Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:07

Toqayev Putinning Ostonaga tashrifida "yaxshilik alomati"ni ko‘rdi


Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev. Ostona, 9-noyabr, 2023
Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev. Ostona, 9-noyabr, 2023

9-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga keldi. Uni aeroportda qozog‘istonlik hamkasbi, prezident Qasim-Jomart Toqayev kutib oldi.

Rossiya prezidentining Ostonaga safari G‘arbning mintaqaga qiziqishi kuchaygan bir pallaga to‘g‘ri keldi.

Putin Ostonaga 9-noyabr kuni erta tongda yetib kelgan – rasmiy matbuotda Toqayev uni aeroportda kutib olgani aks etgan kadrlar e’lon qilindi. Kunning ikkinchi yarmida Oqo‘rda qarorgohida mehmonlarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oq O‘rdadagi tantanali marosimdan so‘ng videoaloqa orqali ikki davlat prezidentlari joriy yilda Qozog‘iston shimolidagi Kostanay shahrida o‘tkazilayotgan 19-mintaqalararo hamkorlik forumini ochib berdi.

Tor doiradagi uchrashuvda Qasim-Jomart Toqayev mehmonlarni qutlar ekan, shunday dedi: “Bugun erta tongda Ostonaga kelganingizda osmonda yorqin yulduzlar hamrohligida yarim oy paydo bo‘ldi – bu kamdan-kam uchraydigan hodisa. Ishonamanki, bu yaxshilik alomati”.

Uchrashuvda Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlari va Ukrainada davom etayotgan urush muhokama qilingan yoki yo‘qligi aniq emas. Jurnalistlar prezidentlar uchrashuvining ochiq qismini alohida xonada o‘rnatilgan monitorlar orqali kuzatishi mumkin edi.

Qozog‘iston va Rossiya hukumatlari a’zolari nutqi “Xabar 24” davlat telekanali orqali namoyish etildi. Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarinning aytishicha, Qozog‘istonning Rossiya bilan savdo aylanmasining uchdan biridan ko‘prog‘i chegara viloyatlarga to‘g‘ri keladi.

Forum ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, u, jumladan, Rossiya kompaniyalari shakar ishlab chiqarish korxonalarini sotib olgani va Qozog‘iston janubida issiqxona majmualarini ochayotganini ta’kidladi.

Rasmiy, shuningdek, Qozog‘istondan Rossiya shaharlariga, xususan, Chelyabinsk va Novosibirskka parvozlarni oshirish bo‘yicha kelishib olinayotganini aytdi.

Ostonadagi uchrashuv Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Qozog‘istonga tashrifidan 10 kun o‘tmay bo‘lib o‘tdi. Reuters ta’kidlaganidek, Makronning tashrifi Moskvaning norozi nigohi bilan kutib olingan. Bloomberg nashri Makronning go‘yoki Markaziy Osiyoni Putindan uzoqlashtirish istagi haqida yozdi.

Noyabr oyi boshida Ostonaga “Putinning do‘sti” Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham tashrif buyurgan edi.

Rossiya prezidentining tashrifi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va AQSH prezidenti Jo Baydenning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari va shu oy oxirida ularning Germaniyaga safari ortidan kuzatilmoqda.

Путиннинг Қозоғистон президенти исмини адаштириши тасодифми ëки...?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

1-noyabr - Fransiya prezidentining Qozog‘istonga tashrifi kuni Sankt-Peterburgdagi sammit doirasida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi rahbari Aleksey Miller bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Unda gazni geologik qidirish, qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish nazarda tutilgan.

Dekabr oyida Yevropaning Rossiya neftiga qo‘ygan embargosidan so‘ng Yevropa neftni qayta ishlash zavodlari uchun Qozog‘iston nefti muqobil manbaga aylandi. Qozog‘iston tabiiy uranning tasdiqlangan zahiralari bo‘yicha ham jahon yetakchilari qatorida – rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, butun tasdiqlangan jahon zahiralarining qariyb 14 foizi Qozog‘istondadir.
Vladimir Putin so‘nggi haftalarda Markaziy Osiyoga ikkinchi bor tashrif buyurmoqda. Oktabr oyida u MDH sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston poytaxtiga borgandi.

Bir necha kun oldin Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari Putinning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Moskvaga borib, u yerda janubga Rossiya gazini yetkazishga start berish marosimida qatnashgan edi.

Putinning tashrifi neft va gaz bilan cheklanmagan.

“Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida Putin “Qozog‘istonda rus tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani” haqida gapirib, qo‘shni ikki davlat qo‘shma ta’lim infratuzilmasini kengaytirish niyatida ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Bu Ukrainaga bosqin boshlangandan beri Putinning Qozog‘istonga birinchi marta tashrif buyurishi emas. O‘tgan yili u 2022-yil sentabrida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida ishtirok etgan edi. Rossiya rahbarining Qozog‘istonga bu galgi tashrifi Xalqaro jinoyat sudi uni hibsga olish uchun order berganidan keyingi birinchi tashrifdir.

OAV Rossiya rahbarining Qozog‘istonga tashrifi kuzda rejalashtirilgani haqida bahorda xabar bergan edi. 17-mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJM) Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani Ukrainaning bosib olingan hududlaridan ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy o‘tkazishda ayblab, hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Qozog‘iston Xalqaro jinoyat sudini tashkil etgan xalqaro shartnoma – Rim statutini imzolamagan, demak sud qarori Qozog‘istonga taalluqli emas.

OzodNazar: Россиядан газ келяптими? Ўзбекистон қишга қандай киряпти?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:44:52 0:00

Qozog‘iston va Rossiya dunyodagi eng uzun quruqlik chegaralariga ega. Respublika qit’adagi eng suv tanqis hududlardan biri sifatida ko‘p jihatdan qo‘shni davlatning suv siyosatiga bog‘liq.

Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga ham qo‘shilgan. Qozog‘iston umumiy savdo aylanmasining deyarli beshdan bir qismi Rossiya chekiga tushgan.

2022-yil yakuniga ko‘ra, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 27 milliard dollarni tashkil etdi, shuning salmoqli qismi (17,9 milliard dollar) importga to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG