Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:36

Tojik ekspertlari: “Afg‘onistonda toliblarga qarshilik ko‘rsatish hali-beri to‘xtamaydi”


Tojikistonda Afg‘onistonning Panjshir darasida ro‘y berayotgan voqealar rivojini sinchiklab kuzatmoqda. Toliblarning Panjshirga keng ko‘lamli hujumiga nisbatan internetning tojik segmentida salbiy fikr-mulohazalar bildirildi, tojik ekspertlari esa Tolibonga qarshi kurash hali beri tugamasligini bashorat qilmoqda.

Ko‘p yillar Afg‘onistonda ishlagan tojik jurnalisti Ilhom Nazriyev Panjshir ma’muriyati binosi toliblar nazoratiga o‘tganda ham bu vodiy to‘liq ishg‘ol etilganini bildirmasligini ta’kidlaydi.

Ilhom Nazriyev
Ilhom Nazriyev

“Panjshirda boshqa 20 dan ortiq daralar bor, ya’ni vodiy jo‘g‘rofiyasi shunday tuzilganki, xalq lashkari jangchilari son jihatidan o‘zlaridan bir necha baravar ortiq qo‘shinga bemalol qarshilik ko‘rsatishlari mumkin”, deydi u.

Siyosatshunos Qosim Bekmuhammad Panjshir qulaganda ham, Afg‘onistonda, aynan ushbu darada va boshqa viloyatlarda qarshilik harakati to‘xtamasligini bashorat qiladi: “Kelgusida Tolibon zulmiga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarilishiga shubham yo‘q”.

Qosim Bekmuhammad
Qosim Bekmuhammad

Panjshir voqealari bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlar tojik segmentida eng muhim mavzu bo‘lib turibdi. Pokistonning Panjshirdagi xatti-harakatlariga qarshi norozilik sifatida ayrim foydalanuvchilar va jamoatchilik faollari Tojikiston hukumatini Dushanbedagi Pokiston elchixonasini yopishga chaqirmoqda, elchixona binosi oldida miting qilishga da’vat etayotganlar ham bor.

Pokiston elchixonasi oldida norozilik chiqishlari o‘tkazish va hatto ushbu mamlakat dipmissiyasini yopib qo‘yish talablari OAVda Pokiston Panjshirga havodan zarba berganligi haqida xabarlar paydo bo‘lgani ortidan yangramoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilar Pokiston aralashuvi toliblarning katta kuch bilan hujumga o‘tishiga olib keldi, deb hisoblaydi.

Tojikiston demokratik partiyasi faoli Ahmadshoh Komilzoda Pokistonning xatti-harakatlarini “Islomobodning Panjshirdagi tojik xalqiga qarshi urushi”, deb atadi. Uning aytishicha, “o‘tgan kecha Pokiston harbiy dronlari Pajshirga qaqshatqich zarbalar bergan. Pokiston Panjshirning toliblarga taslim bo‘lishini xohlaydi”.

Ijtimoiy tarmoqlarda Panjshir darasida, tog‘lar uzra parvoz qilayotgan uchuvchisiz uchar qurilma aks etgan videolar yoyinlangan edi. Biroq ushbu kadrlarning ishonchliligini tekshirish imkoni yo‘q.

Tojikiston hukumati Pnjshirdagi so‘nggi voqealar yuzasidan rasmiy izoh bermayapti. Avvalroq prezident Imomali Rahmon Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashuvi chog‘ida “Tojikiston hukumati ushbu mamlakatda zulm va ta’qiblar bilan, butun afg‘on xalqi va barcha milliy ozchiliklar manfaatlarini hisobga olmasdan shakllantirilgan hech bir hukumatni tan olmaydi”, deb aytgan edi.

Tojikiston rahbari toliblar mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar ishtirokida o‘tish davri hukumatini tuzish va ularni islom amirligini tashkil qilishga hozirlash xususida avval bergan va’dalaridan voz kechganini eslatdi.

Imomali Rahmon qo‘shni Afg‘onistonda davlat qurilishi xalq xohish-istaklaridan kelib chiqib belgilanishi, hukumat esa mamlakatdagi barcha etnik ozchiliklar, shu qatorda “Afg‘oniston nufusining 46 foizini tashkil etuvchi” tojiklar vakillaridan tarkib topishi lozimligini urg‘uladi.

Biroq ekspertlar fikricha, ayni sharoitda tojik hukumatidan ko‘p ham umidvor bo‘lmagan ma’qul. “Mintaqadagi, xususan, Tojikistondagi geosiyosiy vaziyat Afg‘oniston bilan munosabatlarda jur’atliroq bo‘lishimizga imkon bermaydi”, deydi Qosim Bekmuhammad.

Jurnalist Ilhom Nazriyevga ko‘ra, Tojikiston Afg‘onistondagi mojarolarga aralashmasligi kerak.

Ikkala ekspert Afg‘onistondagi etnik tojiklar huquqlarini himoya qilishning eng to‘g‘ri yo‘li, agar hukumat shuni istasa, dastavval xalqaro hamjamiyat hamda mintaqa mamlakatlari bilan maslahatlashib olish, deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, 6 - sentabr kuni ertalab Tolibon Panjshir viloyatini to‘liq o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi, ammo milliy qarshilik kuchlari ushbu ma’lumotni rad etdi. Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid ma’lum qilishicha, qarshilik harakati rahbarlaridan biri – Ashraf G‘ani hukumatidagi birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih Tojikistonga qochgan. Lekin bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlangan emas.

Panjshirdan kelayotgan xabarlarning ishonchliligini tekshirish imkoni hozircha mavjud emas: Tolibon hujumga o‘tishi oldidan shirkatlarni mintaqada aloqa va internet xizmatlarini o‘chirishga, shuningdek, elektr energiyasi uzatishni to‘xtatib qo‘yishga majbur qilgan.

XS
SM
MD
LG