Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:11

Tojikiston turkiyaliklar uchun viza tartibini joriy qildi


Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi binosi
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi binosi

Tojikiston joriy yilning 20-aprelidan Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini joriy qiladi. Bu haqda Tojikiston TIV vakili Ozodlikning tojik xizmatiga ma’lum qilgan.

“Turkiya fuqarolari Tojikiston vizasini Tojikiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari va konsulliklaridan olishlari mumkin”, deya qayd etgan u.

Turkiyaliklar 2021-yildan buyon Tojikistonda 30 kungacha vizasiz yurish imkoniyatiga ega edilar. Dushanbe rasmiylari Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini kiritish qarorini Anqaraning shu mazmundagi qaroriga javob o‘laroq qabul qilinganini qayd etmoqdalar.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 5-aprel kuni Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qiluvchi farmonni imzolagan edi. Mazkur farmonda Turkiyaga kelayotgan oddiy xorijiy pasportga ega tojikistonliklar uchun vizasiz tartib bekor qilingani aytilgan. Tojikiston fuqarolari uchun Turkiyaga viza bilan kirish tartibi shu yilning 20-aprelidan joriy qilinmoqda.

Turkiyaga ketayotgan tojikistonliklar uchun viza tartibi nima uchun joriy qilingani ochiqlangan emas, biroq Rossiyadagi ko‘plab nashrlar buni Rossiya va Turkiyadagi teraktlar bilan bog‘lamoqdalar. Mazkur teraktlarda gumonlanayotganlar orasida Tojikiston fuqarolari ham bor.

Anqara “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin ikki gumonlanuvchi Turkiyada qisqa muddat yurganidan keyin Istanbuldan Moskvaga uchib borganini bildirgan. 22-mart kuni Moskva viloyatidagi konsert zalida sodir etilgan hujum oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi qurbon bo‘lgan.

Tojikiston fuqarolari 2018-yildan buyon boshqa o‘nlab mamlakatlarning fuqarolari kabi Turkiyaga vizasiz borib, u yerda 90 kungacha yurishlari mumkin edi.

Tojikistondan Turkiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu reyslar Turkiyaning Turkish Airlines va Tojikistonning “Somon Eyr” aviashirkatlari tomonidan amalga oshirib kelinadi. Hafta davomida Tojikistondan Istanbulga oltita uchoq parvoz qiladi. Bu uchoqlar yo‘lovchilarining aksariyatini tadbirkorlar va korchalonlar tashkil qiladi. Istanbul Tojikiston fuqarolari uchun xalqaro yo‘nalishlar bo‘ylab parvozlarda muhim tranzit nuqtasi bo‘lib ham xizmat qiladi.

Tojikiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 350 million dollardan ko‘proqni tashkil qilgan.

XS
SM
MD
LG