Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:21

Tojikistonda teraktga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlangan 20 chog‘li odam qo‘lga olindi


Illustrativ surat
Illustrativ surat

Tojikistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari poytaxt Dushanbeda Navro‘z bayrami chog‘ida terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlangan 20 ga yaqin kishini qo‘lga olgan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar tarqatdi.

Avvalroq “Aziya-Plyus” media guruhi va Reuters axborot agentligi o‘z manbalari ma’lumotiga asoslangan holda Moskva viloyatidagi “Krokus” konsert zalida amalga oshirilgan teraktda ayblanayotgan shaxslar bilan aloqadorlikda gumonlangan 9 kishi qo‘lga olingani haqida xabar qilishgandi. Rasmiy idoralar bu masala yuzasidan izoh berayotganlari yo‘q.

Ozodlik tojik xizmatining Tojikiston xavfsizlik organlaridagi manbasi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan qo‘lga olinganlar orasida Vahdat, Rog‘un va Nurek shaharlari turg‘unlari borligini ma’lum qilgan. Bu odamlarning hammasi Navro‘z bayrami arafasida qo‘lga olingan.

Guruh maqsadi qurbonlar soni imkon qadar ko‘proq bo‘lishiga erishish uchun Dushanbeda Navro‘z munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirda terror xurujini amalga oshirish bo‘lgan. Asosiy tantanali marosim 24-mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq olingan ma’lumot tufyli u 25-martga ko‘chirilgan. Terakt rejalanayotgani haqida ma’lumotga ega bo‘lgan MXDQ va IIV maxsus otryadlari xodimlari poytaxtdagi “Mustaqillik maydoni”ni kuzatuv ostiga olganlar. Gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, xavf-xatar chekinganidan keyin tadbir o‘tkazildi”, degan manba.

Unga ko‘ra, ish Bosh prokuratura xodimlari bilan birgalikda MXDQ tergovchilari tomonidan tergov qilinmoqda. Ular qo‘lga olinganlarning “Krokus Siti Xoll”ga hujum qilganlar bilan biror-bir aloqasi bor-yo‘qligini aniqlashmoqda.

Qo‘lga olingan shaxslar yuzasidan tafsilotli ma’lumot yo‘q. Mart oyi oxirida Ozodlikning boshqa bir manbasi qo‘lga olinganlar orasida voyaga yetmaganlar ham borligi haqida ma’lum qilgan edi.

Tojikistonda har yarim yilda o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarida huquq-tartibot idorasi uyushgan jinoiy to‘dalar qo‘lga olingani va terror xurujlarining oldi olingani haqida hisobot berib turadi. Xususan, tashqi ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda shu yil fevralida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2023-yili huquq-tartibot organlari xodimlari 11 ta uyushgan jinoiy guruhni aniqlab, 55 kishini qo‘lga olganini bildirgan. Biroq ko‘pchilik bu kabi ma’lumotni ishonqiramay qabul qiladi, chunki bunday ishlarga oid tafsilotlar hech qachon ochiqlanmaydi.

XS
SM
MD
LG