Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:20

Tojik-afg‘on chegarasida yetti kontrabandachi o‘ldirildi


Afg‘onistonning Tahor viloyatida yashovchi manbalar Tojikiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan o‘tishga uringan yetti nafar afg‘onistonlik tojik chegarachilari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qilishdi, deya xabar qildi Ozodlikning tojik xizmati.

“Hashti subh” nashri qaydicha, hodisa 9-aprel tunida tojik-afg‘on chegarasining Chohob tumanida joylashgan uchastkasida sodir bo‘lgan.

Bu ma’lumot Tojikiston tomonidan ham, Afg‘oniston tomonidan ham hali rasman tasdiqlangani yo‘q.

“Hashti subh” nashrining o‘z manbalariga tayangan holda xabar qilishicha, o‘ldirilganlar Tahor va Badaxshon viloyatlari turg‘unlari bo‘lgan. Ular narkotik kontrabandasi bilan shug‘ullangani taxmin qilinmoqda. Ulardan ikkisi Tahor viloyatining Chohob tumanida dafn qilingan.

“O‘ldirilganlarning shaxsi hali aniqlanganicha yo‘q”, deya qayd etgan “Hashti subh. Bu nashr yangilik va reportajlari bilan o‘z auditoriyasi ishonchini qozongan, biroq chegaradagi hodisaga oid xabarni hali mustaqil manbalar vositasida tasdiqlatish imkoni bo‘lgan emas.

Afg‘onistondan Tojikistonga giyohvand moddalar olib o‘tilishi rasmiy Dushanbe xavotiriga sabab bo‘ladigan muammolardan biri bo‘lib hisoblanadi. Mamlakat rasmiylari Afg‘onistonda toliblar hokimiyat tepasiga kelganlaridan buyon Tojikistonga narkotik kontrabandasi oqimi ko‘payganini iddao qilishadi.

O‘z navbatida, toliblar 2023-yilda narkotik savdosi taqiqlangani ortidan Afg‘onistonda afyun ekiladigan maydonlar 95 foizga qisqarganini bildirib kelishmoqda.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan Panj daryosi ajratib turadi, biroq ikki mamlakat chegarasi bo‘ylab narkotik kontrabandachilari tomonidan foydalanib kelinadigan o‘tish qiyin bo‘lgan uchastkalar ko‘p.

Tojikiston Narkotiklar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda Tojikistonda 5 ming tonnaga yaqin giyohvand modda musodara etilgan, narkotikning katta qismi (2 tonna 731 kilogrammi) Afg‘onistonga chegaradosh Xatlon viloyatida qo‘lga tushirilgan.

XS
SM
MD
LG