Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2022, Тошкент вақти: 19:05

Tojikiston: Xorug‘ voqealari qurbonlari soni 3 kishiga yetdi. Yaradorlar 10 dan ortiq


Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV) markazi bo‘lmish Xorug‘ shahrida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizlikda qurbon bo‘lganlar soni uch kishiga yetdi. Yana o‘nlab odam, jumladan, kuchishlatar idoralarning besh xodimi turli darajada tan jarohati oldi, deya ma’lum qilgan Ozodlikning tojik xizmati manbalari.

26 - noyabr kuni ertalab Xorug‘ shahri va unga yaqin tumanlardan yuzlab kishilar Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati ma’muriyati binosi oldida norozilik aksiyasini davom ettirdi. Meriya binosi yonidagi maydonda tunagan mitingchilar 29 yoshli Gulbiddin Ziyobekovning o‘limiga aybdor shaxslarni qo‘lga olish va jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilishmoqda.

25 - noyabr kuni norozilik aktsiyasi ishtirokchilari Ziyobekovning jasadini viloyat ma’muriyati binosi yoniga keltirishdi.

TBMV rahbarlari bilan norozilar o‘rtasida muzokara olib borilyaptimi, yo‘qmi – ma’lum qilinmagan.

25 - noyabr kuni viloyat ma’muriyati binosi yaqinida mitingchilar va kuchishlatar idoralar xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berib, natijada bir necha kishi jarohat olgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, ulardan ikki nafari viloyat kasalxonasida vafot etgan. 26 - noyabr kuni ertalab Gulnazar Murodbekov o‘lgani ma’lum bo‘ldi – u Gulbiddin Ziyobekovni qo‘lga olish amaliyoti chog‘ida o‘qotar quroldan yaralangan edi. Xorug‘ voqealari chog‘ida nobud bo‘lganlardan uchinchisi To‘tisho Amirshoyevdir.

Viloyat ma’muriy markazidagi tartibsizliklarda davlat xavfsizligi mahalliy boshqarmasining uch xodimi, bir militsioner hamda prokuratura xizmatchisi jiddiy jarohat olgan. Bu haqda MXDQ viloyat boshqarmasi 25 - noyabr oqshomida mahalliy TV orqali bayonot bergan.

Rasmiylar mahalliy aholini “g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan tiyilish”ga chaqirmoqda.

TBMV prokuraturasi bayonotida aytilishicha, Gulbiddin Ziyobekov uyushgan jinoiy guruh a’zolari bo‘lmish hamtovoqlari bilan 2020 - yil 1 - fevral kuni Roshtqal’a tumani prokurori yordamchisi A.Abirzodani garovga olib, ushbu tumanning Anjim va Barjangal qishloqlarida uni 8 soat davomida kaltaklab, qiynagan.

O‘z navbatida roshtqal’aliklardan biri Ozodlik muxbiriga Ziyobekov prokuratura xodimini faqat urganini aytgan. Bunga esa prokuror yordamchisining o‘sha yerlik bir ayolga u bilan jinsiy yaqinlik qilishni taklif etishi sabab bo‘lgan.

Prokuror yordamchisi bir guruh mahalliy yoshlar tomonidan so‘roqqa tutilgani aks etgan video internetda yoyinlangan edi.

“O‘shanda TBMV sobiq rahbari Yodgor Fayzov mojaroni tinchlik bilan hal qilgan edi: prokuror videomurojaat bilan chiqib, Badaxshon ahlidan uzr so‘ragan”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda Xorug‘da internet bloklab qo‘yilgan, hudud bilan aloqa cheklangan.

NOROZILIK MOSKVADA HAM DAVOM ETDI

Tog‘li Badaxshondan chiqqan mehnat migrantlari 25 - noyabr oqshomida Tojikiston kuchishlatar idoralarining Gulbiddin Ziyobekov o‘limiga sabab bo‘lgan maxsus amaliyotidan norozilik belgisi sifatida Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi binosi yonida to‘planishdi.

Rasmiy bayonotda Ziyobekov qarshilik ko‘rsatgani va kuchishlatar xodimlarning javob o‘qidan yaralangani ma’lum qilingan.

Xabar qilinishicha, Moskva politsiyasi elchixona joylashgan ko‘chani to‘sishga va unga yondosh yo‘llarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur bo‘lgan. Qo‘lga olinganlar bo‘yicha biror ma’lumot yo‘q.

Aksiya ishtirokchilaridan biri – Oraz Vazirbekov Ozodlikka tojik diplomatlaridan tayinli javob olmaganini, shu bois norozilik davom etishini aytdi.

“Tojikiston elchisi bilan qariyb ikki soat gaplashdik. Undan xorug‘lik ikki kishining o‘limi aybdorlarini topib, javobgarlikka tortishni, shahardagi barcha blok-postlarni olib tashlab, mobil aloqani tiklashni talab qildik. Talablarimiz bajarilmagan taqdirda norozilikni davom ettiramiz, deb ogohlantirdik”, deydi u.

Ular bugun o‘z talablarini Tojikiston elchixonasiga yozma shaklda topshirishmoqchi.

XS
SM
MD
LG