Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

Tesla xodimlarini 10 foizga qisqartirmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Tesla o‘z xodimlarini o‘n foizga qisqartirayotgani haqida boshqa nufuzli nashrlar qatori Associated Press agentligi ham xabar qildi. Kompaniya birinchi chorakdagi hisob-kitoblardan so‘ng o‘z xarajatlarini shu yo‘l bilan kamaytirishga qaror qilgan.

Qaror haqida Tesla rahbari Ilon Maskning o‘zi ma’lum qilgan. Ish o‘rinlari qisqartirilishi Texasdagi zavodda amalga oshirilishi mumkin. Tesla'ning Texas shtati Ostin shahridagi zavodida 140 ming 473 nafar ishchi mehnat qiladi. Agar reja amalga oshsa, 14 mingga yaqin xodim ishdan bo‘shatilishi mumkin.

Ilon Mask qaydicha, Tesla o‘zining keyingi o‘sish bosqichiga tayyorgarlik ko‘rar ekan, "xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirish uchun kompaniyaning har bir jabhasini ko‘rib chiqish juda muhim", deb yozdi The New York Times va CNBC.

Shuningdek, Tesla'ning ikki asosiy rahbari kompaniyani tark etishini e’lon qilgan. Energetika bo‘limi katta vitse-prezidenti bo‘lib ishlab kelgan Endryu Baglino, 18 yil o‘tib kompaniyadan ketishga qaror qilganini bildirgan.

Ommaviy siyosat va biznesni rivojlantirish bo‘yicha global direktor vazifasida ishlagan Rohan Patel ham sakkiz yillik faoliyatidan so‘ng Tesla'dan ketayotganini yozgan.

Kompaniyada muhandislik bo‘yicha bir nechta yuqori lavozimlarda ishlagan va hozirgacha texnologiya bo‘limi direktori bo‘lgan Baglino ketish qarori oson bo‘lmaganini urg‘ulagan.

"Biz bir jamoa bo‘lib, muammolarga birgalikda yechim topgan vaqtlarimizni qadrlayman. Toza energiyaga o‘tishni tezlashtirish missiyasiga hissa qo‘shganimdan mamnunman", deb yozgan u.

Dushanba kuni Tesla o‘z xodimlarini qisqartishi haqidagi xabarlar manzarasida kompaniya aksiyalari 4,8 foizga arzonlagan. Tesla'ning aksiyalari elektromobillar sotuvi kamaygani ortidan joriy yilning shu davrigacha o‘z qiymatining uchdan bir qismini yo‘qotgan.

Butun dunyo bo‘ylab raqobat kuchaygani, elektr transport vositalari savdosida o‘sish sekinlashgani kabi qator omillar sababli o‘tgan chorakda Tesla savdosi keskin pasaygan. Kompaniya yanvardan martgacha 386 ming 810 ta avtomobil chiqargan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga qaraganda (423 mingta avtomobil) qariyb 9 foizga kam.

XS
SM
MD
LG