Eronda Tehron universitetining tolibasi OTM kampusida ustki kiyimlarini yechib tashlagani ortidan qo‘lga olindi. Bu haqda birinchi bo‘lib Eron telegram-kanallari va huquqbonlar xabar qilishdi.
Ularning iddaosicha, toliba hijobni risoladagidek o‘ramagani uchun xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy ta’qibga uchragan.
Ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik kuchlari xodimlari va hukumatparast “Basij” yoshlar tashkiloti vakillari qo‘lga olingan tolibaning kiyimlarini yirtib tashlashgani haqida yozishmoqda. Ayni paytda ayrim guvohlar tolibaning o‘zi yechinganini iddao qilishyapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, toliba politsiyaga yo‘llangan va u bilan aloqa yo‘q. Bu orada universitet vakili qo‘lga olingan qiz ruhan sog‘lom emasligini, u klinikaga yo‘llanganini bildirgan.
Tolibaning ismi ochiqlangan emas.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha Erondagi maxsus ma’ruzachisi Tehronda sodir bo‘lgan voqeani diqqat bilan kuzatib turganini bildirgan. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti esa qo‘lga olingan tolibaning zudlik bilan ozod qilinishini, uning yoniga advokati va oila a’zolari qo‘yilishini talab qilib chiqqan.
Joriy yilning aprel oyida Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi mamlakatda ayollar uchun qat’iy dress-kodga rioya qilish masalalari bo‘yicha yangi huquq-tartibot organi tuzilgani haqida e’lon qilgan. Mazkur bayonot Eron rasmiylari so‘nggi kunlarda axloq qoidalariga muvofiqlik yuzasidan tekshiruvlarni kuchaytirgani, reyd ishtirokchilari ayollar bilan qo‘pol muomalada bo‘layotganiga oid xabarlar paydo bo‘lgani ortidan berilgan.
2022-yil sentyabrida Eronda mahalliy tolibalardan Mahsa Aminiy vafot etgan edi. U hijobini noto‘g‘ri o‘ragani uchun qo‘lga olinganini iddao qilgan Axloq politsiyasi keyinroq uning “yurak xurujidan” o‘lganini bildirgan. Aminiyning yaqinlari toliba politsiyachilar tomonidan o‘lgunicha kaltaklanganini ta’kidlashgan.
Aminiyning o‘limidan keyin Eron ommaviy ko‘cha namoyishlari boshlangan. Norozilik chiqishlari bir necha oy davom etgan va ular so‘nggi bir necha o‘n yil ichida Eronning konservativ rahbariyatiga qarshi eng jiddiy qo‘zg‘alishlardan biri o‘laroq baholangan. Mazkur to‘qnashuvlarda yuzlab odam halok bo‘lgan, minglab kishi hibsga olingan, norozilik namoyishlarining bir necha ishtirokchisi esa qatl etilgan.