Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2021, Тошкент вақти: 20:15

Tadqiqot: 20 mln nafar rossiyalik tez yordam xizmatidan vaqtida foydalanish imkonidan mahrum


Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, tez yordam 20 daqiqada bemor yoniga yetib borishi kerak, biroq 20 mln rossiyalik bunday qisqa vaqt ichida tibbiy yordamdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega emas, deyiladi “Vajniye istorii” nashri tadqiqotida.

“Rosstat” tomonidan o‘tkazilgan “Aholi turmush sharoitini kompleks kuzatish” natijalariga ko‘ra, 2020 - yilda tez yordam chaqirgan so‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘prog‘i (54 foizi) uni 20 daqiqadan ko‘proq kutgan. Qiyoslash uchun: koronavirus pandemiyasiga qadar, 2018 - yilda bu raqam 39 foiz edi.

“Rosstat” qaydicha, tez yordamni kutib qolish asosan eng aholisi kam (200 kishigacha odam yashaydigan) qishloqlarda va aholi soni 500 mingdan 1 mln nafargacha bo‘lgan shaharlarda kuzatilmoqda: 2020 - yilda tez tibbiy yordam guruhini chaqirganlarning 70 foizi uni 20 daqiqadan uzoq kutgan. Qishloqlarda tez yordamning yetib borish vaqti o‘rtacha 45 daqiqani, shaharlarda esa 1 soat 14 daqiqani tashkil qilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rossiyaliklarning tez yordam xizmatiga bergan bu bahosidan qoniqmagan. Vazirlikning o‘z ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yilda 83 foiz hollarda Rossiya bo‘yicha tez yordam chaqirilgan joyga 20 daqiqaga qolmasdan yetib borgan. Ayni chog‘da, brigadalarning yetib kelish tezligi mintaqalar bo‘yicha keskin farqlanadi.

2020 - yilda bu borada eng yomon vaziyat Kaluga viloyatida kuzatilgan: u yerda tez yordam atigi 45 foiz holatda 20 daqiqada yetib borgan, 22 foiz bemor esa vrachlarni bir soatdan ortiq kutishga majbur bo‘lgan. Tez yordam xizmati eng sust ishlaydigan uch mintaqadan biri Ryazan viloyati – u yerda faqat 50 foiz holatda tez yordam 20 daqiqada yetib borishga ulgurgan.

Koronavirus pandemiyasiga qadar tez yordam chaqiruv joyiga tezroq yetib borardi, deyiladi Rossiya SSV ma’lumotnomasida. Xususan, 2019 - yilda umuman Rossiya bo‘yicha 89 foiz holatda yetib borish vaqti 20 daqiqadan oshmagan, ayni chog‘da 28 mintaqada bu ko‘rsatkich umumrossiya miqyosidagi ko‘rsatkichdan past bo‘lgan: misol uchun, Kareliyada 69 foiz holatda brigadalar kechikmay yetib borgan. 2020 - yilda tez yordamning 20 daqiqada yetib borish umumrossiya ko‘rsatkichi 2009–2013 - yillar darajasiga qaytgan.

So‘nggi yillarda butun Rossiya bo‘ylab tez tibbiy yordam xodimlari, ayniqsa, vrachlari soni kamayib bormoqda. SSV ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yilda tez tibbiy yordam xizmatida o‘n ming nafar xodim “tez yordam shifokori” mutaxassisligi bo‘yicha ishlagan. 2000 - yil bilan qiyoslaganda ular soni ikki baravarga kamaygan. Bu aholining tez yordam vrachlari bilan ta’minlanganlik darajasiga ham ta’sir qildi: bu ko‘rsatkich 20 yilda 40 foizga pasaygan: 2000 - yilda 100 ming aholiga 12 vrach to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2020 - yilda atigi 7 nafar.

2008 - yildan beri Rossiyaning 57 mintaqasida shifokorlar soni ikki baravardan ortiqqa qisqarib ketgan. Bu borada Ulyanov viloyati peshqadam bo‘lgan: mintaqada shifokorlar soni 2008 - yilga qiyosan olti karra kamaygan.

Butun Rossiya miqyosida 100 ming nafar aholiga “tez tibbiy yordam shifokori” mutaxassisligiga ega yetti shifokor to‘g‘ri kelsa, 49 mintaqada bu ko‘rsatkich umumrossiya ko‘rsatkichidan past. Kaluga, Ulyanov, Kurgan, Bryansk va Chelyabinsk viloyatlari, Qorachoy-Cherkasiya hamda Yahudiylar muxtor viloyatida 100 ming kishiga atigi ikki nafar tez yordam shifokori to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG