan rasmiysi¸ 2021 - yilda qurg‘oqchilik bo‘lishini hukumat oldindan bilib¸ tegishli choralar ko‘rishga kirishganini aytdi.

Ozodlikka yuborilgan vazirlik hujjatlaridan¸ hukumat muammoni maxsus komissiya tuzib¸ suv hisobini olish¸ suv taqsimlash bo‘yicha limit o‘rnatish vositasida hal etishga urinayotgani anglashiladi.

Mirziyoyev va’dasiga uchib¸ kambag‘allikdan chiqish uchun yer olib¸ unga bor puliga urug‘ sochgan dehqonlar esa¸ bunday cheklovlardan yana kambag‘allar ziyon ko‘rayotgani¸ suv taqsimlash joylarda korrupsiyalashib borayotganini bildirdi.

“Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qoparkan...”

Ozodlikka Surxondaryo viloyat, Angor tuman, Navshahar qishlog‘idan videomurojaat yuborganlar shunday fikrda. Ulardan biri Erkin Gapparovga ko‘ra¸ qishloqdagi kamida 60 ta kam ta’minlangan oila Shavkat Mirziyoyevning va’dasiga ishonib¸ takror ekin ekish uchun yer olgan.

Uning Ozodlikka aytishicha¸ yerni haydash uchun o‘zi texnikaga 50 ming so‘m¸ urug‘ olish uchun esa¸ 200 ming sarflagan. Ammo suvsizlik oqibatida ekilgan urug‘ ko‘karmay turib¸ qovjirab bormoqda.

-Prezident Andijon viloyati safarida bug‘doy daladan bo‘shagan yerlardan kambag‘alga yer beramiz, o‘zimiz haydab beramiz¸ urug‘ini beramiz va o‘zimiz sotib olamiz degan edi. Ammo bu gaplar biz uchun emas ekan. Mana bir necha kundan beri quruq va’dalarga ishonib ekinlarni sug‘orishga xarakat qilyapmiz, faqat kunlik daromad va vaqtimizni yo‘qotyapmiz. Yer kerak emas deb tashlab ketaylik desak¸ yerni haydatishga, urug‘ga so‘nggi pulimizni xarajat qilib qo‘yganmiz¸ deydi Gapparov.

Сурхонда сув жанжали - камбағалларга берилган экин ерлари сувсизликда қовжираб қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:22 0:00

Aytilishicha¸ kambag‘allikdan chiqarish uchun ishsizlarga mavsumiy yer berishni Angor tuman hokimning takroriy ekin bo‘yicha o‘rinbosari sektorga yuklagan. Sektorga mas’ul bo‘lgan prokuraturaning esa¸ Ozodlikka murojaat qilgan navshaharliklarga ko‘ra¸ vaziyatdan xabari yo‘q (tomorqa yerlarini sug‘orish prokuratura vakolatiga kirmaydi ham). Yer olganlar mahallaga murojaat qilsa¸ ular o‘zlarida na mablag‘¸ na vakolat yo‘qligini aytish bilan cheklanmoqda.

Suv taqsimoti ustidan nazorat kuchaytirildi

Angor tuman irrigatsiya bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Navshahar va tumanning boshqa hududlarida suv borasida yuzaga kelgan muammolardan xabari borligini bildirdi.

- Amudaryo sathi pasayib ketgan. Kanaldagi suv sig‘imi har yilgidan juda kam. Hukumat viloyat va rayonlar kesimida suvga limit o‘rnatgan. Ana shu limitdan kelib chiqib¸ ekin yerlarini sug‘orish grafigini tuzganmiz¸ navbati bilan beryapmiz. Prioritet paxta bilan g‘alla¸ undan keyin aholi tomorqalari. Navshaharga besh kun oldin berdik¸ yana navbati bilan oladi. Bu yil hamma joyda¸ ayniqsa¸ janubiy viloyatlarda suv masalasi juda og‘ir. Ishonsangiz¸ biz 24 soat ishlayapmiz¸ deydi Angor tuman irrigatsiya bo‘limi mulozimi.

Ayni paytda bu mulozim¸ aholi tomorqalarini sug‘orish uchun zovur va quduq suvlaridan foydalanilayotganini tilga oldi.

- Lekin bu yerda ham jiddiy muammo bor. Nasoslar yetmaydi¸ borlarining ko‘pi eskirib¸ kuyib yotibdi. Bundan tashqari¸ elektr taqchil¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis.

Ozodlikka Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridan yuborilgan videolarda ham ahvolning Surxondaryoga uyqashligi ko‘riladi.

Қашқадарëда қурғоқчилик: На одам¸ на мол¸ на экинга сув бор!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:11 0:00

Xususan¸ Qashqadaryoning Dehqonobod tumanidan kelgan mana bu videoga “ikki oydan beri na ichimlik suvi¸ va tomorqa va na mol-podalar ichgani suv yo‘q¸ bizga tezda yordam berilmasa¸ qanday yashashni bilmay qoldik”¸ deb yozilgan.

Dashnobod¸ 1 - iyul¸ 2021 - yil
Dashnobod¸ 1 - iyul¸ 2021 - yil

Surxonning Navshaharidan Ozodlikka murojaat qilganlar ham¸ ilojsizlikdan ayrim radikal choralarga qo‘l urishga majbur bo‘lishlarini aytadi.

“Viloyat hokimligiga murojaat qildik, viloyat tuman hokimligi hal qiladi¸ deb tuman hokimligi takroriy ekin bo‘yicha o‘rinbosari telefon nomerini berdi. U esa¸ sektorga yukladi, sektor mahallaga yukladi, mahalla esa yana hokimiyatga jo‘natadi. Pichoq suyakka qadaldi. Hech qanday ilojimiz qolmayapti.. Endi oxirgi yo‘l shu yerdagi barcha fuqarolar katta ko‘chani yopib o‘z e’tirozligimizni bildirish”¸ deydi navshaharliklardan biri.

Hukumatning qurg‘oqchilik davridagi ish rejasi

Ozodlik butun respublika¸ xususan¸ janubiy viloyatlardagi qurg‘oqchilik vaziyati va u bilan bog‘liq chora-tadbirlar dasturiga oid ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirlikning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi¸ ayni kunlarda aksar mutasaddilar viloyatlarda xizmat safarida yurgani va suv bilan bog‘liq vaziyatga yechim izlayotganini bildirdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar tasdiqlangan limit asosida suv oladi. Mavjud suv hududning sug‘orish maydonlari hajmi, sug‘oriladigan ekin turlari, iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, adolatli tarzda taqsimlanadi. Viloyatlarda viloyat hokimligi rahbariyati, tumanlarda tuman hokimligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan va kelishilgan grafik asosida suv beriladi.

Barcha suv iste’molchilari shu grafiklar bilan tanishtirilgan. O‘zlariga qachon suv kelishini va qachon suv olishlarini yaxshi biladi. Bir paytning o‘zida hamma suv iste’molchisiga suv berishning iloji yo‘q. Bu yil suv tanqis bo‘lishi yil boshida ogohlantirilgan.

24 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida suvdan tejab foydalanish masalalari muhokama qilingan va 2021 - yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytilgan. shuni hisobga olib, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish topshirig‘i berilgan»¸ dedi Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiysi.

Hukumatning suv taqchilligi sharoitidagi chora-tadbirlariga ko‘ra¸ 2021 - yilgi qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish maqsadida maxsus ishchi komissiyasi tuzilgan. Viloyat va tumanlarga suv limiti belgilangan¸ suv hisobi qattiq nazoratga olingan¸ suvni tejashga oid reja ishlab chiqarilgan.

Ozodlik gaplashgan angorliklar esa¸ suv taqsimoti ustidan markazlashgan nazoratning o‘rnatilishi yangi poraxo‘rlikni yuzaga chiqarganini aytadi.

“Hokim va boshqa sektor rahbarlarining qarindosh-urug‘lariga rasmiylashtirilgan katta-katta yerlari bor. Boy klasterchilar bor. Ularning yeriga suv bor¸ chunki yo zari¸ yo zo‘ri bor. Limit¸ navbat faqat kambag‘alga ishlatiladi. Bizga navbat kelganda yo suv jildirab qoladi¸ yoki uni qaysidir zo‘ravon o‘ziga burib oladi”¸ deydi angorliklardan biri.

Сурхонда сув жанжали - камбағалларга берилган экин ерлари сувсизликда қовжираб қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

Ozodlikka yuborilgan videolardan birida¸ navshaharliklarga suv navbati kelganda uni klasterchilar o‘ziga ochayotgani ortidan janjal yuzaga chiqqani ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG