Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:05

Tezligi past internet va soxta sertifikat. "Bir million dasturchi" qanday tayyorlanmoqda?


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Andijon viloyatidagi o‘rta maktablarda ishlaydigan informatika o‘qituvchilari “Bir million dasturchi” loyihasiga o‘quvchilarni a’zo qilish, loyiha sertifikatini olib berish bilan bog‘liq butun yuk ularning zimmasiga tushayotganini aytmoqda. O‘qituvchilardan birining iddao qilishicha, u ishlaydigan maktabda “Bir million dasturchi” loyihasi sertifikatini olgan 540 nafar o‘quvchining hammasi uchun laboratoriya ishini o‘qituvchi bajarib bergan.

Ozodlikka sizdirilgan hujjatdan anglashilishicha, viloyat bo‘ylab “Bir million dasturchi” loyihasiga maktab o‘quvchilarini a’zo qilish va loyiha sertifikatini olish rejasi mavjud va uning ijrosi har kuni nazorat qilinadi.

Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi bunday reja borligini tasdiqladi. Mamlakat bo‘ylab “Bir million dasturchi” loyihasi sertifikatini olish “poygasi” avjga chiqishi prezident Mirziyoyev “Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak”, deganidan keyin kuzatilmoqda.

2017 - yilda BAAda ishga tushirilgan One Million Arab Coders loyihasidan nusxa ko‘chirilgan “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasiga 2019 - yilning kuzida start berilgandi.

Andijondan kelgan xatlar

“Andijondan murojaat qilyapman. Maktabda ilmiy bo‘lim mudiri bo‘lib ishlayman. 13 - sentabr kuni maktab direktorlariga Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zoom yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda “Bir million dasturchi” loyihasida qatnashayotgan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish topshirildi”.

“Andijon viloyatida “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha ayrim o‘qituvchilar kechasi bilan uxlamasdan ishlamoqda. Chunki bu sayt kunduzi ishlamaydi, kechasi 01:00 dan tonggi 5:00 ga qadar ishlaydi. Ishlamagan sayt uchun talab kuchli bo‘lyapti”.

Andijon viloyatidan Ozodlikka o‘tgan oyda kelgan bu ikki xabarni birlashtiruvchi nuqta “Bir million dasturchi” loyihasiyu unda qatnashayotgan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish talabidir.

Quyidagi xabar esa, kuni kecha keldi va u ham Andijon viloyatidan:

“Hozir maktab direktorlarining aksariyati saylov uchastkasida mas’ul qilib tayinlangan. Har kuni dastlab Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati yig‘ilish o‘tkazadi. Yig‘ilishlarning asosiy mazmuni – “Bir million dasturchi” va bitiruvchilarning oliy ta’limga kirganlik ko‘rsatkichlarini oshirish”.

O‘qituvchi: O‘quvchilarim uchun men "o‘qiyapman"

Ozodlik bu uch xatdan birining muallifi bilan bog‘landi. Ismi va maktabi nomi aytilmaslik sharti bilan gapirgan, yoshi 30 lardagi suhbatdoshimiz 2000 ga yaqin o‘quvchi ta’lim oladigan yirik maktabning yuqori sinflarida informatika o‘qituvchisi bo‘lib ishlashini aytdi.

“Bir million dasturchi" loyihasi 2019 - yili boshlangan. Avvaliga birov shoshiltirayotgan emasdi. Biroq yangi o‘quv yilidan boshlab rahbarlarimizning topgan gapi “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘lib qoldi”, - dedi o‘qituvchi.

Informatika muallimining aytishicha, u ishlaydigan maktabning informatika darsi o‘qitiladigan yuqori sinflarida jami 700 nafar atrofida o‘quvchi bor va shu kungacha ularning 540 nafari One Million Uzbek Coders loyihasi sertifikatini olgan. “540 o‘quvchidan qanchasi sertifikatni o‘z kuchi bilan oldi”, degan savolga o‘qituvchi “Hech kim”, deb javob berdi.

O‘qituvchining aytishicha, uzbekcoders.uz saytiga kirib, talab qilinadigan uch oylik tahsilni olishlari uchun o‘quvchilarning na uylarida, na maktabda imkoniyati bor:

“Maktabimizda bitta kompyuter sinfi bor, xolos. Unda 2009 - yilda ishlab chiqarilgan 16 ta kompyuter bor. Internet tezligi o‘ta past. Uzbekcoders.uz saytiga tungi 01:00 dan tonggi 5:00 ga qadar kirib ishlash mumkin, xolos. Bu yoqda rahbarlar bir millionchini ko‘paytir, deb qo‘ymaydi. Natijada o‘quvchilar uchun o‘zimiz o‘qib, o‘zimiz laboratoriya ishi bajarib, o‘zimiz sertifikat olyapmiz”.

O‘qituvchining aytishicha, u ishlaydigan maktab uchun kamida uchta kompyuter sinfi, yuqori tezlikdagi Internet, uzluksiz elektr ta’minoti kerak.

Hokimlik talabi

Andijondan kelgan xatlar hamda informatika o‘qituvchisining iddaolari yuzasidan Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan rasmiy izoh olib bo‘lmadi. Biroq o‘zini “boshqarma etakchi mutaxassisi”, deb tanishtirgan mulozim Ozodlikka “13 - sentabr kuni viloyat hokimi (Shuhrat Abdurahmonov) viloyat ta’lim boshqarmasi boshlig‘iga bitiruvchilarni oliy ta’limga kirishini ko‘tarasan va boshqa parametrlaringni ham, shu jumladan “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha ko‘rsatkichlaringni to‘g‘rilaysan, deb topshiriq bergan”, deb yozdi.

Reja va uning ijrosi

“Bir million dasturchi” loyihasiga o‘quvchilarlarni jalb qilish masalasi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining kundalik nazoratida ekanligi Ozodlikka kelgan ma’lumotnomadan anglashiladi.

"Bir million dasturchi" loyihasi bo‘yicha Andijon viloyati bo‘yicha ko‘rsatkichlar, 2021, 20 - sentabrdagi holat.
"Bir million dasturchi" loyihasi bo‘yicha Andijon viloyati bo‘yicha ko‘rsatkichlar, 2021, 20 - sentabrdagi holat.

Joriy yilning 20 - sentabrigacha bo‘lgan holat aks etgan Ma’lumotnomaga ko‘ra, viloyatdagi 764 ta maktabning 7 – 11 - sinflaridagi 225625 o‘quvchi “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha sertifikat olishi rejalashtirilgan. Bu reja viloyat bo‘ylab 20 - sentabrgacha 26,7 foizga bajarilgan.

Reja bajarganga "Spark"

Maktab o‘quvchilarini “dasturchi” qilish rejasi nafaqat Andijon, balki butun mamlakatda quloch yoygani mahalliy matbuot xabarlaridan ma’lum. «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i katta bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanidagi (Qoraqalpog‘iston) 39-son umumta’lim maktabiga O‘zbekiston prezidenti sovg‘asi - «Spark» avtomobili topshirilgani to‘g‘risida 7 - aprelda oper.uz Telegram kanali xabar qilgan edi.

Qoraqalpog‘iston. Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-maktabga “Bir million dasturchi” loyihasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani uchun topshirilgan Prezident sovg‘asi.
Qoraqalpog‘iston. Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-maktabga “Bir million dasturchi” loyihasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani uchun topshirilgan Prezident sovg‘asi.

Xuddi shunday sovg‘a 8 - aprelda Navoiy viloyat, Karmana tumanidagi 2-son umumta’lim maktabiga rahbarlik qilayotgan Tursunoy Xalilovaga “Bir million dasturchi” loyihasida maktab o‘quvchilari qayd etgan yuqori natijalari uchun berilgani to‘g‘risida Xalq ta’limi vazirligi xabar qilgan edi.

Prezident Mirziyoyev 10 - sentabrda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 567 ming o‘g‘il-qiz bepul saboq olgani, ularning 79 foizi maktab o‘quvchilari ekanligini qayd etgan, 2 mingdan ortiq maktabning birorta ham o‘quvchisi bu loyihada ishtirok etmagani ko‘rsatib o‘tgan, “Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak”, – deb tayinlagan edi.

"Konseptual" oqsash

Andijonlik o‘qituvchining “o‘quvchilar mustaqil ravishda «Bir million dasturchi» loyihasida ishtirok etib, sertifikat olishlari uchun moddiy-texnik va texnologik imkoniyat yetarli emas” degan iddaosida qanchalik jon bor?

Bu savol javobini topish uchun maktablarning kompьyuterlar bilan ta’minlanish darajasini bilish lozim. Ochiq manbalarda bu haqda ma’lumot ko‘p emas.

O‘zbekiston prezidenti 2019 - yilning 29 - aprelida imzolagan farmonga ilova qilingan “Xalq ta’limi tizimini 2030 - yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarida” mamlakat bo‘ylab 9863 ta kompyuter sinfi mavjudligi e’tirof etilgan (farmon imzolangan vaqtdagi ko‘rsatkich).

Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, 2019 - yili mamlakat bo‘ylab 9942 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lgan.

Agar davlat rahbari farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiya ko‘rsatkichlariga erishilgan bo‘lsa, bu yil maktablarni zamonaviy kompьyuterlar bilan ta’minlash darajasi 30% ga ortgan bo‘lishi kerak. Kontseptsiyada bu ko‘rsatkichni 2030 - yilga borib 100% ga yetkazish rejalashtirilgan. Ya’ni andijonlik o‘qituvchi ishlayotgan, hozirda 2009 yili chiqqan 16 ta kompyuterli bitta kompyuter sinfi bor maktabda, u orzu qilayotgan “zamonaviy kopьyuterlar o‘rnatilgan kamida 3 ta kompyuter sinfi” 2030 - yilda ham paydo bo‘lmaydi.

Vazirliklar dedi, demadi...

Umumta’lim maktablarining moddiy-texnik va texnologik imkoniyatlari yetarli emas ekan, informatika o‘qituvchilarini qiynashdan, ularning qo‘li bilan o‘quvchilarni sertifikatli qilishdan nima naf?

Ozodlikning ikki kun davomida Xalq ta’limi vazirligidan bu savolga javob olish urinishlari zoye ketdi - vazirlik matbuot xizmati qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ozodlik ayni savollar bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatiga bog‘landi.

Vazirlik matbuot kotibi Nazokat Azim “Innovatsion rivojlanish vazirligining “Bir million dasturchi” loyihasiga bevosita aloqasi yo‘qligi, biroq vazirlik dasturchilarni qo‘llab-quvvatlab kelishi, “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida IT sohasida ishlaydigan yoshlar ham bor”ligini aytdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida vazirligimiz imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus kurs ochgan”, dedi Nazokat Azim. Uning aytishicha, "Innovatsion rivojlanish vazirligining maktablarni kompyuterlar bilan, Internet bilan ta’minlashga aloqasi yo‘q".

IT mutaxassisi: Dasturchilik - noyob hunar

Dasturchilik har bir maktab o‘quvchisi o‘rgansa bo‘ladigan hunarmi? Ozodlik bu savolni o‘zini Ali Valiyev deb tanishtirishni so‘ragan IT-mutaxassisga berdi.

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taklif qilinayotgan kurslar dasturchilikning poydevoridir. Biroq shu dastlabki ko‘nikmalarga ega bo‘lib olish uchun ham resurslar etarli bo‘lishi kerak. Ayniqsa, qishloqlardagi maktablarda bunday resurs bor, deb o‘ylamayman. Eng avvalo Internet bor-yo‘qligi masalasi bor. Qolaversa, hamma ham dasturchi bo‘lib keta olmaydi. Birovda bor bunga qobiliyat, ko‘pchilikda yo‘q. Lekin loyiha taklif qilayotgan elementar bilimni egallab qo‘ysa, zarar qilmaydi, bola mantiqiy fikrlashga o‘rganadi”, dedi IT-mutaxassisi.

“Bir million dasturchi” qanday loyiha?

O‘zbekistonda “Bir million dasturchi” (One Million Uzbek Coders) dasturchilarni tayyorlash loyihasiga 2019 - yilning noyabrida start berilgan. Dasturni ishga tushirish marosimi Toshkentdagi Inxa universitetida bo‘lib o‘tgan, unda Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etgan edi.

“One Million Uzbek Coders loyihasining amalga oshirilishi aholining keng qatlamlarini AKT sohasidagi yangi kasblarni o‘zlashtirishga jalb qilish, yoshlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan kishilarni ishga joylashtirishga imkon beradi”, — degan edi hukumat rahbari.

2017 - yilda BAAda ishga tushirilgan One Million Arab Coders loyihasiga o‘xshash loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Dubai Future Foundation jamg‘armasi, Toshkentdagi Inha universiteti, IT-akademiyalar, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT-maktab bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aytilgan.

Loyiha raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida UzbekCoders.uz maxsus portali orqali aholining keng qatlamlarini dasturlashga masofadan o‘qitishni nazarda tutadi.

Uning birinchi bosqichida o‘zbek tilida global mehnat bozoridagi to‘rtta eng talabgir mutaxassislik — Data Analysis, Android Programming, Full-Stack Development va Frontend Development qamrab olinadi. Umumiy kurs 120 soatni tashkil etadi. Har bir daraja yakunlarida laboratoriya ishlari amalga oshirilib, tegishli sertifikatlar berilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG