Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:44

Toqayev maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashga oid qonunni imzoladi


Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi Olmaotada bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan biri (arxiv surati)
Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi Olmaotada bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan biri (arxiv surati)

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bolalar xavfsizligi va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Qonunda kaltaklash va yengil tan jarohati yetkazish uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Qonunga qo‘shilgan asosiy o‘zgartishlar maishiy zo‘ravonlik kriminalizatsiyasi, bolalarga qarshi zo‘ravonlikning har qanday shakli uchun jazoning kuchaytirilishi hamda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha profilaktik choralarning butun boshli majmuasida aks etadi.

Hujjat bilan kaltaklaganlik uchun taqriban 658 dollargacha jarima tayin qilish yoki 80 soatgacha jamoatchilik ishlariga jalb qilish yoxud 25 sutkagacha hibsga olish shaklida jazo choralari belgilangan. Bungacha mazkur huquqbuzarlik uchun 123 dollargacha jarima solinishi yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi berilar edi. Agar bunday xatti-harakatlar voyaga yetmagan shaxs, xizmat vazifasini o‘tayotgan kishi va u kasbiy yoki ijtimoiy burchini bajayotgan shaxsga nisbatan o‘ta shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, aybdor ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilinish jazosiga tortilishi mumkin.

Bundan tashqari, qonun bilan Qozog‘istonda ilk bor voyaga yetmagan shaxsning internet platformalari doxil turli joylarda ta’qib qilinishiga qarshi ma’muriy javobgarlik joriy qilinmoqda.

Qabul qilingan qonunda pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan o‘zini o‘ldirishga olib borganlik yoki o‘z joniga qasd qilishga undaganlik uchun besh yildan to‘qqiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo chorasi kiritilmoqda. Shu bilan birga, o‘z joniga qasd qilishga tashviq qilganlik uchun 1,5 ming dollardan ko‘proq miqdorda jarima shaklida yangi jinoiy javobgarlik joriy qilinyapti.

Mazkur qonun 28-fevral kuni Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi (majilisi) tomonidan qabul qilinib, 11-aprel kuni senat tomonidan ma’qullangan.

So‘nggi yillarda Qozog‘istonda ayollarga qarshi zo‘ravonlik va oilaviy-maishiy zo‘ravonlik mavzulari eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda, deya qayd etgan Ozodlikning qozoq xizmati. Bunday voqealardan eng shov-shuvlisi Saltanat Nukenovaning o‘limi bo‘lgan. Ayolning o‘limida uning eri, sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayev gumonlanmoqda.

“Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishini eng ko‘p talab qilib kelgan qatlam huquqbonlar va fem-faollar bo‘lgan.

Huquq himoyachilari Qozog‘istonda “barcha darajalarda femitsid” davom etayotganini aytishmoqda. Qayd etilishicha, gender zo‘ravonligi natijasida Qozog‘istonda har yili 400 ga yaqin ayol nobud bo‘ladi, ayni paytda bunga oid ishlarning faqat 40 foizigina sudgacha yetib boradi hamda bunday jinoyatlarning ayrimlarigina keng jamoatchilikka oshkor qilinadi.

XS
SM
MD
LG