Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:35

TIV Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan xavotir izhor qildi


“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi ishtirokchilari, Toshkent, 2024-yil 15-apreli (O‘zbekiston TIV fotosi)
“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi ishtirokchilari, Toshkent, 2024-yil 15-apreli (O‘zbekiston TIV fotosi)

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada O‘zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqirishi aytilgan.

Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaymiz”, deyilgan TIV bayonotida.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroil hududiga yuzlab dron va o‘nlab raketa vositasida hujum uyushtirgani ortidan yanada keskinlashib ketgan. Isroil tomoni Eron zarbasiga munosib javob berilajagini bildirgan, biroq bu javob qachon va qay shaklda berilishini ochiqlagan emas.

Eron o‘zining tunov kungi hujumini 1-aprel kuni Eronning Damashqdagi konsulxonasida Islom inqilob posbonlari korpusi generallari Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Xodiy Rahimiy hamda ularning besh nafar xizmatdoshi Isroil zarbasi natijasida o‘ldirilishiga javob ekanini bildirgan.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 15-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishida ham muhokama qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev mazkur yig‘ilish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda bildirgan.

TIV mulozimiga ko‘ra, vazir Baxtiyor Saidov mezbonligida bo‘lib o‘tgan Toshkentdagi anjumanda Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 44-sessiyasi raisi shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi, Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va O‘mon tashqi ishlar vazirlari, BAA prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, energetika va sanoat vaziri, shuningdek, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari, Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etgan. Tadbirga Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri faxriy mehmon sifatida taklif etilgan.

Yig‘ilishda Markaziy Osiy va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasida siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha gaplashilgan.

Dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar doirasida Yaqin Sharqda bugungi kunda yuzaga kelgan vaziyat haqida so‘zlashgan vazirlar bundan tashqari, Afg‘oniston, Falastin-Isroil mojarosi va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha ham fikr almashishgan.

A’loyevga ko‘ra, vazirlar yig‘ilishi yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilingan. “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini esa 2026-yili Quvaytda o‘tkazishga kelishib olingan.

XS
SM
MD
LG