Xitoyning Tibet muxtor rayonida 7-yanvar tongida sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishi natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 53 kishi halok bo‘lgan, 60 dan ziyod odam yaralangan. Zilzila magnitudasi 6,8 ballni tashkil etgan.
Zilzila epimarkazi Tingri uyezdida 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgani aytilmoqda. Bi-bi-si qaydicha, zilzila kuchi Tibetning eng muqaddas shaharlaridan biri hisoblanmish Shigadzeda ham sezilgan. Bu yerda Tibet buddaviyligida obro‘-e’tiboriga ko‘ra faqat Dalay-lamadangina quyida turadigan Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan.
Yer silkinishi qo‘shni Nepal va Hindistonda ham his etilgan. Tabiiy ofat sodir bo‘lgan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Zilzila hududiga 1,5 mingdan ziyod qutqaruvchi yo‘llangan.
Yirik geologik siniq chizig‘ida joylashgan bu mintaqa uchun zilzilalar odatiy hol bo‘lib hisoblanadi.