O‘zbekistonda 1990-yil 20-iyunida Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishiga eng ko‘p qarshi chiqqan shaxs o‘sha paytda O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi, O‘zbekiston SSR prezidenti Islom Karimov bo‘lgan. Bu haqda tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov “Daryo” nashriga bergan videointervyusida bildirdi.
O‘zbekistonda “Mustaqillik me’mori” o‘laroq e’tirof etiladigan prezident Karimov, professor Rajabovga ko‘ra, aslida Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishiga “tish-tirnog‘i bilan qarshi” bo‘lgan.
“U chet ellik bir mehmon bilan vodiyga (Farg‘ona vodiysi − tahr.) jo‘nab ketgan kuni O‘zbekiston Oliy kengashidagi xalq deputatlari 20-iyun kuni Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi. Islom Karimov u yoqdan (safardan - tahr.) qaytib kelganidan keyin: “Bu bir parcha qog‘ozing hatto tualetda ishlatishga yaramaydi”, degan fikrni aytdi. “SSSRda tug‘ildikmi − SSSRda o‘lamiz. Moskva butun xalqingning hammasini qirib tashlaydi. Hech qachon mustaqillik berilmaydi”, degan fikrlar o‘sha paytda xalq deputatlariga 1990-yil iyunida aytilgan”, dedi tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov.
Tarixchi olim fikricha, Mustaqillik deklaratsiya ilk bor qabul qilingan kun aslida o‘zbek xalqining bayrami bo‘lishi kerak, biroq o‘sha kuni buni na televideniye va na radioda aytilgan.
“Ikki kundan keyin deklaratsiya matni o‘zgartirilgan holda, yana aytaman - Moskvaning tasdig‘idan o‘tkazilgan holda matbuotda e’lon qilindi. Eng qizig‘i, agar biz 1990-yil iyun oyidagi gazetalarni ko‘rsak − deklaratsiya qonun bu − turli gazetalarda turlicha shaklda chiqqanligining guvohi bo‘lamiz. Holbuki, bu qonun bitta harfi ham o‘zgartirilmasdan chop etilishi kerak edi”, deya e’tirof etdi professor Qahramon Rajabov.
O‘zbekistonda Mustaqillik deklaratsiyasi ilk bor 1990-yilning 20-iyunida qabul qilingani haqida Ozodlik avvallari ko‘p marotaba yozgan. Bu borada odatda muxolifatchilar va mustaqil jurnalistlar gapirib kelishgan. Biroq bu tarixiy faktning O‘zbekiston ichida ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanib kelayotgan professor tomonidan e’tirof etilishi ilk bor kuzatilmoqda.