Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 14:54

Tojikiston: Xorug‘ aholisi shahardagi vaziyatni “tahlikali” demoqda


2021 - yil 25-28 - noyabr kunlari Xorug‘da to‘rt kunlik norozilik aksiyasi bo‘ldi.
2021 - yil 25-28 - noyabr kunlari Xorug‘da to‘rt kunlik norozilik aksiyasi bo‘ldi.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining Xorug‘dagi manbasi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV) norasmiy liderlaridan biri Mamadbokir Mamadbokirov va unga yaqin olti kishiga huquq-tartibot idoralariga borish uchun bir hafta muhlat berilganini ma’lum qildi. Ular turli jinoyatlarda ayblanmoqda. Mamadbokirov va oltovlon esa biron huquqbuzarlikka qo‘l urishganini inkor etmoqda.

Mahalliy aholi aytishicha, harbiylar Xorug‘dagi Mamadbokirovning uyiga yaqin Dashti Bolo degan joyga o‘rnashmoqchi bo‘lishgan, lekin odamlar bunga yo‘l qo‘yishmagan. Xorug‘ turg‘unlaridan bir nechasi odamlar kechasi bilan Mamadbokirovning uyini qorovullab chiqqanini va ko‘chalarda navbatchilik qilishganini aytdi.

TBMV hukumati matbuot kotibi G‘olib Niyatbekov 6 - fevral kuni Ozodlik muxbiriga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari vaziyatni noto‘g‘ri tasvirlashayotganini iddao qildi.

“Xoruqqa qo‘shimcha askarlar kelgani haqidagi gaplar yolg‘on. Odamlar kechasi bilan ko‘chalarda bo‘lgani yo‘q. Vaziyat tinch, aholi kundalik yumushlari bilan band. Chet elda yurgan ayrim kimsalar har xil uydirmalarni to‘qib chiqarib, el orasiga nifoq solyapti. Viloyatda xalq bilan hukumat ittifoqi ancha yaxshilangan”, deydi u.

Mamadbokir Mamadbokirovning o‘zi 6 - fevral kuni Ozodlik muxbiri qo‘ng‘iroq qilib, izoh so‘raganida “juda bandman, hozir gaplasholmayman”, deb javob berdi.

Mamadbokirovning ismi sir qolishini xohlagan yaqinlaridan biri 5 - fevral kuni xalifalar (Xorug‘ dahalarining ulamolari) Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda bilan uchrashib, muammoni kuch bilan hal qilishga urinish vaziyatni battar chuqurlashtirishini aytishganini ma’lum qildi.

Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi vakili Marius Fossum “Twitter” orqali tojik hukumatiga murojaat qilib, Xorug‘da zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi.

“Xorug‘dan noxush xabarlar kelyapti. Tojikiston hukumati pishib etilayotgan xunrezlik va to‘qnashuvlarning oldini olishi lozim”, deb yozdi Fossum.

2022 - yilning fevral oyi boshlarida Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati prokuraturasi Mamadbokirovga nisbatan Jinoyat kodeksining biryo‘la to‘rt moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Jinoyat ishi TBMV ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Lutfullo Navro‘zov Mamadbokirov uni shafqatsizlarcha kaltaklagani haqida videomurojaat e’lon qilishi ortidan ochilgan.

Mamadbokirovning o‘zi Navro‘zov bilan “otalarcha gaplashib olgan”ini, lekin uni urmaganini aytmoqda.

Huquq-tartibot idoralari shaxsan kelishni talab qilayotgan olti kishi esa o‘tgan yilning 25-28 - noyabr kunlari jinoyatlar sodir etishda ayblanyapti.

2021 - yil 25 - noyabrda Xorug‘ aholisi Rushtqal’a tumani turg‘uni Gulbiddin Ziyobekov kuchishlatar idoralarning maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirilishi ortidan norozilik aksiyalariga chiqqan edi. Minglab odam TBMV hukumati binosi oldida to‘planib, Ziyobekovning o‘limida aybdorlarni topish va jazolashni talab qildi.

Norozilik aksiyalari, 28 - noyabr oqshomida viloyat rahbariyati mitingchilar bilan uchrashib, Ziyobekovning o‘limi sinchkovlik bilan tergov qilinishiga va’da berganidan so‘ng tugatildi.

Norozilar ma’muriyatdan shahardan harbiy blok-postlarni olib tashlash va viloyatda internetni tiklashni ham talab qilishgan edi.

Biroq fuqarolik jamiyatining internet yo‘qligi va Ziyobekov o‘limi bo‘yicha tergov qanday shaklda olib borilayotganiga qarshi norozilik chiqishlari hanuz davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG