Tibetda zilzila chog‘ida nobud bo‘lganlar soni 126 nafarga, jarohat olganlar soni esa 188 kishiga yetgan. Bu haqda Xitoyning “Sinxua” davlat axborot agentligi xabar qildi.
6,8 magnitudali yer silkinishi epimarkazi Shigadze shahar okrugida 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgan.
Eng kuchli zilziladan so‘ng magnitudasi 4,4 gacha bo‘lgan yana bir necha aftershok qayd etilgan. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, yer silkinishi qo‘shni Nepal, Butan va Hindistonda ham his etilgan.
Avvalroq Xitoy seysmologik tarmoqlari markazi 7-yanvar kuni ro‘y bergan zilzila so‘nggi besh yil ichida eng kuchlisi bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Sinxua” agentligi Shigadze rasmiylaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga tayangan holda tabiiy ofat chog‘ida 3609 ta uyga shikast yetgani, aholi orasida 30 mingdan ziyod jabrlangan shaxs boshqa joyga ko‘chirilgani haqida yozib chiqqan. Qayd etilishicha, binolar vayronalari ostida qidiruvlar davom etmoqda. Qutqaruvchilar evakuatsiya qilinganlar uchun chodirlar qurishga ham shoshilishmoqda, chunki, taxminlarga ko‘ra, Tingri uyezdida havo harorati - 17 darajagacha sovishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Tibetdagi zilzila oqibatida ko‘plab odam hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga ta’ziya yo‘llagani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Bi-bi-si qaydicha, zilzila ro‘y bergan Shigadze shahri Tibetning eng muqaddas shaharlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bu yerda Tibet buddaviyligida obro‘-e’tiboriga ko‘ra faqat Dalay-lamadangina quyida turadigan Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan.