Uzbekistan Airways aviashirkati talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarning ekonom toifasi aviachiptalari tarifiga 50 foizgacha chegirma e’lon qildi.
Aviashirkat matbuot xizmati qaydicha, chegirma 2024-yil 23- dekabridan 2025-yil 7-yanvariga qadar amalga oshiriladigan aviaqatnovlar uchun amal qiladi. Bu imkoniyatdan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim bo‘yicha davlat muassasalari talabalari foydalanishi mumkin.
“50% gacha chegirmali aviachiptani Toshkentdagi Uzbekistan Airways Sales filialida, uning agentlaridan O‘zbekiston hududida va booking.uzairways.com saytida xarid qilishingiz mumkin. Yo‘lovchi tashish tariflariga qo‘shimcha ravishda turli soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlar ham o‘rnatiladi. Ularga 50% gacha taqdim etiladigan chegirma amal qilmaydi”, deyilgan shirkat xabarnomasida.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan oliy ta’lim tashkilotlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilariga 2024-yil 25- dekabridan 2025-yil 7-yanvariga qadar qishki ta’til e’lon qilingan.
Uzdiplomat.uz sayti chegirma e’lon qilinganidan keyin Uzbekistan Airways kompaniyasi saytida uzilishlar yuzaga kelgani, eng xaridorgir yo‘nalishlarda chipta qolmaganiga e’tibor qaratgan. “Doimgidek chegirma bor, lekin arzon chipta yo‘q”, deb yozgan nashr.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham 23-dekabrdan 10-yanvarga qadar barcha mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlar (SV/VIP toifa vagonlar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlaridan tashqari) chiptalari uchun talabalarga 50 foizlik chegirma taklif qilgan.