Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:16

“Tadbirkorni jinoyatchiga chiqaradi”. Soliq o‘zgarishlari e’tirozlarga sabab bo‘ldi


Yangi yildan boshlab joriy etilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekistonda yuridik va jismoniy shaxslar soliq hisobotlarini E-activ va E-ijara tizimi oqrali taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Yangi yildan boshlab joriy etilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekistonda yuridik va jismoniy shaxslar soliq hisobotlarini E-activ va E-ijara tizimi oqrali taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston soliq tizimida yangi yildan boshlab joriy etilgan o‘zgarishlar mamlakat soliq tushumlarining katta qismini tashkil etuvchi kichik va o‘rta biznes faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlar bildirilmoqda.

Bundan buyon mamlakatda yuridik va jismoniy shaxslar soliq hisobotlarini E-activ va E-ijara tizimi oqrali taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar 2022 - yil 1 - yanvardan "E-aktiv" tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

Ijara shartnomalarini esa, jismoniy va yuridik shaxslar E-ijara elektron xizmati orqali taqdim etishlari shart.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini majburiy ravishda soliq organlarida elektron shaklda hisobga qo‘yish amaliyoti ham 2022 - yil 1 - yanvardan yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbek rasmiylari E-activ, E-ijara va boshqa dasturiy komplekslarni joriy etish bilan bog‘liq o‘zgarishlardan maqsad - biznesni soyadan olib chiqish va "soya iqtisodi"da daromad topayotganlarni qonuniy ishlash yo‘liga o‘tkazish ekanini aytishgan.

Ammo tadbirkorlik subyekti vakillari va hisobchilar e-ijara hamda e-aktiv platformalarida ro‘yxatga olish muammolari, mol-mulk solig‘ining haddan tashqari ko‘p chiqayotganidan shikoyat qilmoqda.

Tizim soddalashtirish o‘rniga murakkablashtirilyapti

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik hisobchi Ozodlik bilan suhbatda muammo sabablarini bunday tushuntirdi:

“Bundan buyon ijara shartnomalari E-ijara va savdo shartnomalari e-aktiv tizimlari bo‘yicha qayd qilinadi. Ipidan-ignasigacha kiritish kerak. Agar biron ma’lumot kirmasa yoki xato ma’lumot kirib qolsa, tamom bo‘ldingiz, tizim sizni qizil yo‘lakka tushirib qo‘yadi. Qizil yo‘lakka tushdi degani, shubhali soliq to‘lovchi sifatida javobgarlikka tortilish, degani. Masalan, fakturalarda tovar va xizmatlar kodini qo‘yish zarur. Lekin u kodlar hali ham unifikatsiya qilinmagan, doim o‘zgarib turadi. Shuning uchun xato ketib qolish xavfi yuqori. Xato ketib qolsa, qizil dorojkaga tushiradi, jarimasi bo‘ladi. Javobgarlik bor, kattagina jarimalar bor. Bu tizim bitta vergulni xato qilsangiz sizni jinoyatchiga, daromadni yashiruvchiga chiqarib qo‘yadi. Soddalashtirish o‘rniga tizim murakkablashtirilyapti”, - deydi hisobchi.

Ba’zi moliya sohasi mutaxassislari soliq tizimining murakkablashuvi qonuniy ishlab kelgan kichik va o‘rta biznes tadbirkorlik subyektlariga "soya iqtisodi"ga o‘tib, daromad topishdan o‘zga chora qoldirmasligini aytishadi.

Feysbukdagi Potrebitel.uz guruhidagi muhokamalarda o‘zgarishlar tanqid qilinmoqda.
Feysbukdagi Potrebitel.uz guruhidagi muhokamalarda o‘zgarishlar tanqid qilinmoqda.

Facebook tarmog‘idagi Potrebitel. uz guruhida iqtisodchi Liliya Nikolenko shunday yozadi:

“Agar siz O‘zbekistonda qonuniy ishlayotgan bo‘lsangiz, shak-shubhasiz, xarob bo‘ldingiz. 2022 - yilda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarning ayanchli oqibati shu bo‘ladi.

Bir necha kundan buyon ko‘z o‘ngimizda kichik va o‘rta biznes barbod bo‘lmoqda. Qasddanmi yoki o‘ylamasdanmi, bilmayman.

Agar soliq to‘lash bo‘yicha bu "fars" endi to‘xtatilmasa, biz juda katta muammolarga duch kelamiz. Men bu dahshatli tushning ko‘lamini tasavvur ham qilolmayapman.

Ma’qul yo‘li, O‘zbekiston biznesi bo‘g‘ib o‘ldirilmasidan turib petitsiya yozish. Boshqa yo‘li – noqonuniy ishlash.

Potrebitel. uz guruhida soliq o‘zgarishlari haqidagi bu kabi o‘nlab e’tirozlarga ko‘zingiz tushadi.

Toshkentlik Oybek Ozodov ismli tadbirkor Facebook sahifasida soliq tizimidagi o‘zgarishlar yirik korxonalar uchun ham boshog‘riq bo‘layotgani haqda yozdi.

“Faqat kichik va o‘rta biznes emas, yirik korxonalar bu tartibsizlikdan jabr ko‘rishi mumkin. Katta korxonalar, kerak bo‘lsa ko‘proq jabr ko‘radi, chunki hajm katta, savdo aylanmalari juda katta. Agar bunday bo‘ladigan bo‘lsa, biznesni yopishdan boshqa choramiz qolmaydi”, - deydi tadbirkor.

Ozodlik tadbirkor va moliyachilarning yangi soliq tizimi borasidagi e’tirozlari yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasiga bog‘landi.

O‘zini qo‘mita raisi yordamchisi, deb tanishtirgan mulozim yaqin kunlarda bu e’tirozlar yuzasidan bayonot berilishini aytdi.

“Hamma murojaatlar o‘rganilyapti. Raisimizni o‘zlari shu masalada ma’lumot beradi, saytimizda e’lon qilamiz, kuzatib boring”, - dedi O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi vakili 14 - yanvar kuni Ozodlikka.

Biznesni soyadan olib chiqishmi yoki aksincha?

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev o‘tgan yil 18 - noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida E-activ, E-ijara va boshqa dasturiy komplekslarni yaratishdan maqsad - biznesni soyadan olib chiqish va soliq to‘lovchilarga raqobat uchun teng sharoitlar yaratish ekanini aytgan edi.

“Suv xarid qilib - shina sotuvchi” firmalarni “tutish” va yashirin iqtisodiy faoliyatni fosh etish uchun soliqchilar tovar va moliyaviy oqimlarning shaffofligi uchun sharoitlar yaratmoqda. Bu ham soliq to‘lovchilar, ham idora uchun oson bo‘lmaydi. Biroq busiz soliqlar stavkalarini pasaytirib bo‘lmaydi”, - degan edi Kudbiyev.

O‘zbekistondagi soliq qonunchiligi haqida ma’lumot beruvchi “Buxgalter. uz” saytiga ko‘ra, E-ijara tizimi soliq organlariga ijara shartnomalari firibgarliklarining oldini olish imkonini ham beradi.

“Soliq to‘lovchilarni foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va QQS bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish yuzasidan tekshirish imkoniyati yaratiladi. Ular ijaraga olingan maydon hajmi kamaytirib ko‘rsatilgan va foyda yuzasidan firibgarliklarga yo‘l qo‘yilgan holatlarni aniqlashlari, shuningdek korxona omboridagi haqiqatdagi kamomadni “zaxiralar ijaraga olingan omborda saqlanmoqda” deb izoh beriladigan holatlarning oldini olishlari mumkin bo‘ladi”.

O‘zbekistonda yuridik shaxsning 18 kv.m dan kam maydonda ro‘yxatdan o‘tkazilishi noqonuniy hisoblanadi.

Yangi tashkil etilgan ayrim korxonalar ko‘pincha davlat ro‘yxatidan o‘tishni turar joy binolarida va minimal kvadrat maydonlar bo‘yicha amalga oshiradilar.

“Bundan buyon bu kabi holatlar darhol E-ijara tizimida ko‘rinadi”, - deb yozdi “Buxgalter.uz” sayti.

O‘zbekiston soliqchiligini ichidan biladigan toshkentlik hisobchiga ko‘ra, aksincha, tizim tadbirkorlarni soya iqtisodiga o‘tib ketishga undashi mumkin.

“Qonuniy ishlayotganlarga zulm bo‘lyapti. Noqonuniylar uchun jarima belgilanmaydi. Biz ham noqonuniy ishlashga o‘tar ekanmiz-da. Bu kichik biznesni davlat tomonidan ataylab yo‘q qilishmi?”, - deydi hisobchi.

Davlat soliq qo‘mitasi 2022 - yil 1 - iyulga qadar bo‘lgan muddatda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar texnik sababga ko‘ra, E-activ tizimi bilan ishlay olishmasa, ularga nisbatan sanksiya qo‘llamaslik mexanizmlari ishlab chiqilayotgani bildirgan.

XS
SM
MD
LG