Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:20

Tinib-tinchimagan yaponlar. Ukrainadagi urush Yaponiyada qayta tiklandi


Yaponiya. Donbassdagi urush qatnashchisiday kiyingan yapon Kalashnikov avtomati bilan o‘tiribdi.
Yaponiya. Donbassdagi urush qatnashchisiday kiyingan yapon Kalashnikov avtomati bilan o‘tiribdi.

Bir qarashda ukrain harbiylarining bu suratlari Donbassdagi harbiy harakatlari payti olingan deb o‘ylaysiz. Aslida esa ular Donetsk yoki Luganskdan minglab chaqirim yiroqda – Yaponiyada olingan.

Bu suratlarni fevral boshlarida Xarkovda istiqomat qiluvchi yapon tilidan tarjimon Boris Moroz ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida obunachilari va do‘stlariga taqdim etdi. Sirtdan qaraganda odatiy manzaralar: “Azov” batalyoni va boshqa ukrain bo‘linmalarining jangchilari Ukraina bayrog‘i fonida turfa alfozda suratga tushgan.

Chindan ham tafovutni bir qarashda payqash amrimahol. Mana, masalan, quyidagi suratda jangchi Donetsk aeroportini rossiyaparast ayirmachilardan mudofaa qilgani bilan dong qozongan 79-brigada bayrog‘i fonida ko‘rinish bergan. Ammo, ishonchingiz komil bo‘lsinki, barcha suratlar Yaponiyaning Tiba prefekturasidagi xaroba binoda chekilgan.

Ma’lumki, Ukraina sharqidagi urush tarixdagi nomdor janglarni rekonstruksiya qilishga ishqiboz Igor Strelkov boshliq otryadning Slavyansk shahriga bostirib kirishidan boshlangan edi. Charxning aylanishini ko‘ringki, endi dunyoning olis bir go‘shasida Strelkovning o‘zi ham shunday ijodiy tajribaga “xomashyo” bo‘lib turibdi!

Turfa fotosuratlarga qaraganda, serhafsala yaponlar nafaqat ukrain harbiylari, balki rossiyaliklar, xususan, Qrimni bosib olishda qatnashgan mashhur “yashil odamchalar” qiyofalarini ham tiklamoqda.

Harbiylar qo‘lidagi aslahalar haqiqiy emas, balki zamonaviy qurollarning straykbol va eyrsoft o‘yinlari uchun chiqarilgan nusxalaridir. O‘q o‘rnida plastik zo‘ldirchalar otadigan pnevmatik miltiqlar, boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, Yaponiyada qonuniy tarzda sotiladi. Masalan, straykbol o‘ynash uchun yasalgan Kalashnikov avtomatini 265 dollarga xarid qilish mumkin.

Yapon rekonstruktorlari bilan 2016 - yildan beri birga ishlab kelayotgan Xayao Sato ushbu hobbi shinavandalari ilgari asosan amerikalik harbiylarga taqlid qilganini aytadi. Biroq, keyingi yillarda Ukraina sharqidagi urush qatnashchilarining siymolari ham tobora ommalashmoqda.

Satoning so‘zlariga ko‘ra, rus militarizmi mavzusiga qiziqish unda AK-47 avtomatini ko‘rganidan so‘ng paydo bo‘lgan. “Rossiyadan keyin esa unga qo‘shni davlatlar armiyalari bilan qiziqa boshladim”, – deydi u.

Ikki yapon rekonstruktori “Ozodlik” bilan suhbatda bu mashg‘ulot tagida biron bir mafkura yo‘qligini ta’kidladi. Aytishlaricha, bu shunchaki, “kovboylar va hindular jangi” o‘yinining takomillashtirilgan talqini bo‘lib, ramziy belgilar urushayotgan tomonlarni bir-biridan farqlash uchungina qo‘llanadi.

Shunga qaramay, yigitlar jangchilarning ust-boshi, qurollari va boshqa urush detallarini nihoyatda sinchkovlik va hafsala bilan tanlashadi. Zarur ashyo va jihozlar aksari maxsus forumlar orqali sotib olinadi. Nodir qurollar esa buyurtma bilan 3D bosma usulida tayyorlanadi. Yaponiyalik do‘kondor o‘z mijozlariga bir oz kiyilgan, ammo haqiqiy rus harbiy ust-boshlarini topib berishini aytib maqtanar ekan, “tijorat siri”ni ro‘kach qilib, mollarni qayerdan va qanday keltirishini ochiqlashdan bosh tortdi.

Xayao Satoga ko‘ra, ukrain yoki rossiyalik askarning bir komplekt ust-boshi, harbiy anjom va quroli 2000 dollarga boradi.

Yaponlar sovet zamonidagi harbiy dala tushligini ham rekonstruksiya qilishibdi. Ularning mehnatini hurmat qilgan holda, aytish kerakki, “Evian” mineral suvi hamda postsovet mamlakatlardagi yakka-yarim ovloq joylardan boshqa yerda uchramaydigan “kazak arag‘i” mualliflarni fosh qilib qo‘ygan.

Yaponlar rus harbiylari bilan birga Rossiya “omonchi”lariga ham bajonidil taqlid qilishadi. Qolaversa, o‘tgan asr 90-yillari “gopnik”larini ham maromiga yetkazib gavdalantirishadi.

Ukraina janubidagi harbiy harakatlar hududiga ko‘p martalab borgan “Ozodlik” ukrain xizmatining ko‘p yillik fotografi Andrey Dubchak suratlarni ko‘rib bunday munosabat bildirdi: “Xotirjam alfozda avval ukrain harbiylarining, keyin esa ularning dushmanlari kiyimlarini kiyadigan odamlarga qanday baho berish mumkin?! Lekin, afsuski, voqeligimiz shunday, bunday faktlar ommaga qiziq-jozibali ko‘rinadi”.

XS
SM
MD
LG