Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 21:24

“Toliblar bilan urushish o‘zini o‘ldirish bilan barobar”. Tojikistonga qochib o‘tgan afg‘on askarlari hikoyalari


Yaqinda boshpana izlab Tojikistonga qochib o‘tgan bir necha afg‘on askari “Ozodlik”ning tojik xizmatiga Afg‘onistonda qolish va “Tolibon” kuchlari bilan jang qilish ular uchun fojia bilan tugashi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Afg‘oniston shimolida “Tolibon” harakati hujumlari shiddatli tus olgan pallada Muhammad Zohir qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tish – uning uchun yagona najot yo‘li bo‘lishini tushunib yetadi.

Shimoli-sharqdagi Badaxshon viloyatining Xvaxan tumanida joylashgan chegara qo‘shinlari aloqachilar bo‘linmasiga boshchilik qilgan Zohir iyun oyi oxirlaridan buyon boshpana izlab Tojikiston chegarasini kesib o‘tgan yuzlab afg‘on harbiy xizmatchilaridan biridir.

6 - iyul kuni Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Mohib Tojikiston hududiga qochib o‘tgan 2300 chog‘li afg‘on harbiy xizmatchilari yana Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik milliy kuchlariga qo‘shilganini aytgan edi. 7 - iyulda esa Tojikiston xavfsizlik kuchlari “Ozodlik”ning tojik xizmatiga 600 nafarga yaqin afg‘on harbiylari Afg‘onistonga qaytarib yuborilganini ma’lum qildi.

Zohirning aytishicha, toliblarga qarshi urushish – yutib bo‘lmaydigan urush bo‘lgan, chunki mahalliy Xalq qo‘zg‘olonchilari lashkari kuchlarining katta qismi jangarilar tarafiga o‘tib, hukumat kuchlariga qarshi urushga kirishga qaror qilgan. Ko‘ngilli askarlardan tuzilgan Xalq lashkari hukumat harbiylari rahbarligida jang qilib, mamlakatning turli hududlarida xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi.

Zohir jangarilarga qo‘shilgan guruhning qo‘lida ancha-muncha qurol va o‘q-dori bo‘lganini aytadi.

“Xalq qo‘zg‘olonchilari lashkari kuchlari hukumatga qarashli harbiy texnikalarni egallab olib, so‘ng toliblar bilan til biriktirgan. Qarshilik ko‘rsatish uchun bizning ortiq kuchimiz qolmadi va Tojikistonga chekinishga majbur bo‘ldik”, degan Zohir Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbatda.

Boshqa bir afg‘on harbiy xizmatchisi Muhammad Vali, Zohirning gaplarini tasdiqlab, deyarli hech qanday dastaksiz “Tolibon” kuchlari bilan urushish “o‘zini o‘ldirish” bilan barobar bo‘lganini aytadi. Shu bois u va xizmatdoshlari Tojikiston hududiga chekingan emish.

Zohir va Vali “Ozodlik”ning tojik xizmati muxbiri bilan 5 - iyul kuni Ko‘lob shahrida suhbatlashgan edi. Hozirda ular Afg‘onistonga qaytgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Biroq Afg‘onistondagi qurolli harakatlar boshqa askarlarni ham Tojikiston va qo‘shni mamlakatlarga chekinishga majbur etishi mumkin. Xususan, O‘zbekistonga ham ancha-muncha afg‘on harbiylari boshpana izlab qochib borgan edi.

Jadal hujum

Badaxshon mahalliy ma’murlari “Ozodlik” radiosiga mazkur shimoliy viloyatning 28 tumanidan 26 tasi toliblar tomonidan ishg‘ol etilganini ma’lum qildi. Tojikiston rasmiylari esa ikki mamlakat o‘rtasidagi 1357 chaqirim chegaraning 900 chaqirimini “Tolibon” kuchlari nazorat qilayotganini bildirdi.

Bugungi kunda Afg‘onistonning 398 tumanidan yarmidan ko‘prog‘i toliblar nazoratiga o‘tgan – ularning aksari 1 - mayda AQSh va boshqa xalqaro kuchlar o‘z qo‘shinlarini ushbu mamlakatdan olib chiqib ketishni boshlaganidan so‘ng taslim bo‘lgan.

AQSh qo‘shinlarining qariyb to‘liq chiqib ketishi manzarasida jangari ekstremistlarning shiddat bilan olg‘a siljishi Afg‘oniston va unga yondosh mamlakatlarda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Jumladan, qo‘shni davlatlar ularga qochoqlar yopirilishidan va jamiyatda vaziyat beqarorlashuvi ehtimolidan tahlikaga tushgan.

“Qurolli kuchlarning jangsiz chekinishi va Badaxshonning [hukumat kuchlari tomonidan] evakuatsiya qilinishi odamlarda savol va shubhalar tug‘dirdi”, deb yozadi Kobulda chiqadigan “Hashte Sobh” gazetasi.

Nashrning urg‘ulashicha, Badaxshonning ko‘plab tumanlari bir necha kun ichida domino soqqalari kabi birin-ketin qulab, toliblar ixtiyoriga o‘tgan.

Afg‘on qochqinlari joylashgan Tojikistonning Xorug‘ shahridagi lager.
Afg‘on qochqinlari joylashgan Tojikistonning Xorug‘ shahridagi lager.

Afg‘on hukumati tomonidagi ayrim kuchlarning chekinishi, ba’zilarining taslim bo‘lishi manzarasida toliblarning alohida hujumlariga jiddiy qarshilik ko‘rsatilmadi. Afg‘oniston rasmiylari ayrim hollarda hukumat kuchlari taktik chekinish qilganini bildirgan.

8 - iyul kuni toliblar Afg‘onistonning Eron bilan chegarasidagi asosiy nazorat-o‘tish nuqtasini bosib oldiki, bu xorijiy davlatlar qo‘shinlari olib chiqib ketilishidan jur’atlangan qurolli guruhning hukumat nazorati ostidagi tumanlarda erishgan eng so‘nggi jiddiy yutuqlaridan biridir.

Shuningdek, ayrim afg‘on chegarachilari va harbiy xizmatchilari Eron hududiga qochib o‘tgani to‘g‘risida xabarlar bor. Mahalliy ma’muriyat mamlakat g‘arbidagi Hirot viloyatining ikki tumanida hukumat kuchlari tinch aholi jabr ko‘rishi oldini olish maqsadida chekinganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston parlamenti vakilasi Mas’uda Karohiy ba’zi tumanlarda hukumat harbiylari toliblarga qarshi kurashish behuda, deb bilishini aytadi.

“U yerlarda harbiylarga hech bir dastak yo‘q: ularni oziq-ovqat bilan ta’minlashmayapti, zarur shart-sharoit qilib berishmayapti, shu bois ham ular: “Nega endi men bu yerda hech vaqosiz o‘tirganim holda “Tolibon” kuchlari bilan jang qilishim kerak?” deb o‘zlariga savol bermoqda. Darhaqiqat, es-hushli odam bunaqa holatda qurolni tashlab, qochadi”, degan Karohiy “Noor TV” kanaliga bergan intervyusida.

Tumanlar mag‘lubiyati sababi

Ayrim hollarda afg‘on kuchlari toliblarni siqib chiqarishga va tumanlar ustidan nazoratni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Chunonchi, shimoli-g‘arbdagi Badg‘is viloyati markazi Qal’ai Navda mahalliy rasmiylar hukumat kuchlari shaharga kirib olib, hukumatga qarashli bir necha binoni egallab olishga muvaffaq bo‘lgan jangari toliblar guruhini quvib yuborganini “Ozodlik”ning turkman xizmatiga ma’lum qilgan.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Xost xalqaro aeroporti ochilish marosimida¸ 10 - iyul 2021 - yil
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Xost xalqaro aeroporti ochilish marosimida¸ 10 - iyul 2021 - yil

Kobuldagi Urush va tinchlikni o‘rganish instituti asoschisi va bosh direktori Inoyat Najafiyzoda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga Amerika qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi afg‘on askarlarining jangovar ruhiga ta’sir etganini aytadi.

“Samarasi past harbiy boshqaruv hamda mahalliy darajadagi sifatsiz idora uslubi – tumanlar hamda armiya blok-postlari yengilishiga olib kelgan omillarning ayrimlaridir. Shunga qaramay, afg‘on mudofaa va xavfsizlik milliy kuchlari va mahalliy ko‘ngillilar lashkari birgalashib “Tolibon”ga qarshi kurashgan joylarda dushman biron hududni ishg‘ol etish tugul, to‘liq tor-mor etilgan”, deydi u.

Najafiyzodaga ko‘ra, ba’zi tumanlarda, ayniqsa, shimolda “Tolibon” kuchlari hukumat harbiy xizmatchilarini toliblarga bo‘ysunishga va o‘z postlarini tark etishga ko‘ndirishlari uchun urug‘ oqsoqollari bilan hamkorlik qilgan.

U ayrim hollarda bu taktika natija berganini qo‘shimcha qiladi:

“Bu oqsoqollar afg‘on harbiylari yoniga kelib: “Kim bilan urushayotganingizni bilasizmi o‘zi? Ish haqingizni vaqtida to‘lamasalar ham nega odamlarni himoya qilyapsiz?” deb avray boshlashgan.

Shunga qaramay, Najafiyzoda Qo‘shma Shtatlar va NATO harbiy, siyosiy va texnik ko‘mak ko‘rsatishda davom etayotgani sababli afg‘on hukumati tez orada “ahvolini o‘nglab oladi”, deb hisoblaydi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani 8 - iyul kuni mamlakat AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi manzarasida og‘ir ahvolda qolganini tan olgan edi. Ayni chog‘da u hukumat armiyasi “Tolibon” kuchlariga qarshi tura olishiga ishonishini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG