Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 22:17

"Tibbiy yordam yo‘q": Navalniy qismati Rossiya qamoqxonalaridagi ahvolni o‘rtaga chiqardi


Rossiya va jahon e’tibori Vladimir viloyatining Pokrov shahrida 2-sonli qamoqxonada saqlanayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniy taqdiriga qaratilgan.

Uzoq yillardan beri faollar, huquqshunoslar va sobiq mahbuslar Rossiya qamoqxonalarida va tergov izolyatorlarida tibbiy xizmat ayanchi ahvolda ekani haqida bong urib keladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p holatlarda gumonlanuvchilarga bosim o‘tkazish, mahbuslarni qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lishga majburlash yoki jazo chorasi o‘laroq ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi.

"Umuman tibbiy yordam masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘p holatlarda qamoqxonada faqat feldsher bor va mutaxassislar qachon tashrif buyurishi to‘g‘risida aniq jadval yo‘q", - deydi "Obshchestvenniy verdikt" nodavlat huquqiy yordam tashkilotining tadqiqotlari bo‘yicha direktori Asmik Novikova.

"Bu, albatta, o‘ta jiddiy muammo".

Ayni damda butun Rossiya va jahon e’tibori Vladimir viloyatining Pokrov shahrida 2-sonli qamoqxonada saqlanayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniy taqdiriga qaratilgan.

Navalniy zaharlangani ortidan muolaja olgan Germaniyadan shu yil 17 - yanvarida Moskvaga qaytib kelishi bilanoq qamoqqa tashlangandi.

2 - fevral kuni Rossiya sudi muxolifatchiga nisbatan avvalroq chiqarilgan shartli jazoni haqiqiy qamoq jazosiga almashtirdi va uni 2,5 yil qamoq jazosiga hukm qildi.

Navalniy va uning advokatlari qamoqda uning sog‘lig‘iga putur yetkazish uchun "qasddan kampaniya" olib borilayotganini da’vo qilishmoqda.

Navalniy umurtqalararo disk churrasidan aziyat chekayotgani va qo‘l-oyoqlarida sezgirlikni yo‘qotayotganini aytib keladi. Uning advokatlari so‘zlariga ko‘ra, muxolifatchi o‘tgan yilning avgust oyida zaharlanganidan beri hali to‘liq tuzalib ketgani yo‘q.

Navalniy qamoqqa olinganidan beri 13 kilogramm vazn yo‘qotgan. Muxolifatchi sog‘lig‘i yomonlashgani munosabati bilan oldiga o‘z vrachi kiritilishini talab qilib ochlik e’lon qilgan.

Bundan tashqari, Navalniy o‘z bo‘lmasidagi kamida uchta mahbus sil kasalligiga chalinganini aytgan. Muxolifatchining o‘zi 5 - aprel kuni nafas yo‘llari kasalliklari alomatlari bilan qamoqxona kasalxonasiga ko‘chirilgan edi.

Qamoqxona ma’murlari Navalniy sog‘lig‘i kuzatilayotganini aytib, uning ahvolini "qoniqarli" deb baholadi.

Novikovaning so‘zlariga ko‘ra, Navalniy saqlanayotgan qamoqxonada haqiqiy vaziyat qanday ekanini aniqlashning iloji yo‘q, chunki «qamoqxonalarda sodir bo‘layotgan hodisalar haqidagi barcha ma’lumotlar Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) tomonidan monopollashtirilgan».

"Ammo men bilganlarim shuni ko‘rsatadiki, u yerda tibbiy yordam deyarli yo‘q".

24 yil Rossiya qamoqxonalarida o‘tirgan va hozirda Mahbuslarning huquqlarini himoya qilish jamg‘armasida ishlayotgan Oleg Dubrovkin Navalniy hikoyasi mahbuslar huquqlari himoyachilari uchun juda yaxshi tanish ekanini aytdi.

Dubrovkinning aytishicha, qamoqxona tizimida tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qat’iy qoidalar mavjud, ammo ular tartibsiz qo‘llaniladi.

"Navalniy saqlanayotgan muassasada ularga amal qilinadimi yoki yo‘qmi, bilmayman", - dedi u Ozodlikka bergan intervyusida.

"Men uchun barcha mahbus bir, xoh u Navalniy bo‘lsin, xoh oddiy Petrov bo‘lsin. Bu muhim emas".

26 - mart kuni Navalniyning sog‘lig‘iga oid shikoyatlar tobora kuch olar ekan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu shikoyatlarni rad etib, shunday dedi:

"Jazoni ijro etish federal xizmatidagi biron-bir tizimli muammo haqida bizga ma’lum emas".

XS
SM
MD
LG