Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2020, Тошкент вақти: 22:10

Tog‘li Qorabog‘da janglar davom etmoqda


Bo‘lginchi Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi markazi Stepanakert Ozarbayjon armiyasining artilleriya hujumidan so‘ng - 4 -noyabr, 2020

Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabrda boshlangan janglar davom etmoqda. 5 -noyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston yana bir-birini tinch aholini nishonga olishda aybladi.

Armaniston mudofaa vazirligi 5 - noyabr kuni Ozarbayjon shahar va qishloqlariga hujumlar davom etganini bildirdi. Vazirlik e’lon qilgan bayonnomada «4 - noyabr kuni hamda 5 -noyabrga o‘tar kechasi Armaniston qurolli kuchlari turli yo‘nalishlardan Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalarining oldingi pozitsiyalariga hamda aholi punktlariga turli xil kichik qurollar, gaubitsalar va minomyotlardan o‘t ochdi», deyiladi.

Bo‘lginchi Tog‘li Qorabog‘ning amalda mudofaa vazirligi esa, hududning sharqiy qismida Ozarbayjon qo‘shinlarining hujumi izdan chiqarilganini bildirdi. «Bugun soat 10:30 da dushman sharqiy sektorda zirhli mashinalar yordamida hujum boshlamoqchi bo‘ldi. Armaniston tomoni ko‘rgan choralar natijasida Ozarbayjon kuchlari bir zirhli mashina, bir yuk mashinasini va ko‘p sonli jasadni ortda qoldirib, chekindilar», deyiladi bo‘lginchi harbiylar bayonnomasida.

Shu bilan birga, Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari Ozarbayjonni mintaqa poytaxti Stepanakertga yaqin joylashgan Martuni va Shusha shaharlaridagi fuqaroviy nishonlariga artilleriya bilan hujum qilishda aybladilar. Xabarlarga ko‘ra, bu hujumlardan hech kim jabr ko‘rmagan.

Xalqaro hamjamiyat Ozarbayjon hududi o‘laroq tan oladigan Tog‘li Qorabog‘ 1994 - yildan beri Armaniston dastaklab kelayotgan etnik armanlar nazorati ostida. Mintaqada harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketganidan beri 6 hafta o‘tdi. Xabarlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar minglab odam, jumladan, tinch aholi nobud bo‘lgan.

Bugunga qadar Rossiya, Fransiya va AQSh vositachiligida erishilgan otashkesim bitimlari to‘qnashuvlarni to‘xtata olmadi. 4 - noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva «Janubiy Kavkazdagi mojaroga tezroq barham berish uchun qo‘lidan kelgan barcha chorani ko‘rayotganini» aytdi.

«Biz Armaniston va Ozarbayjon bilan muloqot qilib turibmiz. Umid qilamanki, biz mintaqada yashovchi barcha taraflar uchun ma’qul bo‘ladigan natijaga erishamiz», deya so‘zini davom ettirdi Rossiya prezidenti.

5 - noyabr kuni Armaniston tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi o‘z faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa-da, guruh doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanmaganini aytdi.

90-yillar boshida Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga yechim topish maqsadida tuzilgan Minsk guruhiga AQSh, Fransiya va Rossiya raisdoshlik qiladi. Mnatsakanyan Yerevanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «ayni damda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun hech qanday uchrashuv rejalashtirilmagan», - dedi.

Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabrdan beri davom etayotgan janglarda shu kungacha mingdan oshiq arman askari halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Ozarbayjon hukumati halok bo‘lgan askarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmayapti.

Rossiya hisoblariga ko‘ra, to‘qnashuvlar bugunga qadar umumiy hisobda 5 mingdan oshiq odam umriga zomin bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG