Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

Tolibon tojikistonlik ikki fuqaro ushlanganini ma’lum qildi


Sirojiddin Davlatov va Same’jon Fayzov
Sirojiddin Davlatov va Same’jon Fayzov

Afg‘onistonning Al Mirsaad nashri “Islom davlati” jangarilari ekani taxmin qilingan va Pokistondagi terrorchilarni tayyorlash lageriga yetib olishni rejalagan

ikki nafar tojikistonlik yigitning so‘roq videosini yoyinladi.

Nashr 9-aprel kuni X ( sobiq Twitter) tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali tarqatgan videoda so‘roq qilingan ikki yigit Tojikiston fuqarolari ekanini, Rossiyada bo‘lgan paytlarida ID safiga qo‘shilib, Afg‘onistonga yo‘llanganlarini aytishgan.

“So‘roq chog‘ida qo‘lga olingan ikkovlon Rossiyaning Vladimir viloyatida ishlab yurgan paytlarida Telegram orqali ID safiga jalb qilinganlarini ma’lum qilishdi”, deya qayd etgan nashr.

Yigitlardan biri o‘zini Vose’ tumanidan bo‘lgan 21 yoshli Sirojiddin Davlatov, yana biri esa ko‘loblik 21 yoshli Same’jon Fayzov deya tanishtirgan. Ayni paytda video anchagina tahrir qilingani sezilib turibdi.

So‘roq paytida ular onlayn-kuratorlar o‘zlariga aniq ko‘rsatmalar berganini e’tirof etishgan: ular Turkiya va Eron orqali Afg‘onistonga borishlari, u yerdan esa tayyorgarliklarini tamomlash uchun Pokistonning Belujiston viloyati markazi bo‘lgan Kvettaga o‘tishlari kerak bo‘lganini aytishgan. Nashr Kvettadagi tayyorgarliklari yakunlanganidan keyin ular qator terror xurujlarini sodir etish uchun Eronga ketishlari rejalanganini, biroq Kvetta yo‘lida “ular toliblar tomonidan hibsga olingani”ni qayd etgan.

Aftidan, Tolibon ID bilan ayovsiz kurash olib borilayotganini tashviq qilmoqchi, biroq xabardor manbalar bu ikki guruh tig‘iz hamkorlik qilishda davom etayotganini iddao qilishmoqda.

Videokamera qarshisida so‘zlayotgan ikki yigitning qachon qo‘lga olingani noma’lum, biroq, Al Mirsaad ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ular Tolibon qo‘lida asir sifatida ushlab turilibdi.

Dushanbe rasmiylari va ikki yigitning yaqinlari bu videoga qanday munosabat bildirgani haqida ma’lumot yo‘q.

Tojikiston rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 2014-yildan beri IDning Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi saflariga yuzlab tojikistonlik borib qo‘shilgan, ularning anchaginasi o‘tgan yillar davomida Yaqin Sharqda bo‘lib o‘tgan janglarda o‘ldirilgan, boshqalari esa bedarak yo‘qolgan. Dushanbe qaydicha, tojikistonlik fuqarolarning ko‘pchiligi Rossiyada ishlab yurgan paytlarida “Islom davlati” safiga jalb qilinadi.

XS
SM
MD
LG