Uchinchi dekabr oqshomida Gruziya poytaxti markazida politsiya aksilhukumat norozilik namoyishini tarqatib yuborgan. Ular norozilarga qarshi suvotar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashgan. Guvohlar tasvirga olgan videoda o‘q ovozlarini eshitish mumkin, taxminlarga ko‘ra, politsiyachilar namoyishni tarqatish uchun rezina o‘qlardan foydalanishgan.
Ozodlikning “Exo Kavkaza” loyihasi xabariga ko‘ra, politsiyaning maxsus topshiriqlar bajaruvchi otryadi norozilar tomonga Ozodlik maydoni tomonidan harakatlangan. Namoyishchilar qo‘lga olingan. Ayni paytda u yerda qo‘lga olingan odamlar soni ma’lum emas.
Gruziyada hukumatning YIga kirish jarayonini to‘xtatib qo‘yish qaroriga qarshi muxolifat va yevrointegratsiya tarafdorlarining norozilik aksiyalari olti kundan buyon davom etmoqda. Bungacha parlament saylovi rasmiy natijalariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
Tbilisida namoyishlar kuzatilgan olti kun ichida ma’muriy moddalar bo‘yicha 293 kishi, jinoiy moddalar bo‘yicha esa 6 kishi qo‘lga olingan. Namoyishlar bostirilayotgani uchun Boltiqbo‘yi mamlakatlari Gruziya Ichki ishlar vazirligi va “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi rahbariyatini sanksiya ro‘yxatiga kiritgan. Buning ortidan Estoniya, Latviya va Litva elchilari 3-dekabr kuni Gruziya TIVga chaqirilgan.