Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:38

Tojikiston armiyasi shay turibdi: chegarada xudkush terrorchilar bo‘linmasi va “Ansorulloh” faollashgan


Tolibon harakati rasmiylari Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh Tohar viloyatiga “minglab” askar yo‘llaganini bildirdi. Undan oldinroq esa tojik-afg‘on chegara hududlarida Mahdiy Arsalon boshliq “Ansorulloh” guruhi faollashgani va Tojikistonga hujum qilishni ko‘zlayotgani haqida xabarlar chiqqan edi. Bu tahdidlar ortidan Tojikiston hukumati barcha xavfsizlik kuchlarini to‘liq jangovar shay holatga keltirgani aytilmoqda.

Xudkush terrorchilar bo‘linmalari – Toharda

Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan so‘ng mamlakatda islom amirligi tuzilganini e’lon qilgan Tolibon harakati so‘nggi kunlarda “xavfsizlikka tahdidlarni va boshqa potensial tahdidlarni bartaraf etish uchun” Tohar viloyatiga askariy bo‘linmalarni jo‘natdi.

Tojikiston hukumati ushbu xabar “bir oz bo‘rttirilgan” deb hisoblamoqda, ammo, shu bilan birga, “chegaraning narigi tarafidagi ekstremistik guruhlarning xatti-harakatlarini nazorat qilayotganini” aytgan.

Tolibon vakili Zabihulloh Mujohid 25 - sentabr kuni “Twitter”dagi sahifasida harbiy mashinalar va harbiy ust-boshli odamlar suratlarini e’lon qilib, ostiga “Islom Amirligi Mansuriy armiyasi”ning maxsus vazifani bajaruvchi minglab jangchilari xavfsizlikka potensial tahdidlar va boshqa muammolarni bartaraf etish uchun Toharga yuborildi”, deb yozdi.

Islom Amirligi Mansuriy armiyasi asosan xudkush terrorchilardan tashkil topgan. O‘tgan haftada toliblar ushbu qo‘shinlar Badaxshon viloyatiga kiritilgani haqida e’lon qilgan edi.

26 - sentabr kuni Tojikiston chegara qo‘shinlarining Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi vakillaridan biri o‘z ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlik radiosining tojik xizmatiga “minglab askarlar” haqidagi ma’lumot xavotirli ekanini, biroq ular chegaraning nari tomonida yuz berayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatishayotganini aytdi.

“Bizga ma’lum bo‘lishicha, minglab askar kelgan emas, lekin u tomonda o‘n kishi to‘planib turgan taqdirda ham biz buni tahdid deb qabul qilamiz va shaylikni oshiramiz. Chegarachilarimiz vahimaga tushmaydi va yolg‘on xabarlarga parvo qilmaydi, real ahvoldan kelib chiqib harakat qiladi”, deydi chegara qo‘shinlari mulozimi.

“Ular bir baloni boshlamoqchi”

Ozodlik radiosi tojik xizmatining Tojikiston chegara qo‘shinlaridagi manbasi 22 - sentabr kuni olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, “tojik toliblari” (“Ansorulloh” guruhi jangarilarini shunday ataydilar – Ozodlik izohi) tojik-afg‘on chegarasining Badaxshon bo‘lagiga hujum qilishni rejalayotganini aytdi.

“Shunaqa ma’lumot bor. Ammo chegarachilarimiz shay turibdi... Biz narigi sohildan bo‘ladigan xavfni darhol sezamiz va har qanday hujumni daf etishga tayyormiz”, degan manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston hukumati ma’lumotni o‘rganmoqda, biroq, har ehtimolga qarshi, mamlakatdagi kuchishlatar tuzilmalar yuqori shaylik holatiga keltirilgan.

Ozodlik radiosi tojik xizmati Tolibon afg‘on-tojik chegarasi uchastkalaridan birini qo‘riqlashni Tojikistonda taqiqlangan “Ansorulloh” guruhiga topshirganini aniqlagan edi. Ushbu guruhning ko‘plab jangchilari Dushanbe tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Muhammad Sharifov (Mahdiy Arsalon) Tojikiston sharqidagi Nurobod tumaniga qarashli Safedchashma qishloq jamoati Sherbegiyon qishlog‘ida tug‘ilgan¸ “Ansorulloh” guruhi yetakchisi
Muhammad Sharifov (Mahdiy Arsalon) Tojikiston sharqidagi Nurobod tumaniga qarashli Safedchashma qishloq jamoati Sherbegiyon qishlog‘ida tug‘ilgan¸ “Ansorulloh” guruhi yetakchisi

“Ansorulloh” guruhi yetakchisi Mahdiy Arsalon amalda Ko‘fob, Shikay, Nusay, Maymay hamda Xoxon kabi besh afg‘on uezdining “amiri” hisoblanadi. Mazkur uyezdlar Darvoz tumani hamda Tojikistonning Shamsiddin Shohin tumani bilan chegaradosh.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Mahdiy Arsalon – Tojikiston sharqidagi Nurobod tumaniga qarashli Safedchashma qishloq jamoati Sherbegiyon qishlog‘ida tug‘ilgan Muhammad Sharifovning taxallusidir. Mahdiy Arsalon va uning tobelari “Ansorulloh” guruhi jangarilarining ikkinchi avlodiga mansub.

“Ansorulloh” (“Jamoati Ansorulloh”) guruhi – tarkibida tojikistonliklar mavjud yagona terrorchilik tashkiloti bo‘lib, o‘tgan butun vaqt mobaynida toliblar tarafida urushgan. Tojikiston chegarasida Tolibon bayrog‘ini aynan Mahdiy Arsalon va uning jangarilari ko‘targan edi.

Afg‘onistonning Darvoz tumanida yashovchilar Tolibon g‘alabasidan so‘ng Kobulga ketgan Mahdiy Arsalon shu kunlarda yana Darvozda paydo bo‘lganini bildirganlar.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining yuqori martabali xodimlaridan biri esa Ozodlikning tojik xizmatiga uning odamlaridan biri yaqinda tojik-afg‘on chegarasidagi hududda “tojik toliblari” va “kavkazlik toliblar”ning maxfiy kengashiga guvoh bo‘lganini ma’lum qilgan.

“Ular bir baloni boshlamoqchi. Jangarilar mahalliy aholi orasidan Tojikiston hududiga eltadigan qulay yo‘lni biladigan odamni surishtirib yuribdi, deyishyapti”, degan afg‘on maxsus xizmati sobiq mulozimi.

Tolibon Tojikistonni qo‘rqitmoqchimi?

Ayrim ekspertlar toliblarning tojik chegarasidagi xatti-harakatlarini Tojikistonning Tolibonga munosabati bilan bog‘lamoqdalar.

Afg‘oniston shimoliga “Mansuriy armiyasi” xudkush terrorchilari jo‘natilgani, Tojikiston chegaralarida “Ansorulloh” jangarilari faollashgani to‘g‘risidagi xabarlar tojik hukumati toliblarning Afg‘onistondagi xatti-harakatlarini tanqid qilayotgan bir paytda paydo bo‘lmoqda. Prezident Emomali Rahmon Tolibonning “jabr-zulm bilan tuzilgan” hukumatini tan olmasligini ro‘y-rost bildirgan edi.

Shuningdek, Tojikiston hukumati Afg‘onistonda toliblarga qarshi kurashayotgan yagona kuch bo‘lmish Panjshirdagi Qarshilik jabhasini dastaklashini yashirmaydi. O‘tgan haftada Tojikiston rahbari Panjshir aholisi oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlar, shuningdek, insonparvarlik yordamidan to‘sib qo‘yilganini “xalqaro inson huquqlarining fojiali tarzda buzilishi” deb atagan edi.

Bundan tashqari, Emomali Rahmon Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzilishi va mamlakat aholisining 46 foizdan ortig‘ini tashkil qiluvchi tojiklar, boshqa etnik guruhlar bilan bir qatorda davlat boshqaruvida munosib o‘rnini egallashi lozimligini bir necha marta ta’kidlagan.

Faridun Hodizoda
Faridun Hodizoda

Tojik eksperti Faridun Hodizoda “Ansorulloh” guruhi jangarilari tojik hududiga hujum qilishni ko‘zlayotganini istisno etmaydi. Uning fikricha, toliblar Tojikiston hukumatining tanqidiy munosabatidan xursand emasligi tabiiy, shu bois, katta ehtimol bilan, Dushanbening “popugini pasaytirishga urinishadi”. Ekspert hujum “Ansorulloh” guruhi jangarilari tomonidan, go‘yoki Tolibon harakati rahbarlari iznisiz amalga oshirilishi mumkinligini ham nazardan soqit qilmaydi.

Avvalroq Tolibon rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid “Afg‘onistondan qo‘shni mamlakatlarga hujum qilishda foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Bunga har qanday urinishning oldini olish uchun barcha ishni qilamiz”, deya bayonot bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Zabihulloh Mujohid Ozodlik radiosi tojik xizmatining Afg‘oniston shimolidagi beshta uyezd asosan tojikistonliklardan tuzilgan “Ansorulloh” guruhiga topshirilgani haqidagi savoliga javoban ushbu ma’lumotni o‘zrganishini aytgan edi.

“Xorijliklar bizning nomimizdan ish ko‘rishiga ruxsat bermaymiz. Surishtiruv o‘tkaziladi. Agar safimizda ajnabiy jangarilar borligi aniqlansa, ular mamlakatdan badarg‘a qilinadi”, degan edi Tolibon matbuot kotibi.

Bu surishtiruv o‘tkazildimi va uning yakunlari bo‘yicha biron qaror qabul qilindimi, yo‘qmi – ma’lum emas.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi uzunligi 1400 kilometrdan ortiq. So‘nggi paytlarda Tojikiston Rossiya hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining boshqa a’zolari bilan birgalikda tojik-afg‘on chegara bo‘ylab qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

XS
SM
MD
LG