Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:04

Tayvandagi zilzila oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi


Tayvandagi zilzila oqibatida qiyshayib qolgan turarjoy binosi, 2024-yil 3-apreli
Tayvandagi zilzila oqibatida qiyshayib qolgan turarjoy binosi, 2024-yil 3-apreli

3-aprel kuni ertalab Tayvanda, turli seysmologik agentliklar ma’lumotiga ko‘ra, 7,2 dan 7,7 gacha magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.

Tayvan rasmiylari tomonidan tarqatilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila natijasida yetti kishi o‘lgan, 738 kishi tan jarohati olgan. Qutqaruvchilar yiqilgan binolar vayronalari ostida 77 chog‘li kishi qolgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Zilzila epimarkazi Tayvan oroli sharqida — Xualyan shahri yaqinida bo‘lgan. Telekanallar zilzila oqibatida yuzaga kelgan katta ko‘chki va qiyshaygan binolar aks etgan kadrlarni namoyish etishmoqda.

Orol shimolida joylashgan Taybey shahri metrosida ham kuchli silkinishlar his etilgan. Metro bir muddatga yopilgan, biroq tez orada metroning aksariyat tarmoqlarida harakat tiklangan. Yer qimirlashi Xitoyning janubi-sharqiy mintaqasi va hatto Shanxayda sezilgani haqida xabarlar bor.

Zilzila ortidan Tayvan, Yaponiya va Filippinda sunami xavfiga oid ogohlantirishlar tarqatilgan, biroq ayni paytda sunami xatari yo‘qligi aytilmoqda.

Tayvanning tegishli idoralari orolning qariyb barcha joyida elektr ta’minoti tiklangani, atom elektr stansiyalariga shikast yetmaganini ma’lum qilishgan. Temir yo‘llar va poyezdlarga ham zarar yetgan emas, biroq tekshiruvlar tufayli qatnovlarda kechikishlar bo‘lishi mumkin. Yer silkinishi ortidan ayrim zavodlarda xodimlar evakuatsiya qilingan, hozir esa ularning hammasi o‘z ish joylariga qaytishgan.

Bugungi zilzila Tayvanda 1999- yildan buyon kuzatilgan zilzilalarning eng kuchlisi bo‘lgan. 25 yil muqaddam sodir bo‘lgan 7,6 magnitudali o‘sha zilzila oqibatida ikki mingdan ziyod odam nobud bo‘lgan, 50 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan edi.

XS
SM
MD
LG