Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2021, Тошкент вақти: 22:35

Toshkent markazida ko‘tarilgan qizil bayroq. Bosh prokuratura deputat murojaatini o‘rganmoqda


Rossiya elchixonasi uyushtirgan tadbirda SSSR bayrog‘i ko‘tarildi. Toshkent, 2021, 1 - may.

"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari, Oliy Majlis deputati Alisher Qodirovning 1 - may kuni Toshkentda sobiq Sovet Ittifoqining qizil bayrog‘i ko‘tarilishi yuzasidan murojaati Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.

Bu ma’lumotni Bosh prokuratura vakili 4 - may kuni Ozodlikka tasdiqladi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov uning partiyasi Toshkentning markaziy maydonlaridan birida qizil bayroq ko‘tarilganini “g‘arazli provokatsiya “ va “o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat” deb atab, Bosh prokuratura bu provokatsiyaga tegishli baho berishi lozimligini aytgan.

1 - may kuni Toshkent markazidagi Xalqlar do‘stligi maydonida rossiyalik “Xor Turetskogo” va “Soprano” guruhlarining «G‘alaba qo‘shiqlari» konserti o‘tkazildi.

O‘zbekiston hukumati ruxsat bergan konsert

Rossiyaning MDH, chet davlatlarda yashaydigan rossiyaliklar masalalari hamda xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi – “Rossotrudnichestvo” uyushtirgan konsert chog‘ida SSSR bayrog‘i ko‘tarildi.

“Rossotrudnichestvo” 1 - may kungi bayonotida konsert Rossiyaning qator rasmiy idoralari, shuningdek O‘zbekiston hukumati qo‘llovi bilan uyushtirilgani aytilgan.

Kun.uz sayti o‘zi qo‘lga kiritgan ma’lumotga tayanib, konsertni o‘tkazishga shaxsan bosh vazir Abdulla Aripov rozilik bildirgani, uni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi qator mutasaddilarga topshiriq berganini xabar qildi.

Orni uyg‘otgan Xor

Toshkent markazida o‘tkazilgan konsertda qizil bayroq ko‘tarilgani ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg‘otdi.

Ozodlikka Qashqadaryodan kelgan xat muallifi qizil bayroq o‘ziga "og‘ir botgani"ni yozadi:

Nega biz o‘zbeklar kim tupirib ketsa, o‘shanga katta e’tibor ko‘rsatamiz, nega?

“Tabiatdan juda rashkli, orli fuqaroman. 1 - maydagi holat – Toshkentda qizil bayroq ko‘tarilgani menga juda og‘ir botdi. Nega biz o‘zbeklar kim tupirib ketsa, o‘shanga katta e’tibor ko‘rsatamiz, nega?”

“Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov 2 - may kungi bayonotida “Biz san’atga qarshi emasmiz, san’atni siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz. Taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari va oqko‘ngil ajdodlarimizning qoniga bo‘yalgan bosqinchi sovet davlati bayrog‘ini mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland ko‘tarilishini o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz”, deb yozdi.

"Milliy tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov.
"Milliy tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov.

“Bosh Prokuraturadan bu provokatsiyaga tegishli baho berilishini kutib qolamiz”, deb yakunlagan Alisher Qodirov o‘z bayonotini.

Bosh prokuratura va qizil bayroq masalasi

Bosh prokuraturaning mas’ul xodimi Ozodlikning “1 - may kungi konsert davomida qizil bayroq ko‘tarilganini yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayaptimi?” degan savoliga javoban “Yo‘q. Bu voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotgani yo‘q. Biroq Alisher Qodirovning voqea yuzasidan murojaati Bosh prokuraturaga kelib tushgan, murojaat o‘rganilyapti va rasmiy javob e’lon qilinadi”, dedi.

Bosh prokuraturaning rasmiy sayti va Telegram kanalida hozircha bu xususda ma’lumot yo‘q. Prokuraturaning Telegram kanalidagi eng so‘nggi postlardan birida “ayni kunlarda mamlakat bo‘ylab “Xotira va qadrlash kuni” hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligini nishonlash borasida tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda davom etayotgani” xabar qilingan.

Madaniyat vazirligi qizil bayroqqa e’tibor bermadi

Qizil bayroq ko‘tarilgan konsertning O‘zbekistondagi uyushtiruvchilaridan biri sifatida “Rossotrudnichestvo” 1 - may kungi bayonotida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ham tilga olingan.

Madaniyat vazirligi 3 - may kungi bayonotida konsert uyushtiruvchilariga hamkorlik qilganini tan olib, “faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan”ini bildirdi. Vazirlik o‘z bayonotida qizil bayroq masalasiga to‘xtalmadi.

Qizil bayroqqa qarshi deputatni ruhiy ekspertizadan o‘tkazish talabi yangradi

Ayni paytda tahririyati Toshkentda joylashgan, rus tilidagi sayt "tashabbuschilar guruhi" SSSR bayrog‘ining mustaqil O‘zbekiston poytaxtida ko‘tarilishiga qarshi chiqqan "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovni psixiatrik ekspertizadan o‘tkazishni so‘rab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi nomiga xat tayyorlab qo‘yganini yozdi. Xabarda da’vo qilinishicha, deputatning qizil bayroqqa qarshi chiqishi uning "ruhiy sog‘lom emasligi alomatidir".

Tahlilchi: Rossiyaparastlik kuchaymoqda

Sovet davrida qatag‘on qilingan o‘zbek ziyolilari qoldirgan ilmiy-adabiy merosni o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida harakat qilib kelayotgan faollardan biri, tarixchi Anvar Nazir oxirgi 4 yilda O‘zbekistonda sovet ramzlari qaytayotganiga e’tibor qaratadi.

Bunday yondoshuv keyingi 3 – 4 yil ichida kuchayib ketdi: sovetparastlik, rossiyaparastlik uchun yo‘llar keng ochib qo‘yildi.

“Eng avvalo, konsert bo‘lib o‘tgan kuni koronavirus bilan bog‘liq yangi, keskin cheklovlar kiritilganini yodingizga solmoqchiman. Bas, shunga qaramay, hukumatning o‘zi ko‘pming kishilik kontsert o‘tkazishga hamkorlik qildimi, demak, Rossiya uchun O‘zbekistonda hamma narsa mumkin. Va bunday yondoshuv keyingi 3 – 4 yil ichida kuchayib ketdi: sovetparastlik, rossiyaparastlik uchun yo‘llar keng ochib qo‘yildi”.

Ayni paytda Anvar Nazirning aytishicha, millat tarixi bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishga qator cheklovlar mavjud.

Anvar Nazir O‘zbekistonda rossiyaparastlikning yanada kuchaya boshlaganini Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Oleg Malginovning shaxsi bilan bog‘ladi:

“Bu odam Rossiya propagandasini sobiq ittifoq hududida nazorat qilganlardan biridir. U propaganda uchun javob bergan, bu ishda faol qatnashgan. Oldingi elchi Vladimir Tyurdenev O‘zbekistonda juda uzoq vaqt ishladi. U juda konservativ odam edi. Yangi elchi esa, juda ayyor. Uning oldida O‘zbekistonda Rossiya propagandasini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgani haqida ma’lumotlar bor”.

Rossiya bosh propagandachisi o‘zbek hamkasblariga dars o‘tmoqda

SSSRdan mustaqillikka erishganiga 30 yil to‘ladigan yilda Toshkent markazida SSSR bayrog‘i ko‘tarilgan 1 - maydan ikki kun o‘tib, O‘zbekiston poytaxtiga rossiyalik teleboshlovchi Dmitriy Kiselev keldi.

Davlat nazoratidagi Rossiya telekanallarining bosh targ‘ibotchisi sifatida tanilgan Kiselev Toshkentga 3 - may – Xalqaro matbuot kuni Toshkentda Rossiya OAV vakillari ishtirokida mediaforumda ishtirok etish, O‘zbekistonning davlat va nodavlat telekanallari axborot-tahlil dasturlari boshlovchilari uchun master-klasslar o‘tish uchun kelgani aytildi.

Dmitriy Kiselevning Toshkentga kelganiga e’tibor qaratgan bloger Otabek Bakirov uni "Gebbelsdan ham o‘tadigan propagandachi” deb atadi.

“Forumda yolg‘on va propagandada hatto fashist Gebbelsni ortda qoldiradigan Dmitriy Kiselev ham mahorat darslari bilan ishtirok etishi aytilmoqda. Rossiyaning imperiyacha siyosati, bosqinchiligi, jurnalist va o‘zgacha fikrlovchi faollarning o‘ldirilishi, qamalishi, Putin yetovidagi bandaning cheksiz hokimiyatini oqlab, asoslab berishda Kiselevga teng keladigan hozircha yo‘q”.

XS
SM
MD
LG