Линклар

Шошилинч хабар
21 июн 2021, Тошкент вақти: 11:33

Takrorlangan Surum fojiasi: Gaz portlashida eri va o‘g‘lidan ajragan vrach adolat talab qilmoqda


Gaz quvuridagi sizishdan uyi portlab, kuyib ketgan Farida Iskandarova

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashaydigan Farida Iskandarova, viloyatning Surum qishlog‘ida portlagan gaz quvurini yotqizgan shirkat uning uyini ham kuydirgani, ammo rahbarlar jazosiz qolganidan norozi bo‘lmoqda.

O‘tgan yil noyabrda quvurdan gaz sizishi oqibatida uning uyida portlash yuz bergan va unda turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li nobud bo‘lgan, o‘zi hamda qizi qattiq kuygan.

Hozirga qadar jarohatlardan davolanayotganini aytgan Iskandarova, shifoxonada bo‘lgan kezda tergov ishi noqonuniy tarzda yopilganini da’vo qilmoqda.

Iskandarova taqdim qilgan hujjatlarda jinoyat ishining yopilishiga quvurdagi nosozlik uchun mas’ul ko‘rilgan shirkat rahbari hozirda ayni qonunbuzarlik uchun jazo muddatini o‘tayotgani asos qilib keltirilgan.

Iskandarovaning advokati ish noto‘g‘ri malakalangani, aslida bu “Surum fojiasi”ning aynan takrori ekani, bu esa quruvchi hamda shoxobchaga mas’ul shirkatlar javobgarligini yanada oshirishini ta’kidlamoqda.

2019 - yilning noyabrida Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining Surum qishlog‘idagi xonadonlardan birida portlash ro‘y berib, bir oilaning 3 a’zosi o‘lgan, yana 3 a’zosi - ikki bola va onasi qattiq kuyib, bir umrga majruh bo‘lib qolgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.


Ayni paytda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida istiqomat qilayotgan Farida Iskandarova o‘tgan yilning noyabrda uyida sodir bo‘lgan portlashda kuyib ketganini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, portlash uyi yaqinidan o‘tgan quvurdan gaz sizishi natijasida sodir bo‘lgan:

Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.
Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.

- Uyimiz yonidan gaz quyish shohobchasining quvuri o‘tgan ekan, truba plastmassa bo‘lgan. Quvur sinib ketganda, gaz qo‘shnimizning qudug‘iga to‘plangan. Bizning uyimiz o‘sha quduqqa yaqin joylashgan. O‘shandan gaz sizib, bizning uyimizga gaz to‘planib turgan bo‘lgan. Men ertalab oq xalatimni dazmolladim. Keyin dazmolni tokdan uzgan paytimda chaqmoq chiqadiku, o‘shanda birdan uyda portlash bo‘ldi. Men olov ichida qolib ketdim, - deb xotirlaydi Iskandarova.

Uning aytishicha, portlashda o‘zi bilan birga voyaga yetmagan qizi ham kuygan, 8 yashar o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i bu hodisada nobud bo‘lgan.

- Menda 25 foiz kuyish bo‘ldi, kuyish darajasi 3-4 daraja bo‘ldi. Yuzim, oyoq va qo‘l panjalarim kuyib ketgan. Qizimda 5 foiz bo‘lgan. Keyin men 3 oy shifoxonada yotdim, ketma-ket operatsiya bo‘ldim. 1 yilga nogironlik berishdi. Chiqqanimdan keyin aytishdiki: "Ishingiz yopilib ketgan, sizga boshqa hech narsa undirilmaydi, boshqa hech narsa qilolmaysiz", deb. Buni menga tergovchi xabar qilmagan. Men ish nima bilan tugaganini aniq bilmayman. Men ishning yopilishidan norozi bo‘lib advokat yolladim, - deydi Farida Iskandarova.

Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.
Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.

38 yashar Iskandarovaning kasbi narkolog vrach, mash’um hodisaga qadar Toshkent shahar narkologiya dispanserida ishlagan.

Hozir esa kuyishdan olgan jarohatlaridan ishlash qobiliyatini tamoman yo‘qotgan, misol uchun qo‘l barmoqlari bukilmas holga kelganini aytadi:

- Shu voqeadan keyin menga 300 million so‘m pul berildi. Hammasini hali ishlatganim yo‘q, lekin hisoblasak to‘liq davolanishimga bu pul yetmaydi. Lekin, Surum qishlog‘ida bo‘lgan voqea 1 yil o‘tib bizda takrorlanib turibdi. portlagan quvur ham shularga tegishli ekan. Uchinchi marta bo‘lmasligiga hech kim garantiya bermaydiku?! Shoxobcha ishlab turibdi, gaz quvurlari turibdi. Xalqni hech kim o‘ylamayapti!

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:27 0:00
Бевосита линк

Iskandarova hamda uning advokati Ozodlikka taqdim qilgan hujjatlarda qayd etilishicha, aholi yashash punkti ichidan o‘tgan va gaz sizgan quvurni “Global Trans Qurilish Montaj” MChJ shirkati yotqizgan.

Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.
Gaz quvuridagi sizishdan portlagan uyga oid hujjatdan nusxa, Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy, 30 - noyabr, 2020.

Hujjatda keltirilishicha, quvur “Mega Oil Biznes” MChJ yoqilg‘i quyish shoxobchasi buyurtmasiga asosan yotqizilgan va quruvchi pudratchi shirkat rahbarining ayni jinoyat uchun jazo o‘tayotgani inobatga olinib, shu yilning 4 - martida jinoyat ishi tugatilgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi E.Q. Donaboyev imzosi aks etgan qarorga ko‘ra, “Global Trans Qurilish Montaj” MChJ rahbari Tojiqulov G‘ulom Pardaboyevich Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudining 2020 - yilning 10 - noyabridagi sud hukmi bilan 4 yilu 6 oyga ozodlikni cheklash jazosini o‘tamoqda.

Ish tafsilotlariga ko‘ra, Tojiqulov “Mega Oil Biznes” MChJ bilan 3 milliard so‘mlik shartnoma tuzgan va shu asosda gaz quyish shoxobchasi, oshxona va quvur qurish chog‘ida qonunchilikda belgilangan talablarni bajarmagan. Shuningdek, gaz quvurini yotqizish paytida qumtushama va izolyatsiya talablarini belgilangan tartibda bajarmagan.

Iskandarovaning advokatiga ko‘ra, bu qonunbuzarliklar 2019 - yilning noyabr oyida Quyichirchiqning Surum qishlog‘idagi xonadonda ro‘y bergan portlashga sabab bo‘lgan.

O‘shanda yuz bergan portlashda 1 oilaning 3 a’zosi o‘lgan, yana 3 a’zosi - ikki bola va onasi kuyish jarohati olib, bir umrga majruh bo‘lib qolgani hamda uzoq davom etgan sudlov jarayoni haqida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

Ozodlik ixtiyoridagi tergov hujjatlariga ko‘ra, 2019 - yil 11 - noyabr kuni Hulkar Pirnazarova ismli ayolning xonadonidan ellik metr naridagi gaz quyish shoxobchasiga yer ostidan tortilgan polietilen quvur teshilgan.

Oqibatda, undan sizib chiqqan gaz yer osti bo‘ylab xonadonga tarqalgan. Bundan bexabar Pirnazarova oshxonada choy damlash uchun gugurt yoqqanida gaz chaqnab, portlash ro‘y bergan.

Oradan bir yil o‘tib, ayni shirkat yotqizgan quvurdan gaz sizishi oqibatida Yangiyo‘l tumanida takrorlangan portlashda esa yana bir oilaning 2 a’zosi o‘ldi, ikki nafari - ona va qiz kuyish jarohati oldi, ona bir umrga majruh bo‘lib qoldi.

Сурум фожиаси: Бир оилада уч ўлим ва уч мажруҳлик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:27 0:00

Ismi ochiqlanishini istamagan advokat, aslida ayni fojianing 1 yil o‘tib, Yangiyo‘l tumanida takrorlanishi, quruvchi va yoqilg‘i quyish shoxobchasini yurgizayotgan shirkatlarning javobgarligini yanada oshirishini ta’kidlaydi.

Advokatga ko‘ra, bu holat - muammoning tizimli ekani, ehtimol bu shirkat yotqizgan quvurga yaqin boshqa xonadonlar ham xavf ostida bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Advokat Farida Iskandarova xonadonidagi portlash bo‘yicha jinoyat ishining tugatilishini noqonuniy, deb hisoblashi va bu ish yuzasidan, o‘z himoyalanuvchisi so‘roviga binoan, shikoyat arizasi kiritishini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, bu kabi fojialarga jamoatchilik ham jiddiy e’tibor qaratishi va mas’ul shirkatlarning javobgarlikka tortilishini nazorat qilishi kerak.

XS
SM
MD
LG